Partiya Saylovoldi Dasturi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – 
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining
IX S’ezdida (2019 yil 5 noyabr kuni) tasdiqlangan

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar  harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturi (platformasi)

Yangi, qudratli, ochiq va raqobatbardosh O‘zbekiston

Maqsadimiz aniq va unga erishish yo‘llarini bilamiz!

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu – mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning partiyaning VIII s’ezdida qabul qilingan saylovoldi dasturi hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuchdir. Ushbu maqsad yo‘lida biz barcha imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz.

Partiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, or-nomusi, ehtiyojlari va manfaatlariga qaratilganini alohida e’tirof etadi. Eng muhimi, biz bugun xalqimiz va davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati, hayotning barcha jabhalarini erkinlashtirish, Harakatlar strategiyasida belgilangan olijanob maqsadlarga erishish g‘oyalari atrofida jipslashayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.

Rivojlanishning ushbu bosqichida jamiyat va davlat hayotida erishilgan marralar va yutuqlarni e’tirof etgan holda partiya o‘z oldiga quyidagi aniq vazifalarni qo‘yadi:

– dunyoning 50 ta rivojlangan, iqtisodiyoti barqaror o‘sayotgan va inson kapitali yuqori bo‘lgan, demokratik davlatlari qatoriga O‘zbekistonning kirishini ta’minlash;

dunyoning aksariyat mamlakatlari “To‘rtinchi sanoat inqilobi” arafasida turgan bir paytda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatning innovatsion rivojlanish yo‘lidan jadal harakatlanishi, “bilimlar iqtisodiyoti” hamda “raqamli iqtisodiyot”, “axborot jamiyati” shakllantirilishiga erishish;

O‘zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash;

– O‘zbekistonni urbanizatsiya ko‘rsatkichi 60 foizga yetgan, zamonaviy shaharlar, megapolislarga ega, yangi texnologiyalar yordamida butun mamlakat bo‘ylab turmushning bir xil yuqori darajasi ta’minlagan, erkin va baxtli odamlar yashaydigan qudratli va salohiyatli davlatga aylantirish.

Ushbu maqsadlarga liberal-demokratiya tamoyillari, shuningdek, “Jadal yangilanishdan – jamiyat taraqqiyoti va gullab-yashnashi tomon”, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, “Monopoliyaning hech qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik va raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, shaxsiy mulkni hurmat qilish” kabi tamoyillar amalga oshirilgan ochiq va kuchli fuqarolik jamiyati, konstitutsiyaviy parlament demokratiyasi, erkin bozor iqtisodiyoti sharoitidagina erishish mumkin. Partiyamizning bosh qadriyatlarierkinlik, mas’uliyat, halollik, adolatlilik, bag‘rikenglik va imkoniyatlar tengligi biz uchun dasturilamal bo‘lib qolaveradi.

Biz bugun mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yuqori fuqarolik mas’uliyati va zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlar kirib kelayotganini alohida e’tirof etamiz. Partiya xalqning farovonligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor, yangi, raqobatbardosh va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq mamlakatni barpo etish, uning barqaror rivojlanishini ta’minlash vazifalarini hal qilishga qodir, kelajagi porloq, ahil jamoaga tayanadi.

Biz ularga to‘la ishonamiz, bo‘lajak saylovlarda eng munosiblarining nomzodlarini ilgari suramiz, bor kuchimizni islohotlarning natijasi har bir inson va uning oilasi hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va bu ta’sirni ular bugungi kundayoq sezishiga yo‘naltiramiz.

 I.YANGI O‘ZBEKISTON – YANGICHA BOSHQARUV

Shaxs, biznes va xususiy sektorning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan professional parlament

Biz uchun yangi O‘zbekiston – kuchli parlamentarizm instituti faoliyat ko‘rsatayotgan va “Inson davlat uchun emas, davlat inson uchun” tamoyili amal qilayotgan mamlakatdir.

Partiyaning bu boradagi ustuvor vazifalari quyidagilardan iborat:

– parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalarning rolini oshirish, xalq hokimiyatini yanada kuchaytirish. Biz parlament saylovlarida g‘alaba qozongan partiya nafaqat Bosh vazir nomzodini, balki parlament quyi palatasi Spikeri nomzodi, Hukumat tarkibini taklif etishi, saylovlarning proporsional tizimiga o‘tish, hokimiyat organlarining hisobdorligini va ochiqligini ta’minlash maqsadida jamoat va parlament nazorati to‘g‘risidagi qonunlarni zamon talablaridan kelib chiqib takomillashtirish kabi g‘oyalar tarafdorimiz;

– qonun ijodkorligi borasidagi faoliyat sifatini tubdan oshirish, qonunchilik bazasini tizimlashtirish va qonunosti hujjatlari sonini keskin qisqartirish, qonun ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo‘llash. Partiyaning qat’iy pozitsiyasi – bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita ishlaydigan qonunlar kerak va qonunosti hujjatlari bilan umummajburiy normalar belgilashni to‘xtatish zarur;

– “qonunning yagona manbai va muallifi xalq ekan, qonunlar inson va jamiyat hayotini yaxshilash, erkinlashtirish uchun qabul qilinadi”, degan olijanob g‘oyani hayotga joriy etish. Partiya normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonida keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash hamda jamoat tashkilotlarining bu boradagi huquq va majburiyatlarini aniq belgilab qo‘yish maqsadida “Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni taklif etadi;

– xalq deputatlari kengashlari faoliyatini takomillashtirish, ularning vakolatlarini kengaytirish, eng muhimi, mazkur tuzilmalarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, real daromadlarning barqaror o‘sishi, turmush darajasi va sifatini oshirish, mahalliy budjetni shakllantirish hamda nazorat qilish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish. Biz xalq vakillik organlarining fuqarolar uchun ochiqligini ta’minlash, “Elektron parlament” va “Elektron xalq deputatlari kengashi” kabi konsepsiyalarni hayotga izchil tatbiq etish tarafdorimiz.

Davlat boshqaruvining samarali va barqaror tizimi

Maqsadimiz – dunyoning davlat boshqaruvi sifati yuqori darajaga ega, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan 30 ta davlati qatoriga O‘zbekistonning kirishiga erishish. Bizning qat’iy pozitsiyamiz: davlat xizmati  bu – fuqarolarning professional xizmat faoliyati. Davlat xizmatida o‘z kasbining ustalari ishlashi shart. Bu – davlat boshqaruvi tizimining samarali va sifatli faoliyat yuritishi, jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash garovidir!

