Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Partiya ustavi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining

USTAVI

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (bundan buyon matnda - Partiya deb yuritiladi) mulkdorlar qatlami, kichik biznes vakillari, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, jamoat tashkilotlari vakillari, ishlab chiqarish sohasidagi mutaxassislar hamda o‘z tadbirkorligi va tashabbuskorligini rivojlantirish evaziga xalq farovonligiga erishishga harakat qilayotgan ijodkor, olimlar va barcha fuqarolarning manfaatlarini va siyosiy irodalarini ifodalovchi siyosiy tashkilot hisoblanadi.

Partiyaning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasi bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi, shaxsning erkin va har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan demokratik huquqiy davlat qurish, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyotining shakllanishida ongli va mas’uliyat bilan ishtirok etishni istovchi barcha O‘zbekiston fuqarolari uchun ochiqdir.

1.2. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni, O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni, amaldagi boshqa qonun hujjatlari hamda ushbu Ustavga muvofiq ravishda amalga oshiradi.

1.3. Partiya o‘z faoliyatida erkin fikr yuritish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, a’zolarining teng huquqliligi, o‘zini o‘zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik prinsiplariga tayanadi.

1.4. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiradi.

1.5. Partiya yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining muhri, shtampi, blankalari, O‘zbekiston banklarida hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

1.6. Partiya qonun hujjatlariga muvofiq mulkiy va nomulkiy huquqlarga, jumladan yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘ladi va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

1.7. Partiyaning to‘liq rasmiy nomi:

– o‘zbek tilida: “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi”;

– rus tilida: «Dvijeniye predprinimateley i delovыx lyudey – Liberalno-demokraticheskaya partiya Uzbekistana».

– ingliz tilida: «Movement of entrepreneurs and businessmen – Liberal-democratic party of Uzbekistan».

Partiyaning qisqa rasmiy nomi:

– o‘zbek tilida: “O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi” yoki “O‘zLiDeP”;

– rus tilida: «Liberalno-demokraticheskaya partiya Uzbekistana» yoki «UzLiDeP».

– ingliz tilida: «Liberal-democratic party of Uzbekistan» yoki «UzLiDeP».

1.8. Partiya belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan ramziy belgilariga, jumladan bayrog‘iga, ramzi (nishoni)ga va boshqalarga ega bo‘lishi mumkin.

1.9. Partiyaning doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organi joylashgan yeri (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Nukus ko‘chasi, 73a-uy. 

II. PARTIYANING MAQSAD VA VAZIFALARI

 2.1. Partiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

Birinchi maqsad. Siyosiy kuch sifatida birlashgan holda tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning mazkur qatlami manfaatlarini himoyalash va ertangi kunini ta’minlash. Shu ijtimoiy toifa nomidan O‘zbekistonning siyosiy sahnasiga chiqish va o‘zining munosib o‘rnini egallash.

Fermerlik harakati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini asosiy ishlab chiqaruvchisiga aylanganini hisobga olib, uni agrar va u bilan bog‘liq tarmoq va ishlab chiqarishlarni yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasi va sifatini oshirish borasida o‘z zimmasiga mas’uliyatni olishga qodir bo‘lgan kuchli ijtimoiy-siyosiy kuchga aylantirish yo‘lida barcha mavjud imkoniyatlarni ishga solish.

Ikkinchi maqsad. Mamlakatning milliy manfaatlari va taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan dasturni Konstitutsiya prinsiplariga suyanib, boshqa siyosiy partiya va harakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Partiyaning kuch va imkoniyatlarini safarbar etish.

O‘zbekiston tanlagan ochiq, bozor  iqtisodiyotiga asoslangan demokratik, huquqiy davlat qurish, fuqarolik jamiyati institutlarining rivojiga keng yo‘l ochib berish va demokratik qadriyatlarni xalq, avvalo yoshlar ongi va hayotiga singdirish.

Uchinchi maqsad. Davlatni boshqarish, jamiyatda shakllanayotgan qarashlarga ta’sir o‘tkazish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, ijtimoiy muammolarni hal etishda ko‘maklashish, O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirishda, yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashda, millatlararo va fuqarolararo ahillik va totuvlikni mustahkamlash ishida faol qatnashish.

Yoshlarni milliy g‘oyaga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat, o‘z elim, o‘z yurtim, jon O‘zbekistonim, deb g‘ururlanib yashash ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish, har qanday sharoitda mustaqillik yo‘lini, qadriyatlar, milliy va diniy an’analar va urf-odatlarni qadrlash barobarida, barcha millat va elatlar qadriyatlarini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, bunday xurujlarga qarshi kurash olib borish.

To‘rtinchi maqsad. Partiyaning siyosiy platformasi — liberal-demokratik g‘oya va qadriyatlarni keng omma ongiga singdirish, bu borada har tomonlama chuqur o‘ylangan tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borish, o‘z safini kengaytirish. Shu g‘oyalarni hayotga tatbiq qilishda fidoyilik ko‘rsatgan faollarni deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatish va saylovchilar ishonchini qozongan o‘z deputatlari zimmasiga davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarida vakillik vazifasini yuklash hamda ularning faoliyatini boshqarish.

2.2. Partiyaning bosh vazifalari quyidagilardan iborat:

– qonunlar va hukumat qarorlari qabul qilinishiga katta ta’sir ko‘rsata oladigan o‘z Dasturi va siyosiy platformasining qoidalari amalda bajarilishini hamda o‘z elektoratining manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash;

– bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishning eng muhim muammolarini hal qilishda tashabbuskor bo‘lish va faol ishtirok etish, mamlakatni modernizatsiya qilish va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, tadbirkorlik erkinligining amaliy kafolatlarini ta’minlash, haqiqiy mulkdorlar qatlamini shakllantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’yektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish;

– davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish, jamiyat hayotida va davlatni boshqarishda ongli va mas’uliyatli ishtirok etishning fuqarolar manfaatlariga mos bo‘lgan xilma-xil shakllarini ta’minlab beradigan nodavlat notijorat tashkilotlarining keng tarmoqli tizimini yaratish;

– agrar sohadagi islohotlarni chuqurlashtirishda faol ishtirok etish orqali fermerlik harakatini rivojlantirish, qishloqda xo‘jalik yuritishning eng istiqbolli va samarali shakli bo‘lmish fermerlikni mustahkamlashga qaratilgan tub o‘zgarishlarni amalga oshirish barobarida, qishloqda haqiqiy mulkdorlar qatlamini shakllantirish, shu jumladan, fermerlarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatidagi ishtirokini faollashtirish hisobiga ularning huquqlarini hamda vakolatlarini kengaytirish.

– muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga jamoatchilik diqqat-e’tiborini tortish hamda ularni Partiya vositalari bilan hal etish yo‘llari haqida ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan bevosita hamkorlik qilish;

– navbatdagi parlament saylovlarida davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi turli darajadagi organlariga nomzod sifatida ko‘rsatiladigan yuqori  malakali, yetarli siyosiy va huquqiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan partiya faollari siymosida siyosiy elitani (siyosiy arboblarni) shakllantirish;

– Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi (bundan buyon matnda – Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) fraksiyasi hamda mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlaridagi guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularda Partiya Dasturini bajarish doirasida qonunchilik tashabbusini izchil va maqsadli amalga oshirish qobiliyatini shakllantirish, bu ishlarning shakl va uslublarini takomillashtirib borish;

– xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi roli va mavqeini kuchaytirish bo‘yicha hamda yoshlarning mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan Partiya siyosatini amalga oshirish, yetakchilik sifatlariga ega bo‘lgan va Partiya g‘oyalariga xayrixohlik bildirgan ayollar va yoshlar vakillarini Partiya safiga jalb qilish, ular orasidan kadrlar zaxirasini tayyorlash;

– boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari, Partiyaning deputatlik birlashmalari a’zolari va boshqa faollariga partiyaviy, siyosiy ta’lim berishning samarali tizimini yaratish, ilg‘or fikrlaydigan, jamiyatni isloh qilish sharoitida faoliyat olib borishga, Partiya  oldida turgan dolzarb muammolarni hal etishga qodir bo‘lgan Partiya rahbar kadrlari zaxirasini tayyorlash, ularni davlat hokimiyatining ijro etuvchi organlaridagi bo‘sh lavozimlarga tavsiya etish.

2.3. Partiya o‘z Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun qonun doirasida:

– Partiya maqsad va vazifalari mohiyatini aholi e’tiboriga samarali tarzda yetkazish, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni muntazam o‘rganib borish, ularni partiyaviy vositalar bilan hal etish, shu jumladan mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda foydalanilmayotgan zaxira va ichki imkoniyatlarni izlab topish va aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish choralarini ko‘radi;

– Qonunchilik palatasida o‘z fraksiyasi hamda mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlarida partiya guruhlarini shakllantirib, ular orqali Partiyaning ijtimoiy tayanchi – tadbirkorlar va ishbilarmon kishilar manfaatlariga mos keladigan qonunlar va hukumat qarorlarini qabul qilishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi;

– davlat hokimiyatining qonunchilik va vakillik organlariga saylangan Partiya a’zolariga ko‘maklashadi;

– tashkil etiladigan saylov okruglarida Partiya nomidan nomzodlarni ko‘rsatish orqali barcha bosqichdagi demokratik saylovlarda – xalq deputatlari Kengashlarining tuman va shahar bosqichlaridan tortib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisigacha ishtirok etadi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etadi.

