Voha taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari belgilab olindi

25.02.2023, 17:29

Voha taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari belgilab olindi

Prezidentimiz ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ta’lim muassasalari, mahallalar hayoti, tadbirkorlik sube’ktlari va sanoat korxonalari faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

Shu kuni vohadagi 6 ta yangi korxona o‘z faoliyatini boshladi. Endilikda Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasida yuzlab yigit-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Prezidentimiz tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish uchun viloyatda energiya ta’minotini yaxshilash zarurligi haqida to‘xtaldi.

Quyosh va shamol energiyasidan samarali foydalanish borasida amaliy takliflar bildirildi. O’z uyida quyosh batareyasi o‘rnatgan fuqaro xonadonini elektr nuri bilan ta’minlash bilan birga, ortiqchasini davlatga sotish orqali daromad topishi mumkin. Shamol qurilmalarini cho‘llarda va tog‘ etaklari yoki elektr energiya simlari yetib bormaydigan xududlarda o‘rnatish, elektroenergiyadan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirib, ko‘pgina ishlab chiqarish sohalari, ayniqsa, chorvachilikda foydalanishda juda qo‘l kelishi aytib o‘tildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi besh yilda viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun 10 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. O’z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar soni 2,5 baravar ortishi barobarida qo‘shimcha 325 ming nafar aholining doimiy bandligi ta’minlangan. Sanoati rivojlanmagan 8 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, ularning viloyatdagi ulushi 36 foizga yetgan. Joriy yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari vohaga bu yil ham juda katta investitsiya ajratilishini aytib o‘tdi. Bundan asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini oshirishdan iborat. Tuman, shaharlardagi sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyiha amalga oshirilib, 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish borasida mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Joylardagi “o‘sish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yangi ish o‘rinlari yaratishga yaqindan yordam beradi. Bu esa xalqni hayotdan rozi qilish, ma’murligini oshirish faoliyatimizninig asosiy mezoniga aylanishi kerakligini ta’kidladilar.

Joylarda bo‘lib o‘tgan muloqotlarda yurtboshimiz aholi bandligini ta’minlashda kasanachilikdan samarali foydalanish zarurligini alohida aytib o‘tdilar. Viloyatdagi 80 ta mahallada 6 ming ziyod aholi kasanachilik bilan shug‘ullanadi. Prezidentimizning imzolagan qarori endilikda ular uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan, tadbirkorlarga har bir jalb qilingan kasanachi uchun, 2 million so‘mgacha imtiyozli revolver kredit va 1 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Kasanachi o‘zini o‘zi band qilsa, soliq to‘lamasdan ham faoliyat olib borishi mumkin. Kasanachilikka jalb qilingan ehtiyojmand fuqaro 6 oy davomida ijtimoiy nafaqa olishi mumkin. Asbob-uskuna va xomashyo sotib olishga 9 million so‘mgacha subsidiya beriladi. Kasanachilarni jalb qilgan tadbirkor va klasterlar uchun foyda va aylanma solig‘i, davlat mulki ijarasi 2 baravar kamayadi. Bu imtiyozlar vohadagi 150 ta mahalladagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishda qo‘l kelishi aytib o‘tildi.

Mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar kuchidan samarali foydadanish borasida tavsiyalar berildi. Dehqonobod, Yakkabog‘, Shahrisabz va Nishon tumanlarida suv ta’minotini yaxshilash orqali o‘n ming nafar aholini dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyati yaratiladi. Mirishkordagi 5 ming gektarli tabiiy ko‘lda baliq yetishtirishni ko‘paytirish aholi dasturxoni to‘kisligiga xizmat qiladi.

Partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar uchun shart-sharoit yaratish, yangi-yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda hukumat idoralari va hokimliklar faol hamkorlik qilish dasturiy maqsadlarimizdan o‘rin olgan.

Deputatlarimiz va faollarimiz viloyatda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqdalar.
Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar aholi farovonligini oshirish, turmush tarzini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimizning tashrifi chog‘ida bildirgan yangi-yangi g‘oyalari, tashabbuslarini amalga oshirish, voha iqtisodiy taraqqiyotini yanada rivojlantirish, barqarorlikni ta’minlash barobarida xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    325
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+