Sohadagi ustuvor vazifalarimiz quyidagilarni nazarda tutadi:

– menejmentning zamonaviy usullarini va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish, autsorsing dasturlarini amalga oshirish. Biz davlat xizmatiga zamonaviy fikrlaydigan, yangicha tafakkurga ega, boshqaruvning innovatsion, yanada moslashuvchan modellarini, jumladan, loyiha modelini (Agile, Scrum, Kanban, PRINCE2 va boshqalar) ishlab chiqish va joriy etishga layoqatli yetuk mutaxassislar, siyosiy partiyalar, xususiy sektor vakillarini, kuchli xorijiy ekspertlarni jalb qilishni ko‘zda tutuvchi yangi kadrlar siyosatini amalga oshirish tarafdorimiz. Partiya “Davlat xizmati to‘g‘risida”, shuningdek,  davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga volontyorlar (ko‘ngillilar)ni keng jalb etish, ularni kasbga yo‘naltirish borasida “Volontyorlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etadi;

– ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qoidalarining to‘liq va samarali amalga oshirilishi, hukumat, davlat institutlari hamda joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatining barqarorligi va samaradorligi, davlat xizmatlarining sifati va tezkorligini ta’minlash. Partiya, xususan, barcha davlat xizmatlarini BPR (Business process reengineering – biznes jarayonini qayta tashkil etish) tizimi asosida soddalashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishga zamonaviy axborot tizimlarini keng joriy etish, “bir oyna” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini kengaytirish;

– O‘zbekistonning izchil innovatsion va texnologik rivojlanishini ta’minlash maqsadida ushbu sohaning boshqaruv tizimini takomillashtirish g‘oyasini ilgari suramiz. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish, budjet mablag‘lari tasarruf qilinishining shaffofligi, davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi va maqsadliligi kabi muhim ko‘rsatkichlar asosida baholaymiz.

Yangi O‘zbekiston: “raqamli” va axborot jamiyatiga ega mamlakat

Partiya hozirgi axborot jamiyati shakllanishi sharoitida, axborot va bilimlar taraqqiyotning strategik omiliga aylangan bir davrda mamlakat rivojlanishi va uning raqobatbardoshligini ta’minlash zamonaviy axborot-kommunikatsiya va “raqamli” texnologiyalar jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga qanchalik joriy etilgani bilan bog‘liq deb biladi. Ushbu yo‘nalishda biz quyidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qilamiz:

– “Raqamli O‘zbekiston 2030” dasturini joriy etish, “katta ma’lumotlar” (“Big data”), “blokcheyn”, “aqlli”, “xavfsiz” shahar, “internet buyumlar” texnologiyalarini keng joriy qilish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish. Ushbu asosda mamlakat YaIMning 30 foizga o‘sishi hamda yurtimizning “raqamli iqtisodiyotga tayyorlik” va “AKT rivojlanishi” xalqaro indekslari bo‘yicha ilg‘or davlatlar qatoriga kirishini ta’minlash;

– mamlakatdagi barcha aholi punktlari va ta’lim muassasalariga zamonaviy optik tolali internet aloqa tizimini olib kirish va internet xizmatlari narxini pasaytirish, tashqi internet kanallari orqali internet trafiklari sotib olish va mamlakatga tarqatish bo‘yicha monopollashuvga yo‘l qo‘ymaslik;

– aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasida o‘zaro samarali muloqotni shakllantirish, ortiqcha sansalorlik va byurokratizmning oldini olishga qaratilgan “Elektron hukumat” konsepsiyasini izchil amalga oshirish;

– davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining axborot resurslari va texnologiyalarini yanada taraqqiy ettirish, sohada davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini rivojlantirish. Xususan, davlat kadastri ishlarini yuritishning to‘liq raqamlashtirilishini ta’minlash va mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomilini soddalashtirish. 

Axborot sohasi liberallashuvi – jamiyat taraqqiyoti garovi

Partiyaning eng muhim vazifasi OAVni tom ma’nodagi “to‘rtinchi hokimiyat”ga, aholi ehtiyojlarini hokimiyat organlariga yetkazishning ta’sirchan vositasi, xalq yordamchisiga, demokratiya ko‘zgusiga aylantirishdan iboratdir. Davlat organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklarni, dolzarb muammolarni aniqlash va yoritish OAV faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lib qolishi lozim.

Bu borada biz mamlakatimizning global axborot makoniga uyg‘un kirib borishi va integratsiyalashuvi, xalqaro axborot almashinuvi sohasida mavqeini mustahkamlash, axborot makonidagi bozor munosabatlari va adolatli raqobatni rivojlantirish, raqobatbardosh nodavlat media-guruhlarning vujudga kelishi va milliy jurnalistika institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etamiz.

Kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatiga ega yangi O‘zbekiston

Millatning gullab-yashnashiga faqat kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etilgan sharoitdagina erishish mumkin. Bunda barcha qarorlarni qabul qilishda fuqarolar va ularning birlashmalari fikrlari inobatga olinadi.

Ayni paytda partiya ijtimoiy sheriklik va jamoat nazorati institutlarining izchil kuchaytirilishi, boshqaruv funksiyalarining aksariyatini xalqning o‘ziga, jamoat birlashmalariga, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga berilishi tarafdoridir. Partiya sohaga oid milliy qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotining chuqur tahlili va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida quyidagilarni taklif etadi:

– nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksni qabul qilish hamda xalqaro amaliyotda keng tarqalgan jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllarini joriy etish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini qonunda batafsil belgilab qo‘yish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish;

– mamlakatda fuqarolik jamiyati rivojlanishini, jamiyat institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish hamda kelgusi besh yillikda mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish konsepsiyasini qabul qilish.

Partiya jamiyatda adolat tantanasi tamoyili amalga oshirilishini ta’minlovchi fuqarolik institutlarining keng tarmog‘i shakllantirilishi tarafdoridir. Biz davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘ta muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, yangi innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish choralarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifamiz – fuqarolik jamiyati institutlarining hayotiy muhim muammolarni hal qilish, mulkdorlar sinfi manfaatlarini himoyalash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish.

O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini har tomonlama yaxshilash – to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiyani amalga oshirishning asosiy yo‘lidir. Biz jamoat boshqaruvida mahalla faoliyati ahamiyati va samaradorligini oshirish, uni xalqqa amaliy yordam ko‘rsatuvchi mustaqil, kuchli va ta’sirchan fuqarolik institutiga aylantirish tarafdorimiz.

II. INSON HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA QONUNIY MANFAATLARI TA’MINLANGAN HUQUQIY DAVLAT

Yangi O‘zbekiston – qonun va adolat ustuvorligi tamoyillari amal qiladigan mamlakat

Ustuvor vazifalarimizdan biri – dunyodagi “qonun ustuvorligi indeksi” yuqori darajada bo‘lgan 30 ta davlat qatoriga O‘zbekistonning kirishini ta’minlash va aholining adolatli sudlovga ishonchini oshirish. Insonning fundamental huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlov holatini tubdan yaxshilash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish.

Mustaqil va adolatli sud hokimiyatiga ishonchni mustahkamlaymiz!

Biz sudga bo‘lgan ishonch va hurmatni yuksaltiramiz. Biz uchun sud faoliyati va mustaqilligining eng muhim mezoni – fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalangani, adolatli sudlov ta’minlangani, yakuniy va barqaror sud qarorlarining qabul qilinganidir.

Biz sudlar faoliyati ochiqligi va oshkoraligining kuchaytirilishi, “elektron va raqamli sud” konsepsiyasining amalga oshirilishi, sudlar tomonidan o‘z faoliyati haqidagi hisobotlarning xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etilishi, mahalla, korxona va tashkilotlarda ko‘chma sud yig‘ilishlari o‘tkazilishini – adolatli sudning garovi, deb bilamiz.