 

III. PARTIYAGA A’ZOLIK

3.1. Partiyada chegaralangan a’zolik tartibi o‘rnatiladi. Partiyaga 18 yoshga to‘lgan, Partiya Dasturini tan oladigan va Ustavi talablarini bajaradigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va jamiyatda egallagan mavqeidan qat’iy nazar, O‘zbekistonning har bir layoqatli fuqarosi a’zo bo‘lishi mumkin.

3.2. Partiyaga a’zolik yakka tartibda bo‘ladi. Partiyaga qabul qilish yashash yoki ish joyidagi partiya tashkilotiga yoki Partiyaning tuman (shahar) Kengashiga yozma yoxud partiya veb sayti orqali elektron ariza berish asosida amalga oshiriladi.

Partiyaga a’zo bo‘lgan shaxslarga ularning turar joyi yoki ish joyidagi partiya tashkiloti yoki Partiyaning tuman (shahar) Kengashi tomonidan o‘rnatilgan namunadagi Partiya a’zosi guvohnomasi beriladi.

3.3. Partiya a’zolari hisoblangan shaxslar boshlang‘ich partiya tashkilotiga yozma ravishda ma’lum qilish orqali Partiyadan ixtiyoriy ravishda chiqishlari mumkin.

3.4. Partiya a’zosi partiya Ustavini, Odob-axloq qoidalarini buzgan yoki Ustav talablarini, partiyaviy majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, shuningdek, Partiya sha’niga dog‘ tushirgani yoki unga ziyon yetkazadigan xatti-harakatlarni sodir etganda unga nisbatan quyidagi ta’sir choralaridan biri qo‘llanilishi mumkin:

tanbeh berish va Odob-axloq qoidalarini buzish mumkin emasligi to‘g‘risida ogohlantirish, bunday holat yana qaytarilmasligini qat’iy talab qilish;

partiya majlislarida qatnashish (so‘z olish) huquqi vaqtinchalik cheklash;

nomaqbul xatti-harakat sodir etgan partiya a’zosiga jamoatchilik oldida kechirim so‘rash talabini qo‘yish;

ushbu Ustavning 3.5.-bandida nazarda tutilgan hollarda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yoki partiyaning tegishli hududiy kengashi qarori bilan O’zLiDeP a’zosini partiya safidan chiqarish. Vakillik organlari deputatlarini partiya safidan chiqarish faqat O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

3.5. Partiya a’zosi quyidagi hollarda Partiya safidan chiqariladi:

o‘z arizasiga ko‘ra;

Partiya Ustavini muntazam ravishda buzgan yoki Ustav talablarini, partiyaviy majburiyatlarini bajarmagan taqdirda;

Partiyaning Odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganda yoxud Partiya sha’niga dog‘ tushiruvchi yoki unga ziyon yetkazuvchi xatti-harakatlarni sodir etganda;

Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi safidan chiqarilganda;

boshqa siyosiy partiyaga a’zo bo‘lganda;

boshqa siyosiy partiya hamda u tomonidan ilgari surilayotgan nomzodning saylov kampaniyasida ish boshlasa, shu jumladan, uning ishonchli vakili sifatida faoliyat yuritsa;

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganda;

vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki vafot etgan deb topilganda.

Partiya a’zosi Partiya safidan chiqarilganda Partiyadagi saylangan lavozimidan mahrum bo‘ladi.

Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi tomonidan qabul qilinadi va hududiy partiya tashkilotiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Hududiy partiya tashkiloti va Partiyaning tuman (shahar) bo‘limlari Kengashlari a’zolarini Partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishli hududiy partiya tashkiloti tomonidan qabul qilinadi va Partiya Siyosiy Kengashining Ijroiya qo‘mitasida tasdiqlanadi.

Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror ustidan Partiyaning yuqori turuvchi organlariga shikoyat qilinishi mumkin.

3.6. Partiya a’zosi bir vaqtning o‘zida o‘zga partiyalarga yoki siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida tuzilgan jamoat birlashmalariga (harakatlariga) a’zo bo‘lishga haqli emas.

 

IV. PARTIYA A’ZOSINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Partiya a’zosi quyidagi huquqlarga ega:

– Partiyaning turli bo‘g‘indagi tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, o‘z qarashlarini erkin bayon etish va Partiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;

– Partiyaning rahbar organlariga saylash va saylanish, ularga ariza va takliflar bilan murojaat etish;

– davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlariga Partiya nomidan nomzod sifatida tavsiya etilish;

– o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalanishida Partiya ko‘magidan foydalanish, konsultatsiyalar, huquqiy va boshqa yordamlar olish.

4.2. Partiya a’zosining majburiyatlari:

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, axloq prinsiplari va jamiyatning ma’naviy mezonlariga rioya qilish;

– Partiyaning Ustavi va dasturiy hujjatlari talablarini bajarish, partiyaviy intizomga qat’iy rioya qilish, Partiya rahbar organlari qarorlarini bajarish;

– muhokamalarda fikr va mulohazalarini erkin bayon etish hamda Partiyaning dasturiy vazifalari va asosiy g‘oyalari asosida shakllantirilgan yakuniy kollegial pozisiyasini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlash;

– o‘z faoliyati bilan Partiyaning dasturiy hujjatlarini amalga oshirishga hamda maqsad va vazifalariga erishishga har tomonlama ko‘maklashish;

– insonlar va ularning muammolariga tushunish va e’tibor bilan yondashish, ularning huquqlarini himoya qilish va tiklashda o‘z vakolati doirasida yordam ko‘rsatish;

– inson huquq va erkinliklari buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakat va chiqishlardan tiyilish, inson sha’nini kamsituvchi bayonotlar bermaslik;

– ommaviy bayonotlar bilan chiqishda, tanqidiy fikrlarga munosabat bildirishda kamtarlik va bosiqlik prinsiplariga qat’iy amal qilish;

– partiyaning dasturiy hujjatlarida, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni amalga oshirish uchun harakat qilish; 

– Partiya manfaatlarini himoya etish, Partiya o‘tkazadigan saylov kampaniyalarida faol ishtirok etish;

– Partiyaning g‘oya, maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish hamda ularni hayotga tatbiq etishda faol qatnashish, shuningdek, partiya safiga yangi a’zolarni jalb etish choralarini ko‘rish;

– a’zolik badallarini o‘z vaqtida to‘lab borish;

– partiya organlari faoliyatida va majlislarida ishtirok etish, Partiyaning rahbar organi yoki hududiy tashkiloti belgilagan tartibda partiyaviy o‘quvlarda muntazam ravishda qatnashish;

– davlat hokimiyatining vakillik organiga deputat etib saylangan taqdirda Partiyaning deputatlik birlashmasi (fraksiyasi, partiya guruhi) tarkibiga kirish, vakillik organlarida Partiyaning yagona kollegial pozisiyasini ifodalash va qo‘llab-quvvatlash, Partiya va elektorat manfaatlarini har tomonlama himoya qilish;

– o‘zini va Partiyani obro‘sizlantiruvchi harakatlarni sodir etishdan tiyilish.

4.3. Partiya a’zolari Partiya Siyosiy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Odob-axloq qoidalariga rioya etishlari lozim. 

 

V. PARTIYANING TASHKILIY TUZILMASI

5.1. Partiya quyidagi hududiy bo‘linish asosida tashkil etiladi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tashkilotlari – hududiy partiya tashkilotlari, ular tarkibiga kiruvchi tuman (shahar) bo‘limlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari.

5.2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faqat bittadan hududiy partiya tashkiloti tuziladi.

5.3. Partiya tuman (shahar) bo‘limi boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, birlashtirish va ularga yuqori Partiya tashkilotlari qarorlarini yetkazish va bajarilishini ta’minlash maqsadida tuziladi.

5.4. Boshlang‘ich tashkilot Partiyaning asosiy bo‘g‘ini. Boshlang‘ich tashkilot aholining turli qatlamlari vakillari bilan bevosita aloqada ish yuritish va ularga ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan Partiyaning quyi tuzilmasidir.

Boshlang‘ich partiya tashkiloti har tomonlama bilimdon, siyosiy va ijtimoiy tayyorgarlikka, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish sohasida yangi g‘oya va takliflarga ega bo‘lgan, partiya vositalari bilan tadbirkorlar, fermerlar, xususiy sektor vakillari va boshqa Partiya a’zolari manfaatlarini ifodalashga qodir, obro‘li va jonkuyar shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishidan tashkil topadi.

Boshlang‘ich partiya tashkiloti tashabbuskor va ishchan bo‘lishi, Partiyaning taktik vazifalariga muvofiq ish shakli va uslublarini tez o‘zgartirish qobiliyatiga ega bo‘lishi va aholining dolzarb, kundalik muammolarini hal etishda amaliy tadbirlarni bajarish bilan shug‘ullanishi kerak.

