O’zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanadi

30.01.2023, 11:57

O’zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanadi

Hududiy qo‘shnichilik aloqalarining ko‘p asrlik tarixi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini anglashga asoslangan umumiy madaniy va ma’naviy munosabatlar va sheriklik o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, dunyoning mashhur adiblaridan biri, ko‘zga ko‘ringan jamoat arbobi Chingiz Aytmatov “men uchun qirg‘izlar va o‘zbeklar bitta xalq, bu mening xalqim” degan edi.  

Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy tamoyillari – bu mustaqillik va davlatlarimiz suverenitetini o‘zaro hurmat qilish, tenglik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, ham davlat, ham xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar darajasida ikkala davlatning o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklik aloqalarini o‘rnatishga intilishidir. 

Shuni aytish joizki, O’zbekiston yaqin qo‘shni davlat sifatida Qirg‘iziston Respublikasining barqaror rivojlanishi, mamlakatda siyosiy barqarorlik hukm surishi, uning mavqesi ko‘tarilishi va xalqaro maydondagi joyini mustahkamlashidan manfaatdor. Masalan, hozirgi kunda Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan juda mamnun.  

Prezidentlik davrining birinchi yilidayoq Qirg‘iziston bilan 6 marta oliy darajadagi uchrashuvlarni o‘tkazgan Shavkat Mirziyoyevning Prezident saylovlaridagi g‘alabasi Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga yangi kuchli turtki bo‘ldi. 

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. So‘nggi muvaffaqiyatlardan o‘zbek-qirg‘iz chegarasi delimitatsiyasini ajratib ko‘rsatish lozimki, bu haqiqiy tom ma’noda tarixiy voqe’lik bo‘ldi. 

O’zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar amaliy hamkorlikni kengaytirib borayotgan yangi o‘sish nuqtalari doirasida tobora rivojlanib bormoqda.  

Bularning barchasi tizimli va intensiv tabiatga ega bo‘lgan oliy darajadagi aloqalar davomida ayon bo‘lmoqda. Bular O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida Bishkek shahrida 2023 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida ham o‘z ifodasini topdi. 

Shunisi muhimki, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Deklaratsiya imzolandi va u ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklikning sifat jihatdan yangi bosqichiga olib chiqadi. 

Transport va logistika sohasidagi o‘zaro sa’y-harakatlar ham strategik jihatdan muhim ekanligi belgilandi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O’zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, “Andijon-O’sh-Irkeshtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini imkoni boricha keng ishga solish, shu maqsadda qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Muzokaralarda energetika sohasida ham xamkorlik qilishga ham alohida urg‘u berildi. Gidroenergetika, shu jumladan, Qambarota GES-1 ni qurish bo‘yicha o‘zaro sa’y –harakatlarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.  

Ikki davlat rahbari shuningdek, mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamda xalqaro maydonda hamkorlik qilish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, xozirgi kun tahdid va ziddiyatlariga samarali qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga bo‘lgan intilishlar tasdiqlandi.  

Ta’kidlanganidek, oliy darajadagi muzokaralar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shadi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi yetti barobarga ortdi. Masalan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar aylanmasi 1,3 dollarga yetdi va 300 dan ortiq qo‘shma korxonalar barpo etildi. Ushbu ijobiy an’anani davom ettirish uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, agrokooperatsiya dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan, ikki davlat viloyatlari o‘rtasidagi sheriklik va bevosita aloqalarni kengaytirish orqali intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish juda muhimdir.

O’zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha yaxshi tajribaga ega. Faqat Bishkekda bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasida 1,6 milliard dollarlik bitimlar paketi imzolandi. Milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon mahsulotlari bilan uchinchi davlatlardan keltirilayotgan mahsulotlar o‘rnini to‘ldirish masalalari ham ustuvorlik kasb etadi. 

Fikrimizcha, mamlakatlarimiz tadbirkorlari o‘zaro savdo xajmlarini kengaytirish va nomenklaturasini ko‘paytirish kabi muhim masalani hal qilish uchun zarur bo‘lgan salohiyatga ega. Qo‘shimcha qilish mumkinki, chegaraoldi xududlarida o‘tkazish punklarini modernizatsiya qilish va sonini oshirish, tez aynib qoladigan mahsulotlarni yetkazish uchun “yashil yo‘laklar”ning mavjud bo‘lishi, savdo-logistika xablari tizimini shakllantirish va shu kabilar bo‘yicha ishlarni davom ettirish va jadallashtirish muhim ahamiyatga ega. Bu holda O’zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro savdo sohasida yanada integratsiyalanadi va bunda ikkala davlat ham o‘sib borayotgan savdo munosabatlaridan foyda oladi.   

Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan tashrif O’zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro harakatning barcha sohalarida ishonchli va ochiq muloqotni davom ettirish uchun siyosiy irodaga ega ekanligini va keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga o‘z kuchlarini yo‘naltirmoqchiligini yana bir bor namoyish qildi. 

Tomonlar muzokaralar davomida ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish ustida birgalikda ishlashning qat’iy tarafdori va bunga tayyor ekanliklarini bildirdi.  

Aktam Xaitov, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    198
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+