Partiya sud tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari suradi:

– xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlik va tadbirkorlarni ishonchli himoyalashni ta’minlashda sudlarning rolini kuchaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini buzish, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari va xususiy mulk ob’ektlarini olib qo‘yish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan litsenziyalarni bekor qilish bo‘yicha qarorlarning faqat sud tomonidan qabul qilinishi, tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari harakati yoki harakatsizligi oqibatida ko‘rgan zararlari borasidagi da’volari muddatlarini bekor qilish va muddatsiz ekanini kafolatlash, shu maqsadda “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish;

– “Xabeas korpus” institutining qo‘llanilishi sohasini yanada kengaytirish, sud mustaqilligini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini qayta ko‘rib chiqib, optimallashtirish. Prokuratura organlarining sud hujjatlari bo‘yicha protest keltirish vakolatlarini bekor qilib, ularni tegishli qarorlar bo‘yicha shikoyat qilish huquqiga almashtirish, prokuratura vakolatlaridan unga xos bo‘lmagan vazifalarni chiqarib tashlash, tegishli vakolatlarni ijro hokimiyatiga berish. Prokurorlarning maqomi, ularning mustaqilligini ta’minlash masalalari, tanlash va xizmat pog‘onalaridan o‘stirishning xolis mezonlari qonunda aniq belgilangan bo‘lishi, hokimiyatlar bo‘linishining Konstitutsiyaviy tamoyilidan kelib chiqib Majburiy ijro byurosini Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazish zarur;

– viloyatlar miqyosidagi sudlarni optimallashtirish, birlashtirish, yagona sud raisi bo‘ysinuviga o‘tkazish. Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy, moddiy huquqqa oid ishlar ham amalda ko‘rib chiqilayotganini inobatga olib, ularning maqomini qayta ko‘rib chiqish;

– sud buyrug‘i institutini takomillashtirish, uning ayrim turlari o‘rniga sudgacha hal etish mexanizmlarini joriy etish hamda boqimanda qarzdorlikni sud orqali undirish masalasi va mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;

– xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi borasidagi konstitutsiyaviy tamoyilni hayotga izchil tatbiq etish, sudlar faoliyatida xalqaro huquq va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridagi tamoyillar va normalarning kengroq qo‘llanishiga erishish;

– sud tergovi institutini takomillashtirish, Sudyalar oliy kengashi vakolatlari va maqomini qayta ko‘rib chiqish, uning qaror va xulosalariga nisbatan nomzodlarning shikoyat qilish huquqini nazarda tutish.

Mustaqil advokatura instituti

Maqsadimiz – sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalash. Tergov va sudning barcha bosqichlarida, jinoiy, fuqarolik, ma’muriy va xo‘jalik ishlarini ko‘rib chiqishda advokatning rolini oshirish asosiy vazifalarimizdan sanaladi.

Advokatura va yuridik xizmatlar ko‘rsatish institutlarini rivojlantirish maqsadida partiya quyidagilarni taklif etadi:

– Advokatlar palatasining mustaqilligini amalda ta’minlash, uning huzurida Advokatlar akademiyasini tashkil etish, advokat maqomini olish uchun qo‘yilgan stajirovka muddati haqidagi talabni bekor qilish, adliya tizimining advokatura sohasiga aralashuviga chek qo‘yish;

– advokatura instituti mustaqilligi, advokatlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoyasini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularning haq-huquqlari buzilgani to‘g‘risidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish va tegishli baho berish masalalarida parlamentning roli va ahamiyatini oshirish. Shu maqsadda Oliy Majlis quyi palatasida advokatura institutini mustahkamlash komissiyasini tashkil etish;

– nodavlat notariat instituti faoliyatini qayta tiklash, keng yo‘lga qo‘yish, notarial harakatlarning masofadan turib, interaktiv – elektron xizmat ko‘rinishidagi faoliyat sohasini kengaytirish, notariuslarning nodavlat birlashma shaklidagi hamjamiyatini tuzish hamda Notariat to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrini ishlab chiqish;

– yuridik xizmat ko‘rsatish sohasini yanada takomillashtirish, “Shartnomaviy huquqiy baza va yuridik xizmat to‘g‘risida”, “Tekin yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonunlarni hamda yaxlit huquqiy himoya konsepsiyasini ishlab chiqish, aholi ongida advokatura va notariat institutlarining xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar ekani to‘g‘risidagi qarashni shakllantirish, ushbu sohada xususiy sektor rolini oshirish.

Korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish va “toza qo‘llar” siyosati

Maqsadimiz – korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishish. Bu borada biz quyidagilarni taklif etamiz:

– siyosiy arboblar va davlat xizmatchilarining mablag‘lari va molk-mulklari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashtirish va deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish;

– davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunni va elektron xaridlar tizimini takomillashtirish;

– jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha huquqiy va tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, qonunchilikdagi jazoni og‘irlashtirish yoki yengillashtirishga oid normalarni qo‘llash jarayonidagi inson omilini bartaraf etish;

– rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, parlamentga hisobdor, Prokuratura, IIV, DXXdan mustaqil faoliyat yuritadigan alohida davlat organlari – Korrupsiyaga qarshi kurash va Tergov departamentlarini tashkil etish;

– parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytirish.

Yangi O‘zbekiston – liberal qonunlar, yuksak huquqiy madaniyatga ega fuqarolar mamlakati

Biz ma’muriy, jinoyat, jinoyat-protsessual va xo‘jalik qonunchiligini yanada erkinlashtirish, ayrim jinoiy harakatlarni kriminallashtirishdan xoli qilish, tadbirkorlik sub’ektlari javobgarligini liberallashtirish, jinoiy jazolar va ular ijrosini insonparvarlashtirish tarafdorimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish, yuvenal yustitsiyani rivojlantirish, mulkchilik to‘g‘risidagi qonunchilikni tubdan takomillashtirish, dunyoda tan olingan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakllari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar huquqiy maqomlari, autsorsing mexanizmini joriy etish kabi ilg‘or tajribalarni qonunchiligimizga implimentatsiya qilishni taklif etamiz.

Fuqarolarning huquqiy bilimlari va ongini yuksaltirish, jamiyatda qonunni hurmat qilish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ushbu yo‘nalishda davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligi tashkil etilishini muhim, deb bilamiz. Shaxsiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “qonunda taqiqlanmagan barcha narsa mumkin” tamoyilini hayotga tatbiq etishni taklif etamiz.

III. ERKIN VA RAQOBATBARDOSH IQTISODIYOT

Yangi O‘zbekiston: raqobatbardosh iqtisodiyotga ega kuchli davlat va farovon jamiyat

Biz davlat iqtisodiy siyosati samaradorligining bosh mezoni – mamlakat raqobatbardoshligi, fuqarolar hayoti sifati, oilalar farovonligining izchil va jadal yuksalishi, deb bilamiz.

Partiya makroiqtisodiy barqarorlikni, barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari, davlat budjeti mutanosibligini ta’minlash, mahalliy budjetlarning daromadlar qismini mustahkamlash, butun soliq tizimini soddalashtirish, moliya bozori barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mo‘‘tadil va qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi. Buning birdan bir samarali yo‘li – bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, deb bilamiz.

