O’zbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyib bormoqda

19.01.2023, 10:54

O’zbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyib bormoqda

Singapur dunyoda eng rivojlangan mamlakatlar qatorida tilga olinmoqda. Bu mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlar o‘zining ijobiy samaralarini bera boshladi. Ayniqsa ta’lim sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar dunyo miqyosida e’tirof etilmoqda. Singapurda innavatsiya va texnologiyalar sohasidagi muyayyan yutuqlar havas qilsa arzigulikdir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning 2023 yildagi ilk tashrifi Singapur davlatiga amalga oshirilgani ham bu mamlakat bilan aloqalar yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa meni Prezidentimizning jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurgani juda quvontirdi. Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy mo‘‘jizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida magistratura dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan.

Ma’lumki, Singapur erishgan iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarda chuqur o‘ylangan kadrlar siyosati, malakali, mas’uliyatni his etgan va halol rahbar kadrlarni tayyorlashga ustuvor e’tibor muhim o‘rin tutgan. Mamlakatimiz yetakchisi ham o‘z faoliyatining boshidanoq ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratib keladi. Shu ma’noda, Singapurning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi tajribasini o‘rganish va qo‘llash katta ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari maktab faoliyati bilan batafsil tanishib, o‘quv muassasasi rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. O’zbekiston Prezidenti huzurida O’zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolash marosimi bo‘ldi.

Albatta, Singapur kompaniyalarining O’zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va to‘qimachilik, “yashil” iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga harakat qilayotgani quvonarli hol.

Shu jihatdan olganda Prezident Shavkat Mirziyoyev singapurlik ishbilarmonlarni o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va iqtisodiyotimizga faol investitsiya kiritishga chaqirdi. Singapurlik ishbilarmonlar O’zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi, mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan aniq loyihalarini taqdimot qildi.

Shu narsani alohida e’tirof etishni istar edimki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ko‘plab mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlayotgani biz barpo qilayotgan Yangi O’zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, dunyoda o‘z iqtisodiyoti va ta’limdagi yutuqlari bilan ulkan natijalarni qayd etayotgan Singapur davlati bilan munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi bu boradagi muhim qadamlardan biridir.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasideputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    658
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+