Yangi bino, yangi imkoniyatlar, yangi a’zolar
Toshkent viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, partiya faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish yo‘lida muhim qadam tashlandi. Nurafshon shahrida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashining yangi, zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
Bugun partiyaning viloyatdagi 22 ta tuman va shahrining barchasida Kengashlari faoliyat yuritmoqda. 1218 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida 190 mingdan ziyod a’zo birlashgan. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida partiya safining kengligi e’tiborga molik. Xususan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda 25 mingdan ziyod, “O‘zmetkombinat” AJda 9 mingdan ortiq, “Maksam Chirchiq” AJda esa 3 mingdan ziyod partiya a’zosi mehnat qilmoqda.
Tadbir doirasida O‘rta Chirchiq tumanidagi 13 yildan buyon faoliyat yuritayotgan “JANNATMAKON MEBEL” korxonasiga tashrif buyurilib, ishlab chiqarish jarayonlari va yoshlarni kasbga tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim tizimi bilan tanishildi. Korxona jamoasi bilan muloqotda partiyaning maqsad va vazifalari haqida fikr almashildi. Natijada korxona rahbari va 30 nafardan ziyod ishchi-xodim partiya a’zoligiga qabul qilinib, korxonada boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi.
Yangi, zamonaviy bino partiyaning Toshkent viloyatidagi faoliyatini yanada samarali tashkil etish, tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, mehnat jamoalarida partiya saflarining kengayib borayotgani va yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilgani ham bu ishlarning amaliy natijasidir.