Biz iqtisodiyot va xo‘jalik sub’ektlari uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq stavkalarini uzoq muddat o‘zgarmasligini kafolatlash hamda soliq to‘lovchilarni bu boradagi o‘zgarishlar yuzasidan kamida 2-3 yil oldin xabardor qilish, tadbirkorlardan soliq majburiyatini to‘liq bajarishni talab qilish bilan birga ularning manfaatlarini to‘la himoyalash tarafdorimiz. Partiya yangi tahrirdagi “Soliq kodeksi”ga tegishli takliflar kiritish va “Soliq – 2025” strategiyasini ishlab chiqish lozim, deb biladi.

Qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit – barqaror rivojlanish garovi! Tadbirkorlikka to‘sqinlik – davlat siyosatiga to‘sqinlik!

Partiya O‘zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini rag‘batlantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiyaviy siyosat yuritilishi tarafdoridir.

Eng muhim vazifamiz – O‘zbekistonning “Biznesni yuritish”, global raqobatbardoshlik (GCI), innovatsiyalar (GII), sanoatning raqobatbardoshligi indekslari bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan o‘rin egallashiga ko‘maklashish.

Partiya quyidagilarning amalga oshishini qo‘llab-quvvatlaydi:

– biznes yuritishning olis istiqbolga mo‘ljallangan imkoniyatini ta’minlash, bugungi kunda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari mavjudligini inobatga olib hamda davr talablaridan kelib chiqib tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va liberallashtirish maqsadida yagona Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish;

– investitsiya faoliyatini amalga oshirishning erkinligi, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish;

– Biznes-ombudsman bilan hamjihatlikda ishlaydigan Investitsion ombudsman institutini tashkil etish, xorijiy sarmoyadorlar uchun tayyor investitsion paketlarning elektron bazasini shakllantirish va taqdim etish tizimini ishlab chiqish;

– yangi erkin iqtisodiy hududlarni tashkil etish va mavjud hududlar faoliyatining samaradorligini ta’minlash, eksportni rag‘batlantirish hamda ko‘maklashish orqali uning nomenklaturasi va geografik makonini kengaytirish;

– sarmoya jalb qilishda “parlament, partiya va biznes diplomatiya”si institutlaridan keng foydalanish, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasini rag‘batlantiruvchi mexanizmni rivojlantirish;

– O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va boshqa iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar va kreditlardan samarali foydalanish.

Iqtisodiyot rivojlanishining innovatsion yo‘liga o‘tishini rag‘batlantiruvchi raqobatbardosh bozorni shakllantirish, raqobatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish va ichki bozorning monopollashuviga yo‘l qo‘ymaslik, davlat-xususiy sherikchiligini takomillashtirish – partiya iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishi. Davlat xizmatlari sifatini oshirish, zamonaviy xalqaro standartlar va korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, davlat xaridlarining samaradorligi va shaffofligini ta’minlash, davlat mulki xususiylashtirilishini kengaytirish va soddalashtirish tarafdorimiz.

O‘rta va kichik biznes, erkin tadbirkorlik

Biz kichik biznesning ish bilan band xodimlar soni, umumiy pul aylanmasi, sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyotga investitsiyalar kiritilishi kabi ko‘rsatkichlar  hamda uning sanoat ishlab chiqarilishidagi ulushini ko‘paytirish, uning mamlakat YaIMdagi hissasini 80 foizga yetkazish, xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatini, ayniqsa, ularning shakllanish bosqichida qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz.

Partiya:

– “Har bir oila – tadbirkor” degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etish, jamiyatda faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, maktabdan boshlab oliy ta’lim muasassalarida ham tadbirkorlik darslarini o‘tish, to‘garaklar tashkil etish, jumladan, Tadbirkorlar akademiyasini, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirish;

– hududlarda tadbirkorlikning rivojlanishiga xizmat qiluvchi infratuzilmalarni har tomonlama rivojlantirish, istiqboldagi rivojlanish strategiyalarini belgilash, shu maqsadda optimal boshqaruv qarorlarini qabul qilish;

– tijorat banklari, lizing kompaniyalari va boshqa moliyaviy tashkilotlar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining moliyalashtirilishini kengaytirish, garov ta’minotini rasmiylashtirish bilan bog‘liq bank kreditlari berish tartib-taomillarini soddalashtirish siyosatini davom ettirish;

– eksport-import tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha davlat xaridlarini kengaytirish;

– kichik biznesning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvi, eksport salohiyatini oshirish va diversifikatsiyalash, marketing tizimini isloh qilish, innovatsion va strategik boshqaruvni takomillashtirish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, xorijda milliy brendlarni faol ilgari surish kabi g‘oyalarning hayotga tatbiq etilishini taklif etmoqda.

Partiya yirik sanoat korxonalari va kichik biznes o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga, sanoat guruhlari, klasterlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralarni amalga oshiradi. Iqtisodiy klasterlar, biznes guruhlar, davlat mulkini boshqarish borasidagi qonunchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi.

Innovatsiyalarning bosh manbai, sanoat va fan, ishlab chiqarish va bozor o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in – bu kichik biznes. Partiya kichik innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish choralarini taklif etadi. Eng muhim vazifamiz – venchur korxonalar va jamg‘armalar, “biznes-farishtalar” – moliyaviy va boshqa resurslarni innovatsion loyihalarga sarflovchi xususiy investorlar faoliyati va “startap”lar uchun qulay shart-sharoitni yaratishdan iborat. Korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni soliq imtiyozlari orqali rag‘batlantirishni taklif etamiz.

Sanoatlashtirish va yangi texnologiyalar – iqtisodiyot raqobatbardoshligi asosi!

Maqsadimiz – 2030 yilgacha sanoatning (kimyo, geologiya, yoqilg‘i energetika kompleksi va boshqalar) mamlakat YaIMdagi ulushini 40 foizga yetkazish hamda bugun dunyoning ko‘p mamlakatlari “to‘rtinchi sanoat inqilobi” arafasida turgan paytda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini, mamlakatning innovatsion rivojlanish, “bilimlar iqtisodiyoti” va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish yo‘lidan jadal harakatlanishini ta’minlash. Iqtisodiyotda asosiy o‘rinni xomashyoga chuqur ishlov berish asosida tayyor, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, yakunlangan texnologik siklli ishlab chiqarish egallashi lozim.

Partiya, xususan:

– ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import o‘rnini bosish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, 2025 yilgacha sanoat korxonalaridagi 51 mingdan ziyod uskunalarni zamonaviylariga almashtirish hamda shu asosda, jumladan, qo‘shilgan qiymat yaratishning yagona zanjirini hosil qilish, respublikada ishlab chiqarilayotgan ip-kalavaning butun hajmini qayta ishlash hisobidan to‘qimachilik mahsulotlari esporti hajmini 7 milliard AQSh dollariga yetkazish;

– sanoatni innovatsion asosda tashkillashtirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, ilmiy-texnologik hamda innovatsion tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar, nou-xaularni o‘zlashtirish, korxonalarda innovatsiyalarning joriy qilinishi, texnologiyalar transferini ta’minlash uchun texnopolislar, texnoparklar kabi erkin iqtisodiy hududlar va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarining barpo qilinishiga  yo‘naltirilgan qonunchilikni yaratish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi takliflarni ilgari suradi.

