Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Deputat ehtiyojmand oilalar farzandlari va imkoniyati cheklangan shaxslarga saxovat ko‘rsatdi

15.06.2024
348
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak xayru saxovat, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zish ishlarini bir qadar keng qamrov va jadallik bilan davom ettirmoqda.

Xalq vakili o‘zi saylangan hudud – Piskent tumanida o‘tkazilgan bu galgi xayriya tadbiriga ehtiyojmand oilalar farzandlari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni ham taklif qildi.

Piskent tumanidagi 30-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi katta yig‘inlar zalida to‘plangan kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalar hamda imkoniyati cheklangan shaxslar deputatga u bilan kechadigan dilkash muloqotlarni intiqlik bilan kutishganini bildirishdi.

Tadbirda so‘z olgan deputat bugun yurtimizda onalik va bolalikning har tomonlama himoya qilinayotgani, keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni uchinchi Renessans poydevorini yaratilayotgani, kambag‘allikni qisqartirish va aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosat xususida fikr yuritdi.

Joriy o‘quv yili yakunida Piskent tumanida faoliyat yurituvchi 41 ta umumta’lim maktablarini 1063 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli tamomlab, shundan 52 nafari oltin, 10 nafari kumush medalga bitirayotgani bag‘oyat quvonchli hol ekanini e’tirof etdi.

Yurtimiz ertasi bo‘lgan yetuk va barkamol avlodni yetishtirishda muhim o‘rin tutgan pedagog va o‘qituvchilarga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

Saxovat va bayram tadbirida O‘zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi koreys madaniyati va san’ati uyi xodimlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi ham namoyish etildi.

Konsert dasturida Ona Vatan, maktab, yoshlik, muhabbat va sadoqat, oila va oilaviy qadriyatlarni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangrab, dilrabo raqslar ijro etilgani yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida olijanob xalq vakili ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarning 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, tumandagi umumta’lim maktablarini oltin va kumush medalga muvaffaqiyatli bitirayotgan 62 nafar bitiruvchilarga o‘zining bayram sovg‘alarini hadya etdi.

Tumanda istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan shaxslarga nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoqlar, xassalar, yurish moslamalari, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar vakillariga esa oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat ijtimoiy paketlarni katta xursandchilik bilan ulashdi.

Zuxro Mirzohamdamova

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

Saytni yangi dizayni yoqdimi?