O’zbekiston Fransiya munosabatlarida yangi davr boshlandi

23.11.2022, 11:53

O’zbekiston Fransiya munosabatlarida yangi davr boshlandi

Mamlakatimizda ham ichki, ham tashqi sohada oqilona siyosat olib borilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining mamlakatimizda o‘tkazilgan sammiti va do‘stona uchrashuvlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan, xususan, Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro munosabatlarning iliqlashib borayotgani esa O’zbekistonning dunyo miqyosida ochiq va odilona siyosat yuritayotganing yorqin samaralaridir.

Yaqinda davlatimiz rahbarining Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan ushbu mamlakatga tashrifi va unda imzolangan ko‘pqirrali bitimlar hamda kelishuvlardan shu narsani anglash mumkinki, ikkala davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlandi. Albatta, davlatlarning yaqinlashuvi, bir-biriga do‘stona qo‘l uzatishi, har tomonlama o‘zaro sheriklik munosabatlari ikkala davlat manfaatlariga hamda istiqboliga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda men davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Parij shahrida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuviga e’tibor qaratdim. Chunki bu uchrashuvda 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etishdi va ular O’zbekistonda iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgna ishlar bilan qiziqishdi.

Prezidentimiz uchrashuvda O’zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlab, valyuta bozori erkinlashtirilgani, foydani repatriatsiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilingani, banklar, yirik sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi boshlanganini hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinyotgani haqida aytib o‘tdi. Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda aniq choralar amlaga oshirilayotganini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, “yashil” energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sog‘liqni saqlash sohasini uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari o‘z chiqishlarida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi hamda mamlakatimizda qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ko‘plab Yevropa mamlakatlarida xususan Fransiyada yurtimizga investitsiya kiritish istagida bo‘lgan sarmoyadorlar safi kengayib bormoqda. Buning sabablarini esa O’zbekistonda xorijlik investorlar uchun qulay shart-sharoit, imkoniyat yaratib berilgani bilan izohlash o‘rinli. Eng muhimi esa mamlakatimiz tinch va osuda, xalqimiz  o‘z kelajagi hamda istiqbolini nurli bo‘lishi yo‘lida astoydil intilmoqda. Bu dunyo mamlakatlarining O’zbekistonga bo‘lgan munosabatini yanada yuksaltirmoqda.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+