5.5. Partiyaning tegishli yuqori rahbar organlari hududiy, tuman (shahar), boshlang‘ich partiya tashkilotlari qarorlarini bekor qilish va ijrosini to‘xtatish huquqiga ega.

5.6. Hududiy partiya tashkiloti va tuman (shahar) bo‘limlarining huquq va majburiyatlari, shu jumladan, ularning mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari, ularni tashkil etish va tugatish tartibi ularning nizomlarida belgilanadi.

 VI. PARTIYANING RAHBAR VA NAZORAT ORGANLARI HAMDA ULARNING VAKOLATLARI

 6.1. Partiyaning oliy rahbar organi.

6.1.1. Partiyaning oliy rahbar organi Kongress hisoblanadi va u
5 yilda kamida ikki marotaba o‘tkaziladi. Kongress hududiy partiya tashkilotlarining yarmidan ko‘pining vakillari (delegatlari) va Kongress delegatlarining yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

6.1.2. Navbatdan tashqari Kongress Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi taklifi, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi yoki hududiy partiya tashkilotlarining uchdan bir qismining talablari bilan Siyosiy Kengash qarori asosida chaqiriladi.

6.1.3. Navbatdagi va navbatdan tashqari Kongressni chaqirish to‘g‘risidagi qaror Partiya Siyosiy Kengashi tomonidan uning o‘tkazilishi belgilangan muddatdan kamida kamida o‘n besh kun oldin qabul qilinadi. Ushbu qarorda, shuningdek Kongressning kun tartibi loyihasi, vakillik me’yori va delegatlarni saylash tartibi belgilanadi.

6.1.4. Kongress delegatlari Kongressni chaqirish to‘g‘risidagi qabul qilingan qarorda belgilangan tartibda hududiy partiya tashkilotlari Konferensiyalarida saylanadilar.

6.1.5. Partiya Siyosiy Kengashi, Markaziy  nazorat-taftish komissiyasi hamda Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari Kongressning to‘g‘ridan-to‘g‘ri (saylanmaydigan) delegatlari hisoblanadilar.

6.1.6. Kongressning vakolatlariga quyidagilar kiradi:

– Partiya Dasturi va Ustavini qabul qilish va tasdiqlash, ularga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish;

– Partiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini va istiqboldagi rejalarni belgilash;

– Partiya Siyosiy Kengashi a’zolarining sonini belgilash va a’zolarini saylash. Siyosiy Kengash tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish. (Ustavning
6.2.5.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

– Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolarining sonini belgilash va a’zolarini saylash (Ustavning 6.4.6.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

– Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi va Markaziy nazorat-taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish va tasdiqlash;

– Markaziy nazorat-taftish komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;

– Partiyani qayta tashkil etish va faoliyatini tugatish;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish;

– Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko‘rsatish (Ustavning
6.2.5.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

Kongress Partiya faoliyatiga taalluqli boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

6.1.7. Kongress qarorlari Partiyaning barcha organlari, tashkilotlari va a’zolari uchun majburiy kuchga ega.

6.1.8. Kongress mazkur Ustavda belgilangan ayrim vakolatlarini Siyosiy Kengashga berishi mumkin.

6.2. Partiya Siyosiy Kengashi.         

6.2.1. Partiyaning Siyosiy Kengashi kongresslar oralig‘idagi davrda Partiyaning markaziy rahbar organi hisoblanadi, Partiya manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish yuritadi.

6.2.2. Siyosiy Kengash o‘z faoliyatini Kongress qarorlari asosida amalga oshiradi. Siyosiy Kengash majlislari bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.

6.2.3. Siyosiy Kengash a’zolari Kongressda eng faol va tashabbuskor, safdoshlari o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan Partiya a’zolari orasidan besh yil muddatga saylanadilar. Siyosiy Kengash a’zolarining soni Kongress tomonidan belgilanadi.

Siyosiy Kengash tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan vakillardan tashkil topadi.

Siyosiy Kengash a’zolarining vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari Partiya Siyosiy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarda belgilab beriladi.

6.2.4. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan lavozimiga tasdiqlangan hududiy partiya tashkiloti Kengashi raisi Siyosiy Kengashning to‘g‘ridan-to‘g‘ri (saylanmaydigan) a’zosi hisoblanadi.

6.2.5. Siyosiy Kengash vakolatlari quyidagilardan iborat:

– Partiyaning siyosiy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish;

– Kongressni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

– Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tarkibini, uning a’zolari va rahbariyatini tasdiqlash;

– Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ichidan Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlash;

– Partiya ramziy belgilarini tasdiqlash;

– mamlakat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotida jiddiy ahamiyat kasb etuvchi masalalar bo‘yicha Partiya pozisiyasini belgilash hamda dasturiy hujjatlar qabul qilish;

– Kongressga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risida taklif kiritish;

– Kongressga Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risida taklif kiritish;

– u yoki bu shaxsni Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni saylovga kechi bilan besh kun qolganda bekor qilishi mumkin va bu shaxs Markaziy saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum

etilganda, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritish;

– Markaziy saylov komissiyasi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan taqdirda, boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rinlarga nomzodlarni ko‘rsatish hamda ularning saylovoldi kampaniyasini olib borishga ko‘maklashish;

– Kongresslar oralig‘idagi davrda Siyosiy Kengash tarkibidan a’zolarni chiqarish va chiqarilgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolarni navbatdagi Kongressda tasdiqlash sharti bilan saylash va tasdiqlash;

– Partiya Dasturini amalga oshirishda salmoqli hissa qo‘shgan Partiya a’zolarini davlat mukofotlariga tavsiya etish;

– Partiya Odob-axloq qoidalarini tasdiqlash;

– Partiya byudjetini tasdiqlash;

– a’zolik badallari miqdori va ularni to‘lash tartibini belgilash;

– qonun hujjatlari asosida belgilangan yoki Kongress tomonidan yuklatilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

6.2.6. Siyosiy Kengash mazkur Ustavda belgilangan ayrim vakolatlarini Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasiga berishi mumkin.

6.3. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi.

6.3.1. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Partiyaning doimiy faoliyat yurituvchi markaziy boshqaruv, ijroiya va muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi.

6.3.2. Partiya Siyosiy Kengashi majlislari oralig‘idagi davrda, Ijroiya qo‘mita Partiya Kongressi va Siyosiy Kengashi unga bergan vakolatlar doirasida, Partiya manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan harakat qiladi.

6.3.3. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining majlislari zaruratga qarab, ammo uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining majlisi vakolatli bo‘lishi uchun a’zolar sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lishi zarur. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasida masalalarni muhokama qilish ochiq tarzda amalga oshiriladi.

6.3.4. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi:

– Kongress va Siyosiy Kengash majlislarini chaqirish va o‘tkazilishini tashkillashtiradi;

– Kongress va Siyosiy Kengash majlislari qarorlarining bajarilishini tashkil qiladi;

– hududiy partiya tashkilotlarini hamda tuman (shahar) partiya bo‘limlarini tashkil etish va ular faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

– hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasini tasdiqlaydi;

– markaziy va mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga nomzodlarni tanlash va tavsiya etish tadbirlari bilan shug‘ullanadi;

– Partiya ishtirok etayotgan saylov mavsumlarini o‘tkazishga mas’uldir;

– partiyaning saylovlar jarayonidagi qatnashish strategiyasini belgilaydi;

– saylovlar jarayonida partiya va nomzodlarga ajratilgan mablag‘lardan foydalanish tartibini belgilaydi va nazorat qiladi;

– Partiyaning saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlash masalalarini tizimli asosda ko‘rib boradi;

– Partiya a’zolarining markazlashgan hisobini olib boradi;

– a’zolik badallari tushumi hisobotini olib boradi;

– Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

– Partiyaning barcha tuzilmaviy bo‘linmalarining bir maromda, yakdil, jipslashgan asosdagi ish faoliyatini ta’minlaydi va ushbu maqsadlarda tegishli hujjatlarni jumladan, nizomlar va yo‘riqnomalarni tasdiqlaydi.

– Partiya a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari, tuman (shahar) bo‘limlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari va boshqa faollarini, mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlaridagi partiya guruhlari a’zolarini belgilangan tartibda o‘qitish va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkillashtiradi;

– Partiyaning hamkor tashkilotlari bilan siyosiy hamkorlikni amalga oshirish doirasida qabul qilingan maxsus dastur va rejalarning bajarilishini ta’minlaydi;

– Partiyaning yillik byudjeti loyihasini ishlab chiqadi va Siyosiy Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etadi;

– Mablag‘larning Siyosiy Kengash tasdiqlagan byudjet doirasida sarflanishini  ta’minlaydi;

– Partiyaning mazkur Ustavdan kelib chiquvchi vazifalarini bajarish maqsadida tashkilot, korxona va muassasalarni ta’sis etadi, ularning rahbarlarini tayinlaydi va faoliyatini nazorat qiladi;

– Kongress va Siyosiy Kengashga hisobdordir;

– hududiy partiya tashkiloti maqomi, uning Kengashi raisi va o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi qarorlarni tasdiqlaydi;

– mazkur Ustav va boshqa me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilgan vakolatlarga ega.

