Juma 18-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP delegatsiyasi Turkiy davlatlar tashkiloti siyosiy partiyalari konferensiyasida qatnashdi

17.07.2024
234

Shu yilning 13-16 iyun kunlari O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi partiya delegatsiyasi “Yangi Ozarbayjon” partiyasi tashabbusi bilan Shusha shahrida tashkil etilgan “Turk davlatlari tashkiloti: zamonaviy geostrategik realliklar va global bo‘hronlar davrida yangi strategik maqsadlar sari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashdi.

Anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Vengriyaning yetakchi siyosiy partiyalari vakillari, bir necha davlatlarning favqulodda va muxtor elchilari ishtirok etishdi.

Jahon siyosatida vaziyat nihoyatda murakkablashib bormoqda, shunday sharoitda qardosh turkiy xalqlarning yetakchi siyosiy partiyalari muammolarga birgalikda javob izlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ham hozirgi zamonda global kataklizmlar xalqaro munosabatlar tizimining geosiyosiy voqeliklaridan biriga aylanib ulgurganiga urg‘u berildi. Dunyoning turli burchaklarida etnik va diniy nizolar, siyosiy qarama-qarshiliklar, tartibsizlik hamda anarxiya holatlari ko‘zga tashlanmoqdaki, bu alohida davlatlar va umuman xalqaro xavfsizlik tizimiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Turkiy davlatlar tashkilotiga kiruvchi mamlakatlarning har biri bugun dunyo siyosatida mavqei oshib borayotgan ta’sir markazlariga aylanayotir. Dunyo­da o‘zaro ishonchsizlik hukm surayotgan bir davrda bunday kuchga to‘lgan hamda navqiron davlatlar o‘rtasida shakllangan do‘stlik va birodarlikka asoslangan aloqalar xalqaro munosabatlarning yangi modeli sifatida baholanmoqda, dunyo hamjamiyati e’tiborini jalb qilmoqda. Ilhom Aliyev o‘z tabrigida Turkiy davlatlar tashkilotiga birlashgan davlatlar siyosiy partiyalarining o‘zaro manfaatli hamkorligi mushtarak maqsadlarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.

Anjuman tashkilotchilari tomonidan tayyorlangan “Birgalikda biz katta kuchmiz!” videofilmida tashkilot doirasida amalga oshirilayotgan ko‘p tomonlama hamkorlik tarixi ochib berildi. E’tiborli jihati, ushbu videofilmda O‘zbekiston Respublikasining tashkilot doirasida tutgan alohida nufuzi, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar va tavsiyalarga markaziy o‘rinlardan biri berilgan.

Konferensiya ishi “Turkiy davlatlar tashkiloti: global xavfsizlikka mintaqaviy hissa”, “Qadriyatlar hamda zamonaviylikni birlashtirish: partiya diplomatiyasi yangi muloqot maydoni sifatida” mavzularida ikki qismdan iborat bo‘ldi. Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi birinchi o‘rinbosari, Turkiya Buyuk Millat majlisi deputati E. Ala, “Yangi Ozarbayjon” partiyasi raisining o‘rinbosari – partiya markaziy apparati rahbari T. Budagov, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati R. Xasan, Qozog‘istonning “Amanat” partiyasi ijroiya kotibi D. Karibek, Turkiya Buyuk Millat majlisi deputati Sh. Ayrim, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, “Yangi Ozarbayjon” partiyasi raisi o‘rinbosari A. Axmedov, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Turkiya Buyuk Millat majlisi deputati Z. Sarikaya, Vengriya parlamenti vakili, Fides partiyasi a’zosi A. Tilki va boshqalar diqqatga sazovor taklif va fikrlarni o‘rtaga tashladilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Xaitov konferensiyaning o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani va hamma uchun dolzarb bo‘lib turgan mavzuga bag‘ishlanganiga alohida urg‘u berdi. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar aholisi 200 millionga qarab borayotgani hisobga olinsa, bu masalalarni hal etish mas’uliyati salmog‘i yanada yaqqolroq ko‘rinishini ta’kidladi. Konferensiya doirasida ko‘tarilayotgan muammoli masalalar O‘zbekiston rahbariyati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ham doimiy e’tiborida turgani e’tirof etildi.

Keyingi yillarda xalqaro siyosatda jiddiy notinchliklar yuz bermoqda, iqtisodiy jarayonlar, qadriyatlar tizimi, ijtimoiy-siyosiy qarashlarda chuqur o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shunday bir sharoitda aynan Turkiy davlatlar tashkiloti global xavfsizlikka munosib hissa qo‘sha olishi mumkin. O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar bilan strategik hamkorlik munosabatlarini o‘rnatgani alohida aytib o‘tildi.