Biz, shuningdek, strategik investorlar va dunyoning yetakchi kompaniyalari ishtirokida uzoq muddatli rivojlanish dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu dasturlar doirasida, jumladan:

– avtomobilsozlikni rivojlantirish, aholining keng qatlamlari foydalanishiga mo‘ljallangan yengil avtomobillarning yanada zamonaviy modellari ishlab chiqarilishini tashkil etish, yengil avtomobillar ishlab chiqarilishining mahalliylashtirish darajasini o‘rta hisobda 75 foizga yetkazish;

– atom fani, texnologiyalari va energiyasidan xavfsiz foydalanish infratuzilmasini, yadroviy va energetik mashinasozlikni, yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarilishi va atom energetikasini rivojlantirish asosida, xususan, umumiy quvvati 2,4 GVt ga teng AES inshootini bunyod etish va undan xavfsiz foydalanishni ta’minlash;

– iqtisodiyotning kosmik tarmog‘ini rivojlantirish, fazoviy va yer sun’iy yo‘ldoshlari bilan bog‘liq texnologiyalarni hamda innovatsion g‘oya va ishlanmalarni joriy etish, yer sun’iy yo‘ldoshlari aloqasining milliy tarmog‘ini, davlat-xususiy sherikchiligi asosida rivojlantirish;

– “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasini hayotga tatbiq etish orqali iqtisodiyotning energiya va resurs sig‘imdorligini qisqartirish, ishlab chiqarishga tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, atom energetikasini rivojlantirish. Shu asosda qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda 2025 yilga qadar elektr ishlab chiqarishni 20 foizga ko‘paytirish, mamlakatni ishonchli, xavfsiz, tejamkor va samarali elektr energiya manbai bilan ta’minlash. Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga 2030 yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish g‘oyalari tarafdorimiz.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirishni iqtisodiyot va ijtimoiy sohani barqaror rivojlantirishning muhim omili, deb bilamiz. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, farmatsevtik erkin iqtisodiy hududlar faoliyatini tashkil etish, sanoat plantatsiyalarini yaratish va dorivor o‘simliklarni yetishtirish kabi maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida dori vositalari va biologik faol moddalarning ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Samarali servis iqtisodiyotiga ega yangi O‘zbekiston

Partiya mamlakat YaIMda xizmat ko‘rsatish sohasi ulushini jadal rivojlantirish evaziga aholi bandligi va oilalar farovonligini ta’minlash tarafdori. Respublikada xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishning 2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz va uni hayotga tatbiq etish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqdamiz. Bu boradagi eng muhim strategik yo‘nalish – turizmni rivojlantirish hisoblanadi. Ustuvor vazifalarimizdan biri – O‘zbekistonni jahon turizmining jozibali markaziga aylantirish, yurtimizni sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan dunyoning 30 ta davlati qatoriga izchillik bilan kiritish. Shu maqsadda turistik klasterlarni yaratish, sohaga strategik sheriklarni jalb qilish, turizm sanoatini jadal rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, milliy turistik mahsulotlarni ishlab chiqarish va uni jahon bozorlariga olib chiqish (avia va temiryo‘l biletlarining onlayn tarzda sotilishini yo‘lga qo‘yish, mehmonxonalarni “bronlash”, Wi-Fi bilan qamralgan hududlar sonini oshirish, biotualetlar tarmog‘ini tashkil etish, ijaraga avtomobil xizmatini yo‘lga qo‘yish (Rent a Car) kabilarni taklif etamiz.

Bu yo‘nalishdagi asosiy vazifalarimiz quyidagilardan iborat: turizm ravnaqi uchun maxsus iqtisodiy hududlarni yaratish, sohaning yangi istiqbolli turlarini jadal rivojlantirish, turistik klaster, turistik zonalar, turistik industriyadagi xizmatlarni tashkil etishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, turistik infratuzilmani yaxshilash, turistik xizmatlar ko‘rsatilishi sohasiga ilg‘or jahon standartlarini joriy etish, Low cost aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali sayyohlar uchun qulayliklar yaratishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, soha uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish; turistik infratuzilma faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish – barqaror rivojlanish garovi

Maqsadimiz – oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 4 barobar oshirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti yillik hajmini kamida 5 milliard AQSh dollariga yetkazish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning o‘rtacha samaradorligini hamda ularni ishlab chiqaruvchilar daromadini 2-3 barobar oshirish.

Biz tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiramiz:

– fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, qishloq aholisi o‘rtasida “Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!” shiorini keng targ‘ib qilish, yer egalarining bilim va tajribasini oshirish;

– qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, intensiv bog‘lar va tokzorlar yaratish, organik qishloq xo‘jaligi, meva-sabzovot, oziq-ovqat, asalarichilik, baliqchilik, parrandachilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish. Biz qishloqlarda kichik ishlab chiqarish korxonalari tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi klasterlari (agroklasterlar), ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularga chuqur ishlov berish, transportda tashish va sotish (eksport qilish) bo‘yicha kichik ishlab chiqarish korxonalari (“qishloq xo‘jaligi xablari”) tarmog‘ini rivojlantirishga oid qonunchilikni takomillashtirish, “Klasterlar faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va boshqa amaliy choralarni taklif qilamiz;

– qishloqda ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalar, seleksiya va urug‘chilik usullarini joriy qilish, yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishda rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetish. Qishloqqa sanoatni jalb qilish tamoyilini amalga oshirish, har bir qishloqda hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqarish korxonalari qurish g‘oyalarini ilgari suramiz;

– qishloq xo‘jaligida yanada ko‘proq mahsuldorlikka erishish maqsadida hududlarda yerning ball boniteti hisobga olingan holda ekin turlarini joylashtirish, hududlarning ixtisoslashtirilishini hayotga keng joriy etish;

– yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy suv va resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, Suv kodeksini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini ishlab chiqarishga joriy etish;

– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fermerlar, dehqon va tomorqa yer egalari manfaatlariga xizmat qiluvchi kooperativlar tashkil etish va ular faoliyatini takomillashtirish.

IV. IJTIMOIY SOHANI RIVOJLANTIRISH

To‘liq bandlik va barcha uchun munosib ish o‘rni!