– Kongress va Siyosiy Kengashga hisobdordir;

6.3.5. Ijroiya qo‘mita o‘z vakolat doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qaror va farmoyishlar qabul qiladi. Bu qaror va farmoyishlar Ijroiya qo‘mita raisi yoki tegishli soha bo‘yicha uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.

6.3.6. Ijroiya qo‘mita raisi quyidagi vakolatlarga ega:

– partiyalararo munosabatlarda Partiya nomidan ish yuritish;

– Ijroiya qo‘mita majlislarida raislik qilish;

  • Ijroiya qo‘mita raisi o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalar taqsimotini belgilash;
  • Ijroiya qo‘mita qarorlari, farmoyishlari va buyruqlarini imzolash;

– Ijroiya qo‘mita apparati, hududiy partiya tashkilotlarining shtatlar jadvalini tasdiqlash;

– Partiya faoliyatiga doir moliyaviy hujjatlarni imzolashi yoki ushbu vakolatni o‘zining o‘rinbosarlaridan biriga yuklash;

– Ijroiya qo‘mita apparati xodimlari, hududiy partiya tashkiloti Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va ularni o‘rnatilgan tartibda bekor qilish;

– Partiya oldida turgan alohida vazifalarni hal etish maqsadida Ijroiya qo‘mita huzurida komissiyalar, ishchi guruhlarni shakllantirish va ularning maqomini belgilash;

– markaziy davlat organlari va mahalliy hokimliklar, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qilish;

– Partiya a’zolarini hisobga olish, a’zolikka qabul qilish, a’zolikni to‘xtatib turish, a’zolikdan chiqarish, a’zolik guvohnomalarini tayyorlash, berish, saqlash, qo‘llanish, almashtirishning huquqiy asoslarini belgilash;

– boshlang‘ich partiya tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;

– Partiya Ustavida belgilangan Kongress va Siyosiy Kengash faoliyati doirasiga kirmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

6.3.7. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari, Partiya tarkibiy tuzilmalari rahbarlarining vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarda belgilab beriladi.

6.3.8. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining joriy faoliyatini Ijroiya qo‘mita apparati amalga oshiradi. Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi apparatining tuzilmasi, tarkibi, soni, ish yuritish tartibi Ijroiya qo‘mita qarori bilan tasdiqlanadi. Ijroiya qo‘mita apparatining mas’ul xodimlari Ijroiya qo‘mita raisining buyruqlari bilan o‘z vazifalariga tayinlanadi va undan ozod qilinadi.

6.4. Partiyaning Markaziy nazorat-taftish komissiyasi.

6.4.1. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi Partiyaning markaziy nazorat organi bo‘lib, Partiyaning rahbar va ijroiya organlari, quyi partiya tashkilotlari ustidan ushbu Ustav va Partiya rahbar organlarining qarorlari bajarilishini hamda ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatlarini nazorat qiladi.

6.4.2. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi Kongress tomonidan tasdiqlangan nizom va ushbu Ustav asosida o‘z faoliyatini olib boradi.

6.4.3. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolarining soni Kongress tomonidan belgilanadi. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolari ochiq ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadilar. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zosi bir vaqtning o‘zida Siyosiy Kengash a’zosi bo‘lishi yoki uning ijroiya organlarida ishlashi mumkin emas.

6.4.4. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi o‘z majlisida komissiya raisi va uning o‘rinbosarini saylaydi.

6.4.5. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi majlislarida Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari maslahat ovozi bilan ishtirok etishi mumkin.

6.4.6. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi vakolatlari:

– Partiya rahbar organlari, quyi partiya tashkilotlari va Partiya a’zolarining mazkur Ustav, partiya Dasturi, qarorlar va me’yorlarni bajarilishi va rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatadi;

– Partiya tuzilmalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati hamda yillik partiya byudjeti rejasining maqsadli amalga oshirilishi ustidan taftish o‘tkazadi;

– Partiya a’zolarining ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;

– o‘z tarkibi doirasida faoliyat yurituvchi doimiy ishchi organ tuzadi;

– Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar tashkilotlarining Nazorat-taftish komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va zarur hollarda ularning hisobotlarini tinglaydi.

Kongresslar oralig‘idagi davrda Markaziy nazorat-taftish komissiyasi o‘zining tarkibiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin va keyinchalik ular Kongressda tasdiqlanadi.

6.4.7. Markaziy nazorat-taftish komissiyasi mazkur Ustav va Kongress qarorlaridan kelib chiqadigan boshqa vakolatlarni amalga oshirishi mumkin.

6.5. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzuridagi Intizom va Odob-axloq Komissiyasi

6.5.1. Komissiya partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarini oldini olish va odob-axloq qoidalariga rioya etish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish maqsadida tuziladi.

6.5.2. Komissiya Komissiya raisi, kotibi va a’zolaridan iborat bo‘lib, umumiy soni o‘n bir nafardan kam bo‘lmasligi va toq sonda bo‘lishi lozim.

6.5.3. Komissiya tarkibiga tajribali, partiyaviy faoliyatda obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan partiya faollari kiritiladi.

6.5.4. Komissiya tarkibi Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlanadi va doimiy ravishda faoliyat yuritadi.

6.5.6. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarning partiyaviy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalarini ko‘rib chiqish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar o‘rtasida axloq normalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarning odob-axloq qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi holatini tahlil qilish, natijalari haqida partiya rahbariyati va jamoatchilikni xabardor qilib borish.

6.5.7. Komissiya o‘z vakolatlari doirasida:

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlaydi;

partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarning odob-axloq qoidalari bilan bog‘liq masalalarini ko‘rib chiqish jarayonida zarur axborotni so‘rab oladi;

ko‘rib chiqish uchun kiritilgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga ekspertlar va mutaxassislarni jalb qiladi;

odob-axloq qoidalariga oid masalalar yuzasidan partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarga tegishli maslahat va tushuntirishlar beradi;

zarur hollarda, Komissiyada ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha davlat xizmatchisini intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli partiya tashkiloti rahbariga taklif kiritadi.

6.5.8. Partiya Intizom va Odob-axloq Komissiyasi o‘z faoliyatini ushbu Ustav va Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida Nizom talablari asosida amalga oshiradi.

 

VII. HUDUDIY PARTIYA TASHKILOTLARI

7.1. Hududiy partiya tashkilotlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy hududida tuzilgan Partiyaning tarkibiy bo‘linmalaridir. Hududiy partiya tashkiloti tuman va shaharlarda shakllantirilgan Partiya bo‘limlari faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida tuziladi. Hududiy partiya tashkilotlari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari, mazkur Ustav, Partiya Dasturi va hududiy partiya tashkilotlari to‘g‘risidagi Nizomga tayangan holda tashkil etadilar.

7.2. Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlariga, ularning o‘rnatilgan tartibdagi murojaatnomasiga asosan, yuridik shaxs maqomi berilishi mumkin.

7.3. Hududiy partiya tashkilotining Konferensiyasi.

7.3.1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarining rahbar organi Konferensiya hisoblanadi. Konferensiya besh yilda kamida bir marotaba, Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq, hisobot-saylov ko‘rinishida o‘tkaziladi va Konferensiya delegatlarining yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Konferensiyaga delegatlar yuqori partiya tashkiloti tomonidan belgilangan vakillik me’yori asosida saylanadi.

Navbatdan tashqari Konferensiya tegishli hududiy partiya tashkilotining  Nazorat-taftish komissiyasi yoki tuman, shahar partiya tashkilotlarining uchdan bir qismi talablari bilan Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining Konferensiya kun tartibida belgilangan qarori asosida chaqiriladi.

7.3.2. Konferensiya vakolatlariga quyidagilar kiradi:

– Partiya dasturiy maqsadlari, Kongress, Siyosiy Kengash va Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarorlaridan kelib chiqadigan tegishli hududiy partiya tashkilotining vazifalari va ularni bajarish bo‘yicha tadbirlarni belgilash;

– hududiy partiya tashkiloti Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarini saylash (Ustavning 7.4.4.-bandi va 7.7.3.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

– hududiy partiya tashkiloti Kengashi, Nazorat-taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

– belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga nomzodlarni ko‘rsatish (Ustavning 7.4.7.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

– Partiya Kongressiga delegatlarni saylash.

7.4. Hududiy partiya tashkilotining Kengashi.

7.4.1. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Konferensiyalar oralig‘idagi davrda tegishli hududiy partiya tashkilotining rahbar organi hisoblanadi, uning manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish yuritadi.

Kengash a’zolari xududiy partiya tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasida delegatlar orasidan navbatdagi hisobot-saylov Konferensiyasiga qadar bo‘lgan muddatga saylanadilar. Kengash a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan hududiy partiya tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasiga muvofiq, Konferensiya tomonidan belgilanadi.