Turkiy mamlakatlar oldida turgan eng muhim vazifalar birinchi navbatda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga taalluqlidir. Zamonaviy texnologiyalar, mashinasozlik, to‘qimachilik, rangli metallarni qazib olish va boshqa sohalarda davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni, o‘zaro investisiyalar oqimini kengaytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni keng joriy qilish, ishbilarmon doiralar salohiyatidan yanada to‘liqroq foydalanish lozim.

Bugungi global vaziyat oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini birinchi o‘ringa olib chiqmoqda. Albatta, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirishni ham davlatlarimiz e’tibor berishi kerak bo‘lgan ustuvorliklar qatorida ko‘ramiz. Yana bir muhim yo‘nalish transport-tranzit salohiyatini oshirishdek strategik masala bilan bog‘liq. Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda diversifikatsiya qilish, yagona transport tarmog‘ini shakllantirish asosiy vazifalardan biridir. Markaziy Osiyo orqali yirik jahon bozorlari, xususan, Xitoy, Hindiston va Osiyoning boshqa mamlakatlari, shuningdek, Ozarboyjon hamda Turkiya orqali Yevropa davlatlariga chiqishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston ekologiya bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan muammolardan butun insoniyat aziyat chekmoqda. Bu barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni talab qiladi. Turizm sohasi mamlakatlarimizni o‘zaro yaqinlashtirishda katta salohiyatga ega. Ziyorat va madaniy meros ob’yektlariga yangi sayohat marshrutlarini ishlab chiqish yaxshi natijalar berishi mumkin. Chunki bunday tarixiy obidalar barcha turkiy davlatlarda mavjud va ulardan unumli foydalanish ham iqtisodiy, ham madaniy yaqinlashish nuqtai nazaridan katta imkoniyat eshigini ochadi.

Xalqlarimizning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi va boy madaniy merosimizni chuqur o‘rganish, turli tadqiqotlar o‘tkazish va butun dunyoda keng targ‘ib etish alohida e’tibor talab qiladi. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari ham o‘zaro madaniy almashuvda katta o‘rin tutadi. Shu kunlarda O‘zbekistoning barcha shahar va qishloqlarida Ozarboyjon madaniyati kunlari yuqori darajada bo‘lib o‘tmoqda. Madaniyatlarimizdagi yaqinlik, ozarboyjonlik qardoshlarimizning yuksak madaniy asarlari o‘zbek xalqida hamisha katta qiziqish uyg‘otib kelgan. Hozirda bo‘lib o‘tayotgan madaniyat kunlari ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro ta’sirni yangi bosqichga olib chiqdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday almashinuvlar turkiy xalqlar yosh avlod vakillarining o‘zaro madaniy yaqinlashuviga imkon beradi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning hozirgi murakkab global sharoitda o‘zaro yaqinlashuviga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlardan yana biri partiyaviy aloqalarni kuchaytirishdan iboratligi ta’kidlab o‘tildi. Konferensiya arafasida ikki davlatning yirik partiyalari – O‘zLiDeP va “Yangi Ozarboyjon” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani ayni muddao bo‘ldi. Xuddi shunday kelishuvlarni tayyorlash borasida Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hamda Qozog‘istonning “Amanat” partiyasi bilan ham hamkorlik olib borilmoqda.

Turkiy davlatlar siyosiy partiyalari bugun o‘zaro aloqalarda yangi darajaga chiqishga tayyorligi yaqqol ko‘rinmoqdaki, bu esa ko‘proq hamkorlik qilish hamda tajriba almashish, tashkiliy masalalar bo‘yicha o‘zaro muhokamalar o‘tkazish, turli darajadagi delegatsiyalar bilan samarali fikr almashish, ekspertlar uchrashuvlarini tashkil etish, qolaversa, mintaqaviy xalqaro darajada partiyalararo muloqotni rivojlantirish, ikkitomonlama va ko‘ptomonlama seminarlar, konferensiyalar hamda davra suhbatlari uyushtirish, tomonlarning ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish imkonini berishi turgan gap.

Anjumanda A. Xaitov o‘z nutqini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi so‘zlari bilan yakunladi: “O‘z tarixi davomida ko‘p-ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan va ularga birgalikda yechim topgan qardosh xalqlarimiz kelgusida ham buyuk ishlarni amalga oshirishi shubhasiz”.

Bu kabi ulkan ishlarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarimiz ham munosib hissa qo‘shishlari lozim.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?