Partiya mamlakatimizda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi. Fuqarolar bandligini to‘liq ta’minlash va mehnatga munosib haq to‘lash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mehnat bozori infratuzilmasining muvozanatlanganligi va rivojlanishiga erishish, ishsizlik darajasini qisqartirish – mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim sharti. Biz “Tadbirkorlik – aholi bandligining garovi!” g‘oyasi hayotimizga to‘liq joriy etilishiga intilamiz va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi amaliyotini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Partiya mazkur yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlarni taklif etadi:

– ish o‘rinlari zaxirasini yaratish, aholi, jumladan, xotin-qizlar, nogiron shaxslar hamda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj boshqa toifalari, eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishda yangi usullardan foydalanish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, real ish haqining barqaror o‘sishiga ko‘maklashuvchi soliq siyosatini amalga oshirish;

– oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy budjeti daromadlarini oshirish. Biz oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznes bilan mashg‘ul fuqarolarning zamonaviy mashinalar, uskunalar, xomashyo va materiallar xarid qilishi uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yanada yaxshilash, ularga marketingni o‘rgatish hamda kasanachilik mahsulotlari (ishlar va xizmatlar) ishlab chiqarilishini tashkil etish maqsadida buyurtmachilarni izlash, bozorda  talab katta bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishi uchun tadbirkorlikning boshqa sub’ektlari bilan kooperatsiyaga kirishishi tarafdorimiz;

– bozor talablarini hisobga olgan holda ishga joylashishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish. O‘zbekistonning xalqaro ishchi kuchi bozoriga bosqichma-bosqich kirib borishi, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, o‘z uyi, oilasini tashlab uzoq yurtlarda daromad topish maqsadida ishlayotgan yurtdoshlarimizning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatda ularga nisbatan bildirilayotgan har qanday salbiy munosabat va fikrlarga qarshi turish hamda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan alohida “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;

– jamiyatdagi muammolarga tadbirkorlik orqali yechim topishning samarali usuli sifatida “ijtimoiy tadbirkorlik”ni qo‘llab-quvvatlash, uni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish, ustoz-shogird an’anasini davom ettirish, rag‘batlantirish.

Barcha uchun qulay, sifatli va professional tibbiyot

Maqsadimiz – O‘zbekistonning dunyoda sog‘liqni saqlash tizimida yuqori samaradorlikka erishgan eng ilg‘or 30 ta mamlakat qatoriga kirishi, onalar o‘limi ko‘rsatkichini uchdan bir qismga, chaqaloqlar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini - ikki barobar, aholi o‘rtasida yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar, qandli diabet va surunkali respirator kasalliklardan o‘lim holatlarini 30 foizga kamayishiga erishish. Ana shu maqsadlarga erishish uchun partiya quyidagi ustuvor vazifalarni belgilab olgan:

– sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, sug‘urta sohasini rivojlantirish va aholi sog‘ligini sug‘urtalash tizimini joriy etish, davlat-xususiy sheriklik tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish orqali malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tibbiyot turizmining yuksak xalqaro mezon va standartlarga mosligini ta’minlash;

– mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni dunyodagi ilg‘or mezonlar darajasiga olib chiqish, kasallanish ko‘rsatkichlarini pasaytirish va aholining uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga yo‘naltirilgan “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini joriy etish;

– zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, malakali kadrlar bilan ta’minlangan, yuqori texnologiyali va samarali tibbiy xizmat shakllanishi, tibbiyot muassasalarining ilmiy, uslubiy va ta’limga oid salohiyati rivojlanishiga, sog‘liqni saqlash tizimida innovatsion diagnostika vositalari va usullari joriy etilishiga ko‘maklashish;

– yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha uzoq muddatli davlat strategiyasini (dasturini) ishlab chiqish va amalga oshirish, aholini arzon narxdagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlash;

– shifokorlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shifokor va aholi o‘rtasidagi munosabatlarning aniq mezonlarini ishlab chiqish va uni qonun darajasiga ko‘tarish, shifokorlarga uzoq muddatli ipoteka kreditlari taqdim etilishini joriy etish va ularning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini ko‘tarish. Davlat tibbiyot muassasalari shifokorlari o‘rtasida har yili “Yil shifokor-olimi”, “Yil shifokor-tadqiqotchisi” “Yil erkak shifokori”, “Yil ayol shifokori” “Yil hamshirasi”, “Yil tez tibbiy xizmat haydovchisi” kabi tanlovlar o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;

– jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, bolalarda, ayniqsa, qizlarda jismoniy tarbiya va sportga muhabbat uyg‘otish. Partiya “Farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi buyukdir” tamoyilini hayotga izchil joriy qilinishi tarafdori.

Yangi O‘zbekiston: inson kamoloti va iqtidori qadrlanayotgan mamlakat

Maqsadimiz – O‘zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash. Yuksak inson kapitali, jamiyatni intellektuallashtirish, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, “fuqarolarni butun umri davomida o‘qitish” modelini hayotga tatbiq etish, aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga (50 foizdan kam bo‘lmagan) yetkazish  mamlakat raqobatdoshligi garovidir.

Partiya bu borada quyidagi vazifalarni ustuvor deb biladi:

– ta’lim tizimida raqobat muhitining shakllanishi, xususiy sektor resurslaridan foydalanish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish hisobiga 3-7 yoshlardagi bolalarning 73,1 foizi hamda 6 yoshdagi barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishiga erishish;

– har bir tumanda kamida to‘rttadan xususiy maktablar barpo qilinishiga erishish, sohada davlat-xususiy sherikchiligi va xususiy xizmatlarni jadal rivojlantirish hisobidan bolalar uchun sport, musiqa va san’at maktablari qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ana shunday ob’ektlarni rekonstruksiya qilish orqali bolalarni ommaviy sport, musiqa va san’at dunyosidan bahramand qilish, ularning bu boradagi ehtiyojlarini to‘liq qondirish. Ingliz tili, informatika va boshqa talab yuqori bo‘lgan fanlarni, jumladan, matematika, fizika, kimyo, biologiyani chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatish sohasida xususiy sektorning ulkan imkoniyatlarini ishga solish;

– ta’lim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Ta’lim to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, unda ta’lim muassasalarini moliyalashtirish, faoliyatini baholash metodologiyalarini joriy etish hamda oliy ta’limda moliyaviy mustaqillikni belgilab beruvchi qoidalarni bayon etish, mamlakatimiz xalq ta’limi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etish, hududlarda ta’lim samaradorligi monitoringini yuritish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish;

– ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning qo‘llab-quvvatlanishi, amaliyotga ilmiy va innovatsion yutuqlarning joriy qilinishini rag‘batlantirish, davlat-xususiy sherikchiligi, biznes jamoalar hamda ilmiy-tadqiqot va akademik markazlar, muassasalar sherikchiligi institutini qo‘llab-quvvatlash. Biz mazkur sherikchilik asosida tashkil qilingan zamonaviy laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi texnoparklar, ilmiy-eksperimental ixtisoslashgan markazlar tarmog‘ini rivojlantirish tarafdorimiz. Bunda quyidagi masalalarga alohida ahamiyat qaratamiz: ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, oliy o‘quv yurtlarida akademik fan va ta’lim jarayoni integratsiyasini chuqurlashtirish, yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda texnologiyalar transferini tijoratlashtirish, ishlanmalarni patentlash, litsenziyalash va boshqalar.