7.4.2. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi majlisi, zaruriyatga qarab, ammo bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Kengash qarorlari hisobdor organlar va quyi tashkilotlar uchun majburiydir. Alohida hollarda, ushbu Ustavda belgilangan holatlarda Kengash qarorlari Partiya Siyosiy Kengashi yoki Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlanganidan keyin qonuniy kuchga kiradi.

7.4.3. Kengash majlisida hududiy partiya tashkilotining joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish uchun Kengash a’zolari tarkibidan rais va uning o‘rinbosarlari saylanadilar.

Hududiy partiya tashkiloti Kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga saylash uchun nomzodlar Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tavsiya etiladi. Kengash raisi va uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi hududiy partiya tashkiloti kengashining qarori Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Navbatdagi hisobot-saylov Konferensiyasida avvalgi Kengash raisi va uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi o‘rinbosarlarining vakolatlari tugatilgan hisoblanadi va Konferensiyada yangi saylangan Kengash a’zolari tarkibidan Kengashning birinchi majlisida rais va uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi o‘rinbosarlari yangitdan saylanadi.

7.4.4. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi majlisi Konferensiyalar oralig‘idagi davrda Kengash tarkibidan a’zolarini chiqarish va chiqarilgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolarni navbatdagi Konferensiyada tasdiqlash sharti bilan saylash vakolatiga ega bo‘ladi.

7.4.5. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari hamda tegishli davlat hokimiyati vakillik organidagi deputatlik birlashmasining a’zolari hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri (saylanmaydigan) delegatlari hisoblanadilar.

7.4.6. Hududiy partiya tashkiloti qarori bilan lavozimiga tasdiqlangan tuman (shahar) partiya bo‘limi Kengashi raisi hududiy partiya tashkiloti Kengashining to‘g‘ridan-to‘g‘ri (saylanmaydigan) a’zosi hisoblanadi.

7.4.7. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi:

– hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasi va Kengash majlislarini chaqirish va o‘tkazilishini tashkillashtiradi;

– Partiya Siyosiy Kengashi, Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi, hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasi va Kengashi qarorlarining bajarilishini tashkil qiladi;

– saylovga qadar istalgan vaqtda u yoki bu shaxsni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishi mumkin va bunday shaxs tegishli viloyat saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum etiladi hamda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli viloyat saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritadi;

– tegishli xalq deputatlari Kengashi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olinganda va boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga nomzodlarni tanlash va ko‘rsatish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

– Partiya ishtirok etayotgan saylovoldi kampaniyasini o‘tkazishga mas’uldir;

– mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlaridagi partiya guruhi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

– hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolarini saylaydi;

– Partiya rahbar kadrlari va boshqa faollarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi;

– Partiya hamkor tashkilotlar bilan siyosiy hamkorlikni amalga oshirish doirasida maxsus dastur va rejalarning qabul qilinishi va bajarilishini ta’minlaydi;

– hududiy partiya tashkilotining byudjeti loyihasini ishlab chiqadi va Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga tasdiqlash uchun taqdim etadi;

– Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi taklifiga asosan boshlang‘ich partiya tashkilotini tuzish to‘g‘risida qarorni tasdiqlaydi;

– Partiya a’zolarining biriktirilgan hudud bo‘yicha hisobini olib boradi;

– a’zolik badallari tushumi hisobotini olib boradi;

– hududiy partiya tashkilotining Konferensiyasi tomonidan beriladigan boshqa vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin.

7.4.8. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi o‘z vakolat doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qaror va farmoyishlar qabul qiladi. Bu qaror va farmoyishlar Kengash raisi yoki uning birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari tomonidan imzolanadi.

7.5. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi raisi quyidagi vakolatlarga ega:

– hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasi, Kengashi va yuqori partiya tashkiloti qarorlarining bajarilishini tashkil etish, shu maqsadda quyi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

– hududiy partiya tashkiloti Kengashi, Ijroiya qo‘mitasi majlislarini olib borish, ushbu majlislar qarorlarini imzolash;

– hududiy partiya tashkiloti joriy faoliyatiga rahbarlik qilish, uning nomidan ishonchnomasiz ish olib borish, ishonchnomalarni taqdim etish, bitimlar, mehnat shartnomalarini tuzish va boshqa hujjatlarni imzolash;

– Kengashning Ijroiya qo‘mitasiga umumiy rahbarlik qilish;

– tuman (shahar) partiya bo‘limi Kengashi raisi va uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tuman (shahar) partiya bo‘limi qarorini tasdiqlash;

– Kengashning ijroiya apparati xodimlari, Partiyaning tuman (shahar) Kengashlari raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbarlari va ijroiya apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va ularni o‘rnatilgan tartibda bekor qilish;

– boshlang‘ich partiya tashkilotini tuzish to‘g‘risida qarorni tasdiqlash;

– hududiy partiya tashkiloti faoliyatiga doir moliyaviy hujjatlarni imzolashi yoki ushbu vakolatni o‘zining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbariga yuklashi mumkin;

– Partiya a’zolarini hisobga olish, a’zolikka qabul qilish, a’zolikni to‘xtatib turish, a’zolikdan chiqarish tadbirlarini tashkillashtirish.

7.6. Hududiy partiya tashkiloti Kengashining Ijroiya qo‘mitasi tegishli hududiy partiya tashkilotining ijroiya organidir.

Hududiy partiya tashkiloti Kengashining majlislari oralig‘idagi davrda Ijroiya qo‘mitasi, unga berilgan vakolatlar doirasida, tegishli hududiy partiya tashkilotining manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish yuritadi. Ijroiya qo‘mita a’zolari navbatdagi Konferensiyalar oralig‘idagi davrga saylangan Kengash a’zolari orasidan Kengash majlisida saylanadilar. Ijroiya qo‘mita a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan belgilanadi.

Navbatdagi Konferensiyada yangitdan saylangan Kengash a’zolari tarkibidan yangi Ijroiya qo‘mita a’zolari saylanadi.

Ijroiya qo‘mitaning vakolatlari hududiy partiya tashkiloti nizomida belgilanadi.

Hududiy partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha quyi tashkilotlar uchun majburiydir.

7.7. Hududiy partiya tashkilotining  Nazorat-taftish komissiyasi.

7.7.1. Hududiy partiya tashkilotining  Nazorat-taftish komissiyasi tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashi, Ijroiya qo‘mitasi, quyi partiya bo‘limlarining Ustav doirasida amalga oshirayotgan hamda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini, Partiya byudjetining to‘g‘ri shakllantirilishi va sarflanishini nazorat qiluvchi organdir.

Hududiy partiya tashkilotlarining  Nazorat-taftish komissiyalari a’zolari partiya tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasida delegatlar orasidan saylanadilar. Mazkur komissiya a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan belgilanadi.

Navbatdagi Konferensiyada Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarining vakolati tugagan hisoblanadi va ushbu Konferensiyada Nazorat-taftish komissiyaning yangi tarkibi saylanadi.

Hududiy partiya tashkilotlarining Nazorat-taftish komissiyalari hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasi va Markaziy nazorat-taftish komissiyasi oldida hisobdordir.

Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining Nazorat-taftish komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va zarur hollarda ularning hisobotlarini tinglaydi.

7.7.2. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisini saylaydi. Hududiy partiya tashkiloti rahbarlari, Kengash a’zolari va ijroiya apparati xodimlari Nazorat-taftish komissiyasi a’zoligiga saylanishi mumkin emas.

7.7.3. Konferensiyalar oralig‘idagi davrda hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi o‘zining tarkibiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin va keyinchalik ular Konferensiyada tasdiqlanadi.

7.7.4. Hududiy partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi o‘z faoliyatida Partiya Ustaviga, tegishli hududiy partiya tashkiloti nizomiga hamda Markaziy  nazorat-taftish komissiyasining me’yoriy hujjatlariga amal qiladi.

7.8. Hududiy partiya tashkiloti Kengashi huzuridagi Intizom va Odob-axloq komissiyasi

7.8.1. Komissiya partiya a’zosi, xodimlari hamda mahalliy kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarini oldini olish va odob-axloq qoidalariga rioya etish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish maqsadida tuziladi.

7.8.2. Hududiy partiya tashkilotlarida komissiya Komissiya raisi, kotibi va a’zolaridan iborat bo‘lib, umumiy soni 7 nafardan kam bo‘lmasligi va toq sonda bo‘lishi lozim.

7.8.3. Komissiya tarkibi partiya hududiy kengashlari qarori bilan tasdiqlanadi va doimiy ravishda faoliyat yuritadi.

7.8.4. Komissiyalarning asosiy vazifalari va funksiyalari Partiya Intizom va Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomda belgilangan bo‘lib, komissiyalar Partiya Ustavi va Partiya a’zolarining Odob-axloq qoidalarida belgilangan talablar doirasida faoliyat olib boradi.

 

VIII. PARTIYA HUDUDIY TASHKILOTINING TUMAN (SHAHAR) BO‘LIMLARI

 8.1. Tuman (shahar) partiya bo‘limi hududiy partiya tashkilotining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida tuziladi.

