Yangi imkoniyatlar va taraqqiyot sari muhim qadam
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi hududning ulkan salohiyatini yanada ro‘yobga chiqarish, aholi turmush farovonligini oshirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi muhim voqea bo‘ldi. Tashrif doirasida belgilangan vazifalar, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar viloyatning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, Andijon shahrida Bobur shoh ko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yangi yo‘lo‘tkazgichning barpo etilishi shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu inshoot aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, transport harakatini yengillashtiradi. Eng muhimi, shaharning ikki hududini to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lab, vaqtni tejash va aylanma yo‘llarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga xizmat qiladi.
Umumiy qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar asosida amalga oshirildi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yo‘lo‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr, kengligi esa 25,9 metrni tashkil etadi. Inshootning 596 metri estakada ko‘rinishida, 200 metri esa tirgak devorli yo‘l qismidan iborat bo‘lib, shahar transport tizimini yanada takomillashtirishga imkon beradi.
Eng muhimi, mazkur loyiha aholi uchun muhim qulayliklar yaratdi. Endi Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida istiqomat qilayotgan 140 ming nafar aholi 5,3 kilometrlik ortiqcha yo‘lni bosib o‘tishga ehtiyoj sezmaydi. Bu esa vaqtni tejash, transport harakatini yengillashtirish va aholiga yanada qulay shart-sharoit yaratish imkonini beradi.
Shu bilan birga, maxsus xizmatlarning qatnov masofasi 15 kilometrdan 9,3 kilometrga qisqardi. Ortiqcha masofa hamda temir yo‘l kesishmasidagi kutishlarning bartaraf etilishi natijasida manzilga yetib borish vaqti 17 daqiqagacha kamayadi. Bu shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, endilikda bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam markaziga avvalgidan 14 daqiqa ertaroq yetkazish imkoni yaratildi.
Davlatimiz rahbarining Andijonga tashrif davomida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, har bir loyihaning xalq manfaatiga xizmat qilishi biz deputatning ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Bu jarayonda faol ishtirok etib, belgilangan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini izchil amalga oshirishimiz lozim.
Muqaddasxon AHMEDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati