Buxoroda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar rag‘batlantirildi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Buxoro viloyatining Jondor va Olot tumanlarida bo‘lib, hududlardagi tadbirkorlik, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, Jondor tumanidagi “Xo‘jikent” mahallasida aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, tadbirkor Ruslan Negmurodov, Ziyodullo Xaitov tomonidan tashkil etilgan otchilik fermasi faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlash kerak, xo‘jalikda 270 bosh xorijiy zotli ot parvarishlanmoqda. 8 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. O‘rganishlar jarayonida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, A.Xaitov Olot tumanining “Muxtor” mahallasidagi Saida Axmedova fermer xo‘jaligidagi paxta yig‘im-terimi jarayoni bilan ham tanishdi. Mazkur fermer xo‘jaligining 23,5 gektar maydonga Shinjon-Uyg‘ur Xitoy navli paxta urug‘i ekilgan bo‘lib, 145 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Hozirda FMW WORT paxta terish mashinasi kuniga 35–40 tonna paxta termoqda. Qo‘shimchasiga 30 nafar ishchi terim jarayoniga jalb etilgan.
Uchrashuvda tuman hokimligi tomonidan “Islom”, “Oltin tuproq”, “Yashnarbek Sanoqulov”, “Ko‘mak bobo” va “Shamsiddin Abdiyev” fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mexanizatorlarining mehnati e’tirof etilib, ularga sovg‘alar topshirildi.