8.2. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi tegishli hududiy partiya tashkilotining taklifiga binoan Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tashkil etiladi va tugatiladi. Partiya tuman (shahar) bo‘limlari Partiya Ustavi hamda tegishli tuman (shahar) bo‘limi nizomi asosida faoliyat yuritadilar.

8.3. Partiya tuman (shahar) bo‘limining Konferensiyasi.

8.3.1. Partiya tuman (shahar) bo‘limining rahbar organi Konferensiya hisoblanadi. Konferensiya odatda besh yilda kamida bir marotaba hisobot-saylov ko‘rinishida o‘tkaziladi va Konferensiya delegatlarining yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Konferensiya tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashining qarori asosida chaqiriladi va mazkur qarorda boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishida Konferensiyaga saylanadigan delegatlarning vakillik me’yori belgilanadi.

8.3.2. Tegishli hududiy partiya tashkiloti qarori yoki Partiya a’zolarining uchdan bir qismining talabi bilan Partiya tuman (shahar) bo‘limining navbatdan tashqari Konferensiyasi chaqirilishi mumkin.

8.3.3. Konferensiya vakolatlariga quyidagilar kiradi:

– Partiya dasturiy maqsadlari, Partiya Kongress, Siyosiy Kengashi va Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi, tegishli hududiy partiya tashkiloti qarorlaridan kelib chiqadigan vazifalarni va ularni bajarish bo‘yicha tadbirlarni belgilash;

– Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarini saylash (Ustavning 8.4.4.-bandi va 8.7.1.-bandidagi holatlar bundan mustasno);

– Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi, Nazorat-taftish komissiyasi hisobotlarini  tinglash va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

– belgilangan tartibda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish (Ustavning 8.4.6.-bandi bundan mustasno);

– tegishli yuqori turuvchi hududiy partiya tashkiloti Konferensiyasiga delegatlarni saylash.

8.4. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi.

8.4.1. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi Konferensiyalar oralig‘ida tegishli tuman (shahar) bo‘limining rahbar organi hisoblanadi, uning manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish yuritadi.

Kengash a’zolari tuman (shahar) partiya tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasida delegatlar orasidan keyingi, navbatdagi hisobot-saylov Konferensiyasiga qadar bo‘lgan muddatga saylanadilar. Kengash a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan hududiy partiya tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasiga muvofiq Konferensiya tomonidan belgilanadi.

8.4.2. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi majlisi, zaruriyatga qarab, ammo bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Kengash qarorlari hisobdor organlar va boshlang‘ich partiya tashkilotlari uchun majburiydir. Alohida hollarda, ushbu Ustavda belgilangan holatlarda Kengash qarorlari hududiy partiya tashkiloti tomonidan tasdiqlanganidan keyin qonuniy kuchga kiradi.

8.4.3. Kengash majlisida tuman (shahar) bo‘limining joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish uchun Kengash tarkibidan rais va uning o‘rinbosarlari saylanadilar.

Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi bilan kelishilgandan so‘ng hududiy partiya tashkiloti tomonidan saylashga tavsiya etiladi. Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tuman (shahar) bo‘limi Kengashi qarori tegishli hududiy partiya tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.

Navbatdagi hisobot-saylov Konferensiyasida avvalgi Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarining vakolatlari tugatilgan hisoblanadi va Konferensiyada yangi saylangan Kengash a’zolari tarkibidan, Kengashning birinchi majlisida rais va uning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi o‘rinbosarlari yangitdan saylanadi. 

8.4.4. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi majlisi Konferensiyalar oralig‘idagi davrda Kengash tarkibidan a’zolarni chiqarish va chiqarilgan a’zolar o‘rniga yangi a’zolarni navbatdagi Konferensiyada tasdiqlash sharti bilan saylash vakolatiga ega bo‘ladi.

8.4.5. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi,  Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga Partiyadan saylangan deputatlar  tuman (shahar) partiya bo‘limi Konferensiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri (saylanmaydigan) delegatlari hisoblanadilar.

8.4.6. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi:

– tuman (shahar) bo‘limi Konferensiyasi va Kengashi majlislarini chaqirish va o‘tkazilishini tashkillashtiradi;

– Partiya Siyosiy Kengashi, Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi, hududiy partiya tashkiloti hamda Konferensiya qarorlarining bajarilishini tashkil qiladi;

– saylovga qadar istalgan vaqtda u yoki bu shaxsni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishi mumkin va bunday shaxs tegishli tuman (shahar) saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum etiladi hamda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli tuman (shahar) saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritadi;

– tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olinganda va boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga nomzodlarni tanlash va ko‘rsatish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;

– Partiya ishtirok etayotgan saylov mavsumlarini o‘tkazishga mas’uldir;

– Partiya a’zolarining biriktirilgan hudud bo‘yicha hisobini olib boradi;

– a’zolik badallari tushumi hisobotini olib boradi;

– xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashidagi partiya guruhi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

– o‘rnatilgan tartibda boshqa vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin.

8.4.7. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi o‘z vakolat doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qaror va farmoyishlar qabul qiladi. Bu qaror va farmoyishlar Kengash raisi yoki uning birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari tomonidan imzolanadi.

 8.5. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi raisi:

– Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Konferensiyasi, Kengashi va yuqori partiya tashkiloti qarorlarining bajarilishini tashkil etadi, shu maqsadda boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini tashkillashtiradi va muvofiqlashtiradi;

– bo‘limning joriy faoliyatiga, Kengashning Ijroiya qo‘mitasiga umumiy rahbarlik qiladi;

– tuman (shahar) bo‘limi Kengashi, Ijroiya qo‘mitasi majlislarini olib boradi va ushbu majlislar qarorlarini imzolaydi;

– boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi va uning o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlaydi;

– boshlang‘ich partiya tashkilotining Partiyaga a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlaydi;

– Partiya a’zolarini hisobga olish, a’zolikka qabul qilish, a’zolikni to‘xtatib turish, a’zolikdan chiqarish tadbirlarini bevosita amalga oshiradi;

– xududiy partiya tashkiloti Kengashi, tuman (shahar) bo‘limi Konferensiyasi va Kengashi tomonidan berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

8.6. Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashining Ijroiya qo‘mitasi tegishli Partiya bo‘limining ijroiya organidir.

Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashining majlislari oralig‘idagi davrda Ijroiya qo‘mitasi, unga berilgan vakolatlar doirasida tegishli Partiya tuman (shahar) bo‘limi manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish yuritadi. Ijroiya qo‘mita a’zolari navbatdagi Konferensiyalar oralig‘idagi davrga saylangan Kengash a’zolari orasidan Kengash majlisida saylanadilar. Ijroiya qo‘mita a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan belgilanadi.

Navbatdagi Konferensiyada saylangan yangi Kengash a’zolari tarkibidan yangi Ijroiya qo‘mita a’zolari saylanadi.

Ijroiya qo‘mitaning vakolatlari tuman (shahar) bo‘limi nizomida belgilanadi.

Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi Kengashi Ijroiya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari boshlang‘ich partiya tashkilotlari uchun majburiydir.

8.7. Partiya tuman (shahar) bo‘limining Nazorat-taftish  komissiyasi.

8.7.1. Partiya tuman (shahar) bo‘limining Nazorat-taftish  komissiyasi tuman (shahar) partiya bo‘limi Kengashi, boshlang‘ich partiya tashkilotlarining mazkur Ustav doirasida amalga oshirayotgan ishlari hamda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini va Partiya daromad va xarajatlarining to‘g‘ri shakllantirilishi hamda sarflanishini nazorat qiluvchi organdir.

Tuman (shahar) partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari partiya tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasida delegatlar orasidan saylanadilar. Mazkur komissiya a’zolarining soni Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan belgilanadi.

Navbatdagi Konferensiyada Nazorat-taftish komissiyasi a’zolarining vakolati tugagan hisoblanadi va ushbu Konferensiyada Nazorat-taftish  komissiyaning yangi tarkibi saylanadi.

Konferensiyalar oralig‘idagi davrda tuman (shahar) partiya tashkilotining Nazorat-taftish komissiyasi o‘zining tarkibiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin va keyinchalik ular Konferensiyada tasdiqlanadi.

Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining Nazorat-taftish komissiyalari tuman (shahar) partiya tashkiloti Konferensiyasi va hududiy partiya tashkiloti Nazorat-taftish komissiyasi oldida hisobdordir.

8.7.2. Partiya tuman (shahar) bo‘limining Nazorat-taftish  komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisini saylaydi. Tuman (shahar) Kengashi raisi, rais o‘rinbosarlari, Kengash a’zolari va ijroiya apparati xodimlari Nazorat-taftish komissiyasi a’zoligiga saylanishi mumkin emas.

8.7.3. Partiya tuman (shahar) bo‘limining Nazorat-taftish  komissiyasi o‘z faoliyatida mazkur Ustavga, tegishli hududiy partiya tashkiloti nizomiga va Markaziy nazorat-taftish komissiyasining me’yoriy hujjatlariga amal qiladi. 