Yangi O‘zbekiston – baxtli insonlar mamlakati. Rivojlangan hududlar – qudratli O‘zbekiston demak

Maqsadimiz – mamlakatimiz urbanizatsiya darajasini 2030 yilga qadar 60 foizga yetkazish, butun aholining, jumladan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning bazaviy zaxiralar (er uchastkasi, texnologiya, kredit va boshqalar)dan foydalanishlari uchun qulay iqtisodiy va moliyaviy shart-sharoitlar bilan ta’minlanishiga erishish. Biz teng imkoniyatlar, turmushning yuqori darajasi va barcha uchun birdek farovonlikni ta’minlash tamoyillarini hayotga tatbiq etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Partiya yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini rivojlangan infratuzilmaga ega zamonaviy shaharlar va qishloqlar tashkil etishi, zamonaviy texnologiyalar vositasida butun mamlakat aholisi turmushining yuqori darajasi ta’minlanishi, urbanizatsiya jarayoni xalq bilan muloqot asosida loyihalashtirilishi zarur, deb hisoblaydi. Bu boradagi ustuvor vazifalar sirasiga quyidagilar kiradi:

– hududlarning tabiiy, ma’danli xomashyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turistik va mehnat salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishini ta’minlash. Biz har bir tuman va mahalla kesimida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaymiz;

– aholini, eng avvalo, yosh oilalarni arzon va zamonaviy qulay uy-joy bilan ta’minlash, aholi uchun yashash joyi atrofida ish joylarini yaratish, kommunal-maishiy xizmatlar, aholining toza ichimlik suvi,  elektr energiyasi hamda ishonchli va zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yanada oshirish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish;

– mamlakatimizdagi shaharlarni dunyoning rivojlangan megapolislari modeli asosida taraqqiy ettirish. Biz  shaharlarimizni ishbilarmonlik va biznes markazlariga, tan olingan fan, madaniyat, ma’rifat va ma’naviyat markazlariga aylantirishni, “aqlli va xavfsiz shaharlar” konsepsiyalarini, shuningdek, shaharlar va qishloqlar rivojlanishining uzoq muddatli dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taklif qilamiz. Ushbu dasturlar har bir yurtdoshimizga g‘amxo‘rlik qilish, ilg‘or amaliyotlar asosida barcha masalalarni samarali va oqilona hal qilish, iqtisodiyotning biznes drayveri sifatida shaxsiy tashabbusni rag‘batlantirish, hokimliklarning hisobdorligini ta’minlash kabi tamoyillarga asoslanadi;

– uysozlik va loyihalashtirishda aholining bu boradagi ehtiyojlarini hisobga olish, xavfsiz, rang-barang va estetik jozibali muhitni yaratish, jumladan, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning ehtiyojlari hisobga olingan yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantirish;

– aholiga transport xizmatlari ko‘rsatilishini tubdan yaxshilash, yo‘lovchi tashishning xavfsizligi va qulayligini oshirish, yo‘l infratuzilmasini barpo etish va rekonstruksiya qilish.

Partiya har qanday jamiyatning madaniyati darajasi uning keksalar va xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi, deb hisoblaydi. Xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning munosib mehnat qilishi va  qobiliyatlari,  salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, jamiyatdagi o‘rni va maqomini mustahkamlashga ko‘maklashish partiyaning o‘ta muhim vazifalaridan bo‘lib qolaveradi. Biz:

– xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, mamlakat ravnaqi, xalq farovonligi va innovatsion loyihalar amalga oshirilishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan faol, tadbirkor xotin-qizlar va fermerlarni rag‘batlantirishga, ularning faoliyati va ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz;

– ijtimoiy biznesni rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash tarafdorimiz, xalqaro tajribadan kelib chiqib, enagalar, haydovchilar, uy ishchilari mehnatiga oid qonunchilikni rivojlantirish, ushbu xizmatlar bo‘yicha firmalar tashkil etish va ularning xizmatidan foydalanganlar uchun mol-mulk solig‘idan chegirmalar ajratish tarafdorimiz;

– “Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat gullab-yashnaydi” tamoyilini amalga oshirish, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Oila qanchalik musahkam bo‘lsa – jamiyat shunchalik kuchli, davlat esa qudratli bo‘ladi! Biz oila institutini mustahkamlash masalalariga, eng avvalo, uning iqtisodiy asoslarini yaxshilash – oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish nuqtai nazaridan yondashamiz;

“Turmush qurgan ayollarning fuqaroligi to‘g‘risida”gi xalqaro Konvensiyaga O‘zbekistonning qo‘shilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida vaqtinchalik ishlarni bajaruvchi ayollarni hisobga olish markazlari tashkil qilish hamda ularning huquqiy kafolatlarini qonuniy mustahkamlash tarafdorimiz.

Aholining nochor qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishini yaxshilash, aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish ustuvor vazifalarimiz sirasidan o‘rin olgan.

Partiya imkoniyati cheklangan, nogiron shaxslar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi, deb his etishi, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, kelajagini o‘z qo‘li va harakatlari bilan barpo etadigan real shart-sharoitlarni yaratishga intiladi.

Barkamol, erkin, kuchli va jasur yoshlar – jamiyat tayanchi, kelajagimiz bunyodkorlari

Har jihatdan barkamol, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlarga ega yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual, ma’naviy salohiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish partiyaning muhim vazifalaridan bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda.

Davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirish, yoshlar tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishda boshqaruv organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xususiy sektorning qizg‘in hamkorligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ustuvor maqsadimiz – barcha yoshlar uchun ijtimoiy-siyosiy istiqbolni yaratish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga faol jalb qilishdan iborat. Shuningdek, biz yoshlarni ijtimoiy himoyalash, yosh oilalar uchun munosib turmush sharoitini yaratish, yoshlar uchun uylar qurish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Partiya yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratilishi, har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, mehnat bozori va iqtisodiyot ehtiyojlarini hisobga olgan holda yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalalarining samarali hal qilinishiga har tomonlama ko‘maklashish tarafdori. Biz yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, start-ap loyihalarini amalga oshirishi, yoshlar tadbirkorligi klasterlarini yaratishiga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, mamlakatning oliy o‘quv yurtlari qoshida yoshlar innovatsion markazlarini tashkil qilish va rivojlantirishga qaratilgan ishlarni yoqlaymiz.

Biz yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularning iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ular orasidan haqiqiy yetakchilarni kamolga yetkazish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ona Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini qaror toptirish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yoshlarning siyosiy, huquqiy madaniyati va ongini oshirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini, siyosiy jarayonlarga ongli munosabatini, turlicha tashqi va ichki tahdidlarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetini shakllantirish, bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlash partiyaning eng muhim vazifalaridir.

Ishonamizki, kelajagimiz aynan intellektual salohiyati yuksak, ma’nan kamolga yetgan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonuvchi, kuchli fuqarolik pozitsiyasiga ega sog‘lom yoshlar qo‘lida!

V. YANGI O‘ZBEKISTON: XAVFSIZ, TINCH VA BARQAROR MAMLAKAT

Kuchli armiya – xavfsizlik va barqarorlik, xalqning farovon hayoti kafolati

Partiya demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar, xalqning ma’naviy rivojlanishiga fundamental vazifa – mamlakat xavfsizligini, jamiyatda tinchlik, barqarorlik, millatlararo totuvlik va fuqarolar hamjihatligini ta’minlamasdan erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Konstitutsiyaviy tuzum va suverenitetimizni, hududiy yaxlitlikni himoyalash, mamlakatning mudofaa layoqatini har tomonlama mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining salohiyatini oshirish masalalari har doim biz uchun ustuvordir. Xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi partiya faoliyatining negizida “O‘zbekiston xalqiga tinchlik va osoyishtalik kerak” tamoyili turadi.

