Aholi bandligini ta’minlashning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi

16.12.2022, 16:58

Aholi bandligini ta’minlashning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi

Odamlarni, ayniqsa ishsiz yoshlarni, ayollarni ish bilan ta’minlash, mehnat qilish orqali daromad olishiga sharoit yaratish davlatimiz rahbarining "Inson qadri uchun" amalga oshirilayotgan islohotlarning, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

Shu yilning 15 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida asosan shu masalalar muhokama qilindi. Unda aytilganidek, yil boshidan tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli bo‘ldi. Oilalarga dehqonchilik uchun tarqatilgan 100 ming gektar yerlarda, 1 million 200 ming aholi doimiy va mavsumiy band bo‘ldi.

Hududlarda korxonalar 85 mingtaga ko‘payib, ularning soni 550 mingtaga yetdi. Buning hisobiga 2022 yilda daromad solig‘i to‘layotgan rasmiy band bo‘lganlar soni 400 mingtaga oshdi.

Davlatimiz rahbari ushbu qilingan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hali ko‘p qilinishi lozim bo‘lgan qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Xo‘sh, aholi bandligini ta’minlashning eng muhim yo‘nalishlari nimadan iborat.

Birinchi yo‘nalish – kelasi yili paxta va g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektar yerni qo‘lidan ish keladigan, dehqonchilikni biladigan odamlarga berish, kamida 600 ming aholini doimiy va 900 ming aholini mavsumiy daromad olishi ta’minlanadi.

8 trillion so‘mlik 600 dan ziyod saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun sanoatda ish o‘rinlari yaratiladi.

Endilikda yetishtirilgan pilla aholidan jahon birjalaridan kam bo‘lmagan narxda xarid qilinadi. Bu kamida 500 ming aholini band qilib, ularning daromadini 2-3 baravar oshirish imkonini beradi.

Ikkinchi yo‘nalish doirasida ishsizlik og‘ir bo‘lgan 1 mingta mahalla uchun 300 ta mikro-markaz tashkil etib, ularga tadbirkorlik uchun imkoniyat yaratib beriladi.  Tuman va shaharlarning 255 ta markaziy ko‘chasi hamda 274 ta mahalladagi savdo-xizmat ko‘chalari to‘liq ishga tushishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari 1 aprelga qadar 60 mingta ko‘chma savdo shoxobchalari uchun yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali kelasi yili kamida 200 ming aholi uchun daromadli ish o‘rni yaratish shartligi aytildi.

Uchinchi yo‘nalish – 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyihani ishga tushirish hisobiga, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, sanoat zonalarida 16 trillion so‘mlik 1 ming 300 ta loyihani ishga tushirish muhimdir.

Bu borada Investitsiya va tashqi savdo vazirligi investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.

To‘rtinchi yo‘nalish – Yangi O’zbekiston massivlari, ipoteka dasturi doirasida va xususiy sektor bilan kelasi yili 90 mingta xonadonli uy-joylar qurish shartligi qayd etdi.

Unga ko‘ra kelasi yili har bir viloyat hokimi 5-10 ming xonadonli uy-joy qurish rejasini qilib, buning uchun bir oy muddatda yer uchastkalarini auksionga chiqarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish bo‘yicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, kelgusi yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash borasida aniq topshiriq berildi. Bunda, ularga mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratib beriladigan bo‘ldi.

Umuman olganda, mamlakatimizda sanoat tarmoqlaridan tortib qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, kichik biznes sub’ektlari, qurilish sohalariga imtiyozlar berish va shu orqali aholining bandligini ta’minlashga erishish bosh maqsad qilib olinmoqda. Bu esa xalqimizning bugungi islohotlarga bo‘lgan ishonchini yanada ortishiga, eng muhimi "Inson qadri uchun" amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    271
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+