IX. PARTIYANING BOSHLANGʻICH TASHKILOTLARI

 9.1. Boshlang‘ich tashkilot Partiyaning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, hududiy-ishlab chiqarish xususiyatlariga ko‘ra va 5 tadan kam bo‘lmagan Partiya a’zolaridan tashkil topadi.

9.2. Boshlang‘ich partiya tashkiloti Partiyaning tegishli tuman (shahar) bo‘limi taklifiga binoan hududiy partiya tashkiloti tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, ijodiy uyushmalar, ko‘ngilli jamiyatlar va jamg‘armalarda hamda ta’lim muassasalarida boshlang‘ich partiya tashkilotlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Boshlang‘ich partiya tashkilotlari mazkur Ustav hamda Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan nizomga asosan faoliyat yuritadilar.

 9.3. Boshlang‘ich partiya tashkiloti:

– Partiya Ustavi, Dasturi va Partiya rahbar organlarining boshqa qarorlari bilan belgilab berilgan maqsad va vazifalarini qonun doirasida aholi o‘rtasida targ‘ib qilish va tushuntirish ishlarini olib boradi;

– jamoatchilik fikrining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatish hamda Partiya faoliyati haqida axborotni jamoatchilikka yetkazish ishlarini tashkillashtiradi, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar bilan bevosita hamkorlik qiladi;

– aholi o‘rtasida katta hurmat va obro‘ga ega bo‘lgan turli ijtimoiy guruh vakillari bilan aloqa o‘rnatadi, ular bilan doimiy uchrashuvlar uyushtirib, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganadi va partiya vositalari bilan ularni hal etishga ko‘maklashadi, Partiya qarorlarining bajarilishida ularga tayanadi;

– aholining turli qatlam vakillari, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, mulkdorlar sinfi vakillarining qonuniy manfaatlarini ifodalovchi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa masalalar bo‘yicha yuqori partiya tashkilotiga doimiy tarzda tahliliy materiallar va takliflar taqdim etib borishni yo‘lga qo‘yadi;

– Partiya safiga yangi a’zolarni jalb qilib boradi va Partiya a’zoligidan chiqarish bo‘yicha Partiyaning tuman (shahar) bo‘limiga ma’lumotnoma taqdim etadi;

– Partiya a’zolari fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashadi, Partiya a’zolari tomonidan Ustav talablarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

– Partiya safiga kirishni xohlovchi nomzodlarning siyosiy dunyoqarashini, kasbiy mahorat va tajribasini, fuqarolik va insoniylik xislatlarini o‘rganadi. Ayniqsa, yoshlar ichidan shunday kishilarni Partiya safiga qabul qilishga tayyorlaydi va ularga har tomonlama yordam beradi;

– a’zolik badallarini Partiya hisob raqamiga o‘tkazilib borilishini ta’minlaydi, bu haqda Partiyaning tuman (shahar) bo‘limiga doimiy tarzda hisobot taqdim etib boradi;

– boshlang‘ich tashkilotda ish yuritilishini ta’minlaydi;

– yuqori partiya organlari tomonidan berilgan Partiya hujjatlari va moddiy boyliklarning to‘liq saqlanishiga javobgar bo‘ladi.

9.4. Boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi.

9.4.1. Boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi boshlang‘ich partiya tashkilotining rahbar organi hisoblanadi. Boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi zarurat bo‘lgan paytlarda, ammo bir yilda kamida 4 marta o‘tkaziladi. Boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishida uning raisi va o‘rinbosari bir yil muddatga saylanadi.

Boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishining raisi va rais o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi qarori tuman (shahar) partiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlanadi.

9.4.2. Umumiy yig‘ilish vakolatlari:

– boshlang‘ich partiya tashkilotining raisi va uning o‘rinbosarini saylash, ularning hisobotlarini tinglash va tegishli qarorlar qabul qilish;

– Partiyaning tegishli tuman (shahar) bo‘limi Konferensiyasiga delegatlarni saylash;

– Partiyaning tegishli tuman (shahar) bo‘limi Kengashi tarkibiga kiritiladigan boshlang‘ich partiya tashkiloti vakilini saylash va uni chaqirib olish;

– boshlang‘ich partiya tashkiloti kengashini zarurat bo‘lganda saylash, uning  tarkibini belgilash, kengash hisobotini tinglash va tegishli qarorlar qabul qilish;

– Partiyaning tegishli tuman (shahar) bo‘limi Konferensiyasi va Kengashi tomonidan taqdim etilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

9.5. Umumiy yig‘ilishlar oralig‘idagi davrda boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyatiga rais rahbarlik qiladi. Boshlang‘ich partiya tashkiloti raisining bitta o‘rinbosari bo‘ladi.

9.6. A’zolari soni 30 kishidan ortiq bo‘lgan boshlang‘ich partiya tashkilotlarida joriy faoliyatga rahbarlik qilish uchun, zaruratga ko‘ra, boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi, uning o‘rinbosari va boshqa a’zolari tarkibida kamida besh kishidan iborat Kengash saylanishi mumkin.

9.7. Boshlang‘ich partiya tashkiloti Kengashiga boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi rahbarlik qiladi. Boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi:

– boshlang‘ich tashkilot joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning vakili bo‘lib, uning nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;

– umumiy yig‘ilishlarni (Kengash majlislarini) olib boradi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni imzolaydi;

– tegishli yuqori turuvchi Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi kengashi Konferensiyasi, Kengashi, raisi va boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi tomonidan berilgan vakolatlarni amalga oshiradi.

9.8. Boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi vaziyatni, tez o‘zgarib borayotgan siyosiy sharoitni chuqur tahlil qila olishi, xolisona baholay bilishi va joylarda yetilgan muammolarni hal etish uchun butun mas’uliyatni istagan vaqtda o‘z zimmmasiga olishga tayyor turishi kerak.

X. PARTIYANING DEPUTATLIK BIRLASHMALARI

 Partiya manfaatlarini davlat hokimiyatining vakillik organlarida uyushqoqlik bilan ifodalash maqsadida qonunda belgilangan tartibda Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tuziladi.

Partiya fraksiyasi va mazkur partiya guruhlari O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarga egadirlar.

10.1. Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi.

10.1.1. Partiya fraksiyasi Partiya tomonidan ko‘rsatilib saylangan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida o‘z partiyasining siyosatini uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun tuziladi. Fraksiya rahbari bergan tegishli ariza va ta’sis hujjatlariga asosan Qonunchilik palatasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Partiyadan ko‘rsatilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat Partiya fraksiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin.

Fraksiya a’zolari o‘zlarining oralaridan, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra, fraksiya rahbarini saylaydi.

Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, o‘z fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.

10.1.2. Partiya fraksiyasi o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish” to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonun, Partiyaning dasturiy hujjatlari, Partiya Kongress belgilagan parlamentchilik faoliyati vazifalari hamda Partiyaning markaziy organlarining tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.

10.1.3. Muhim siyosiy masalalar yuzasidan nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun Partiya fraksiyasi va Partiya Siyosiy Kengashi yoki Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin. Partiya fraksiyasi a’zolari Qonunchilik palatasida ovoz berish jarayonida birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai nazarlarga asoslanadilar.

Partiya fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi boshqa partiyalar fraksiyalari bilan parlament ko‘pchiligini tashkil etuvchi blok tuzishi mumkin.

10.1.4. Partiya fraksiyasi o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga muntazam ravishda axborot berib boradi. Qonunchilik palatasi vakolati davridagi faoliyati bo‘yicha Partiya fraksiyasi hisoboti Partiya Kongressda tinglanadi.

10.1.5. Partiya fraksiyasining faoliyati Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

10.1.6. Partiya fraksiyasi quyidagi huquqlarga egadir:

– Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibini tuzishda ishtirok etish;

– Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha muzokaralarda fraksiya vakiliga kafolatlangan so‘z berilishi;

– tegishli ravishda Qonunchilik palatasi Spikeriga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, vazirlarga, shuningdek boshqa davlat organlarining rahbarlariga so‘rov bilan murojaat etish;

– Qonunchilik palatasining Spiker o‘rinbosarligiga qo‘mitalari va komissiyalari raisligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish;

– Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha fraksiya fikrini deputatlar orasida tarqatish;

– O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi tashabbus bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish;

– Qonunchilik palatasi deputatlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.

10.2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari (keyingi matnlarda – Partiya guruhlari) Partiya tomonidan ko‘rsatilib saylangan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida o‘z partiyasining siyosatini uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun tuziladi.

10.2.1. Partiya guruhlari partiya guruhining rahbari bergan ariza va ta’sis hujjatlariga asosan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Partiyadan ko‘rsatilib, mahalliy davlat hokimiyatining vakillik  organlariga saylangan deputat faqat mazkur Partiyaning partiya guruhi a’zosi bo‘lishi mumkin.

Partiya guruhi a’zolari o‘zlarining oralaridan, hududiy partiya tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, guruh rahbarini saylaydilar.

