Surxondaryo kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylanadi

14.03.2023, 16:10

Surxondaryo kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylanadi

Iqlimi dehqonchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirishga qulay, xalqi mehnatkash, ishni ko‘zini biladigan, tadbirkor, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari yil sayin ko‘payib borayotgan bu vohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlarning ijobiy samaralari yaqqol sezilib turibdi. Janub quyoshiday mehri issiq, mehmondo‘st surxondaryoliklar bilan suhbatlashganingizda ularning hayotidan rozi ekani, yurt istiqbolidan shukronlik hissini tuyayotgani  beixtiyor sizning qalbingizga ham ko‘chadi.

Aslida xalqning hayotidan roziligi ularning peshona teri bilan yaratgan moddiy ne’matlari bilan belgilanadi. Ishlagan, ishdan qochmagan va ishtiyoqi baland kishilar islohotlarning oldingi saflarida bo‘lishadi. Surxondaryoliklar  bunday hayotbaxsh yangilanishlar haqida yaqinda shu vohaga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zidan eshitishdi, maroqli suhbatlarda ularning mehnatiga berilgan yuksak e’tirofni chuqur his qilishdi.

Prezident e’tirof etganidek, oxirgi besh yilda viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Yangi qurilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro gidro elektr stansiyalarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda. E’tiborlisi, 257 ta maktab qurilgan va rekonstruksiya qilingan, bog‘chalar qamrovi 18 foizdan 62 foizga yetgan. 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlangan.

Surxonadaryoda o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilandi. Mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilik orqali 60 mingdan ziyod aholini, yangi biznes sub’ektlari tashkil qilish orqali 4 ming aholini, ishsizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitib 20 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi. Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda so‘nggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar ko‘paytirilgan. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilmoqda. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta’minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni 250 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Oxirgi besh yilda viloyat sanoatiga 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 5 mingdan ziyod korxona tashkil topgan. Ishlab chiqarish 3 baravar ko‘payib, sanoat eksporti 132 million dollarga yetgan. Surxondaryoda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar ko‘p. Joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidro elektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda shu yilning o‘zida 350 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sherobod tumanida 457 Megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha rejalar aytib o‘tildi. Umuman olganda, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 465 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Eng muhim jihat shuki, bu vazifalar amalga oshirilsa, 325 ming aholi daromadli mehnat bilan ta’minlanib, Surxondaryo kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylanadi. Bu haqda davlatimiz rahbari fikr yuritib, hokimlar halq bilan birgalikda ishlab, ularning muammolari, orzu o‘ylari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlasa, albatta, maqsadimizga yetishimiz muqarrar, dedi. Men aminmanki, yaxshi yashashga, farovon turmush kechirishga surxondaryoliklar haqli. Chunki ularda bunga imkoniyat, qobiliyat, zehn va bilim, qolaversa ishtiyoq va intilish juda kuchli. Zotan, ishtiyoqi zo‘r, intilishi yuksak xalqning istiqboli porloqdir.

      Hazratqul Xo‘jamqulov,

      Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    227
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+