Biz milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Partiyaning bu yo‘nalishdagi asosiy maqsadi – milliy xavfsizlik kabi o‘ta muhim sohani qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash samaradorligini oshirish, ushbu sohada davlat dasturlarini amalga oshirishdan iborat. Partiyaning fikricha, harbiy xizmatga munosib haq to‘lanishi kerak. Armiyada xizmat qilish har bir yosh, mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun g‘urur, mardlik va vatanparvarlik timsoli bo‘lmog‘i lozim.

Millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik – jamiyat va davlatning muhim qadriyatlari

Partiya bag‘rikenglik, insonparvarlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikning mustahkamlanishi, do‘stlik, hamjihatlik, tinchlik va barqarorlik muhiti bardavom bo‘lishini davlat hamda jamiyat rivojlanishining eng muhim va zaruriy sharti, deb biladi.

Biz mamlakatimizning quyidagilarga asoslangan milliy siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz: teng huquq va erkinliklarning amalda bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, fuqarolarning qonun oldida tengligi, siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi sharoitida ijtimoiy hayotni rivojlantirish, turli millatlar va elatlar vakillarining tili, urf-odatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning taraqqiy etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish. O‘zbekistonda qaror topgan ijtimoiy va siyosiy barqarorlik, millatlararo tenglik va fuqarolar totuvligi olib borilayotgan oqilona siyosat samarasidir.

Biz fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlar va elatlarning o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etamiz. Biz xorijiy davlatlar bilan millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalarini uyg‘unlashtirish masalalarini hal qilishda parlament va xalq diplomatiyasi salohiyatidan yuqori darajada foydalanishga ko‘maklashamiz.

Biz “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” tamoyillarini izchillik bilan hayotga tatbiq qilinishi, e’tiqod va vijdon erkinligi, davlatning dunyoviy xarakteri to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy me’yorlarning to‘la-to‘kis amalga oshirilishi tarafdorimiz. Turli diniy birlashmalar bilan ularning imkoniyatlaridan ma’naviy yuksalish, umumiinsoniy qadriyatlarni qaror toptirish maqsadida muloqot qilish siyosati tarafdorimiz. Din xalqning ma’naviy tayanchi va poklanishining haqiqiy vositasi bo‘lib xizmat qilishi, odamlarni tinchlikka, xayrli va savobli ishlarga undashi, etnik, lisoniy, diniy farqlarga qaramay, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi azaliy qadriyatlarga da’vat etishi kerak.

 Biz jamiyatda bag‘rikenglik muhitining yanada mustahkamlanishi, turli dinlarni noto‘g‘ri talqin qiluvchi, ularning niqobi ostida tinch va osoyishta hayotga rahna solishga intiluvchi buzg‘unchi kuchlarga qarshi qat’iy kurash tarafdorimiz. Biz madaniy va diniy ekstremizmga qarshi kurash siyosati, eng avvalo, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan”, “Ma’rifat va ta’lim – tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” tamoyillarining hayotga izchil tatbiq qilinishi asosida olib borilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Aynan ma’rifat va ta’lim xalqlarning gullab-yashnashiga xizmat qiluvchi, odamlarni xayrli ishlarga, mehr-muruvvatga, bag‘rikenglikka yetaklovchi omildir. Bizning fikrimizcha, bunday yondashuv – davr talabi.

Biz buyuk ajdodlarimiz merosini, ularning jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, anglash va keng ommalashtirish, konfessiyalararo, millatlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, tinchlik va hajihatlikni ta’minlash tarafdorimiz.

Ishonchimiz komilki, yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va konfessiyalar vakillari O‘zbekistonni o‘z uyi deb hisoblaydi, mamlakatimiz yagona xalqini tashkil etadi, o‘zaro hurmat va ishonch muhitida yashashga, jamiyatdagi tinchlik, hamjihatlik va barqarorlikni asrashga intiladi.

Samarali, o‘zaro manfaatli, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat

O‘zLiDeP mamlakatning quyidagi fundamental tamoyillarga asoslangan tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi: umumqabul qilingan xalqaro me’yorlar va tamoyillarga sodiqlik, harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga kelayotgan nizolar va kelishmovchiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal qilish.

Parlament, xalq diplomatiyasi va xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanib, biz davlatning tashqi siyosat sohasidagi eng muhim vazifasi  – Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanayotgan va yaqin qo‘shnichilik munosabatlari qaror topgan hududga aylantirishga  ko‘maklashamiz.

Biz, eng avvalo, xalqimiz manfaatlarini himoya qilish, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar, butun dunyo hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz tinchlikparvar, ochiq, oqilona siyosat yuritilishiga sodiq bo‘lib qolamiz.

BMT, ShHT, MDH, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar, turli iqtisodiy tashkilotlar bilan faol hamkorlik O‘zbekistonning milliy manfaatlariga hamohangdir. Biz xalqaro iqtisodiy va moliya-bank tuzilmalari, xususan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom rivojlanish banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va boshqa xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikka alohida e’tibor qaratamiz.

Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning tegishli me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, yetakchi xorijiy siyosiy partiyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish ham ustuvor maqsadlarimiz sirasidan o‘rin olgan.

Partiya bundan keyin ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni milliy iqtisodiyotning ustuvor sohalariga jalb qilish, mintaqaviy va xalqaro siyosatning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini ilgari surishda partiyalararo hamkorlik mexanizmlaridan foydalanadi. Jumladan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi, Orol halokati hamda hozirgi davrning turli ekologik muammolarini hal qilish, jahonning yirik bozorlariga chiqish imkoniyatini beradigan transport-kommunikatsiya yo‘laklarining ko‘p variantli tizimlarini shakllantirish uchun istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratadi.

Elektorat manfaatidan kelib chiqib, partiya O‘zbekistondagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning xorijda savdo vakolatxonalari ochilishiga, ularning turli xalqaro tadbirlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga, chet ellarda mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlari har tomonlama himoya qilinishiga faol ko‘maklashadi.

Yuqorida bayon etilgan asosiy maqsad va vazifalarni ilgari surib, partiya jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish maqsadida ish olib boruvchi siyosiy kuch sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga intiladi.

- O‘zLiDeP aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlari hamda jonajon O‘zbekistonimizning ravnaqiga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilinishiga astoydil harakat qiladi.

- O‘zLiDeP – bunyodkorlar partiyasi!

- Biz, islohotlar yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni yengib, zimmamizdagi vazifalarni halollik va mas’uliyat bilan bajarishga tayyormiz!

- Betakror yurtimizga, olijanob xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – har birimiz uchun yuksak sharaf va muqaddas burch!

- Farovonligimiz bunyodkorlari – tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini to‘la ifoda etamiz.

- Maqsadimiz – Yangi O‘zbekistonni olijanob xalqimiz bilan birga barpo etish va uning buyuk kelajagini ta’minlash!

 

  • Ko'rildi
    1310
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish