“Salomatlik sari” aksiyasi doirasida 300 nafardan ziyod fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Urganch shahrining chekka hududlaridan biri bo‘lgan “Binokor” mahallasida O‘zLiDeP Xorazm viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “O‘zLiDeP — onkologik kasalliklarga qarshi kurashadi” shiori ostida “Salomatlik sari” aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya doirasida “Binokor”, “Jambul” va “Saxovat” mahallalari aholisi uchun UZI, rentgen va oftalmologiya uskunalari bilan jihozlangan maxsus tibbiy transport vositalari orqali bepul ko‘riklar o‘tkazildi.
– Zamonaviy tibbiy tekshiruvlarning bepul tashkil etilgani aholiga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir, – deydi aksiya ishtirokchisi Lola Qobulova. – Bunday tibbiy ko‘riklar kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash, aholiga sifatli tibbiy xizmatni yaqinlashtirishgag xizmat qiladi.
Ta’kidlash kerak, tibbiy ko‘rikda jami 300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Aksiya yakunida 8 nafar fuqaroga stasionar, 17 nafar ishtirokchiga esa ambulator davolanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.