10.2.2. Partiya guruhlari faoliyati tegishli hududiy partiya tashkilotlarining Kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

10.2.3. Partiya guruhlari o‘z faoliyatlarini Partiyaning dasturiy hujjatlari, tegishli hududiy partiya tashkilotlari Konferensiyalari tomonidan belgilangan qonunchilik faoliyati vazifalari, hududiy partiya tashkiloti Kengashlari tavsiyalari hamda yuqori partiya organlari qarorlaridan kelib chiqqan holda tashkil etadilar.

10.2.4. Partiya guruhlari a’zolari mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organida ovoz berishda birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai nazarga asoslanadilar.

10.2.5. Muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun Partiya guruhlari va tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashlarining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin.

10.2.6. Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:

– sessiya kun tartibini tuzishda ishtirok etish;

– sessiya kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha muzokaralarda guruh vakiliga kafolatlangan so‘z berilishi;

– tegishli ravishda Jo‘qorg‘i Kengesning Raisiga va Vazirlar Kengashiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vazirlariga va boshqa davlat organlari rahbarlariga, hokimlarga, hokim o‘rinbosarlariga, hokimliklar bo‘limlari va boshqarmalarining rahbarlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlariga so‘rovlar bilan murojaat etish;

– tegishli vakillik organi qo‘mitalari yoki komissiyalari raisligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish;

– tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki xalq deputatlari Kengashining sessiyasida muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish;

– viloyat va Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi;

– davlat hokimiyati tegishli vakillik organlarining deputatlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.

10.2.7. Partiya guruhlari a’zolari tomonidan partiya manfaatlariga zid hatti-harakatlar sodir etilganda yoxud ularni ataylab inkor etilganda tegishli hududiy partiya tashkiloti tomonidan deputatlarni chaqirib olish va vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish masalasi ko‘tarilishi mumkin. 

10.2.8. Partiya guruhlari o‘z faoliyatlari to‘g‘risida belgilangan muddatlarda tegishli hududiy partiya tashkilotiga axborot berib boradilar. Ularning vakolat davridagi faoliyatlari to‘g‘risidagi hisobotlar tegishli hududiy partiya tashkilotlari Konferensiyalarida eshitiladi.

10.3. Partiya a’zolari va Partiya rahbar organlari tashabbusi bilan Partiya klublari, siyosiy markazlar, qiziqishlar va muammolar, kasb-kor bo‘yicha ham birlashishning xilma-xil shakllari tashkil qilinishi va faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Ular Partiyaning dasturiy hujjatlariga asoslanib turli masalalarni muhokama qiladilar, o‘z takliflarini ishlab chiqadilar va ularni turli darajadagi partiya tashkilotlari hamda ularning rahbar organlari muhokamasiga kiritadilar.

 

XI. PARTIYANING SAYLOVLARDA ISHTIROKI

 11.1. Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Partiyaning ishtiroki to‘g‘risidagi qaror Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan chaqirilgan Siyosiy Kengash majlisida qabul qilinadi.

Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Partiya Kongressda ko‘rsatiladi. Bu haqdagi qaror Kongress delegatlarining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar ilova qilinganidan keyin Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.

11.2. Partiyaning Qonunchilik palatasiga bo‘ladigan saylovlarda ishtiroki tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Qonunchilik palatasiga bo‘ladigan saylovlarda Partiyaning ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga Partiyadan nomzodlar Partiya Siyosiy Kengashi taqdim etgan ro‘yxat asosida Kongress tomonidan ko‘rsatiladi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror Kongressda qatnashayotgan delegatlarning ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.

Partiya Siyosiy Kengashi u yoki bu shaxsni Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni saylovga kechi bilan besh kun qolganda bekor qilishi mumkin va bu shaxs Markaziy saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum etilganda, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga yangi nomzod Ijroiya qo‘mita taqdim etgan ro‘yxat asosida Partiya Siyosiy Kengashi tomonidan taklif qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan taqdirda, boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rinlarga nomzodlar Ijroiya qo‘mita taqdim etgan ro‘yxat asosida Partiya Siyosiy Kengashi tomonidan ko‘rsatiladi.

11.3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar Kengashlariga bo‘ladigan saylovlarda Partiyaning ishtirok etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlarida Partiyaning ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga Partiyadan nomzodlar Partiyaning tegishli hududiy partiya tashkilotlari, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi. Partiya fuqarolar orasidan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, tegishli viloyat, tuman, shahar iqtisodiyotini rivojlantirishda faol ishtirok etayotgan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning, fermerlik harakatining samaradorligini oshirishga ko‘maklashayotgan shaxslarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga Partiyadan nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror tegishli hududiy partiya tashkiloti, tuman va shahar bo‘limi Konferensiyalarida yoki belgilangan tartibda Kengash majlisida, unda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli saylov komissiyasiga topshiriladi.

 

XII. PARTIYANING BOSHQA SIYOSIY PARTIYALAR VA JAMOAT TASHKILOTLARI  BILAN MUNOSABATI

 12.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida boshqa siyosiy partiyalar bilan ittifoq (blok) tuzish, ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari o‘rnatishi mumkin.

12.2. Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) Kengashlaridagi guruhlari O‘zbekiston Respublikasi hududida rasman faoliyat yurituvchi boshqa siyosiy partiyalarning deputatlik birlashmalaridan saylangan deputatlar bilan umumiy nuqtai nazar bo‘yicha kelishishlari yoki ularga nisbatan muxolifatda bo‘lishlari mumkin.

Qonunchilik palatasidagi Partiyaning boshqa siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqqan nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori fraksiya rahbari tomonidan Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

12.3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) Kengashlaridagi Partiya guruhlari O‘zbekiston Respublikasi hududida rasman faoliyat yurituvchi boshqa siyosiy partiyalar deputatlik birlashmalari bilan ishlab chiqqan nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori partiya guruhi rahbari tomonidan tegishli hududiy (tuman, shahar) partiya kengashi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

 

XIII. PARTIYA FAOLIYATINI MOLIYALASHTIRISH, UNING MOL-MULKI  VA XO‘JALIK FAOLIYATI

 13.1. Partiya qonun tomonidan belgilangan tartibda Partiya Dasturida ko‘rsatilgan ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun quyidagi moliyaviy manbalardan foydalanishi mumkin:

– Partiya a’zolarining a’zolik badallari;

– O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan qonunga muvofiq beriladigan xayriya yordamlari;

– davlat byudjetidan qonunga muvofiq ajratilgan mablag‘lar;

– qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;

– amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagan boshqa tushumlar.

13.2. A’zolik badali miqdori va uni to‘lash tartibi Partiya Siyosiy Kengashi qarori bilan belgilanadi. Pensioner va talabalar a’zolik badalini to‘lashdan ozod etiladilar.

13.3. Partiya ushbu Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirishi uchun inshootlar, turar joylar, uskunalar, transport vositalari, inventar, pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar va boshqa harakatda cheklanmagan mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.

13.4. Partiyaning hududiy tashkilotlariga va boshqa quyi bo‘linmalariga biriktirilgan mulk Partiyaning mulki hisoblanadi. Partiyaning hududiy va boshqa quyi tashkilotlari Partiya tomonidan belgilangan doirada o‘zlariga biriktirilgan mol-mulkni boshqaradilar.

13.5. Partiya ushbu Ustavda belgilangan vazifalarni bajarish maqsadidagina qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi. Partiya ta’sischiligida tashkilot, korxona yoki muassasa tashkil etishga Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining tegishli qarori bilan ruxsat etiladi.

Partiyaning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari Partiya a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas va ulardan Ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchungina foydalaniladi.

13.6. Partiya qonun tomonidan belgilangan tartibda Partiyaning Dasturida ko‘rsatilgan ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun jamg‘arma joriy etishi mumkin.

13.7. Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hududiy partiya tashkiloti hisob raqamlariga kelib tushgan a’zolik badallari, tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan beriladigan xayriya yordamlari hamda amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagan boshqa barcha tushumlarning (davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar bundan mustasno) 20 foizi miqdoridagi qismi hududiy partiya tashkiloti tomonidan har oyda Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparati hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Partiya hisob raqamlariga tushgan mablag‘larni ishlatish tartibi Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

13.8. Partiya har yili barchaning e’tibori uchun o‘z byudjetini e’lon qiladi va o‘z faoliyatini mablag‘lar bilan ta’minlash manbalari va ularning sarflanishi to‘g‘risida tegishli organlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda hisobot taqdim etadi.

 

 XIV. PARTIYA USTAVI VA DASTURINI QABUL QILISH, ULARGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI

 14.1. Partiya Ustavi va Dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Partiya Kongressi qarori bilan amalga oshiriladi.

14.2. Partiya Kongressining Partiya Ustavi va Dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi va Partiya Kongressida ishtirok etayotgan delegatlarning uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

XV. PARTIYANI QAYTA TASHKIL ETISH VA FAOLIYATINI TUGATISH TARTIBI

 15.1. Partiyani qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Kongress qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Partiya faoliyatini tugatish ushbu Ustavda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Kongress qaroriga binoan yoki Oliy sud qarori asosida amalga oshiriladi. Partiyani qayta tashkil etish yoki faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qaror Partiya Kongressida uning barcha tashkilotlari fikri hisobga olingan holda qabul qilinadi. Bu qaror Kongressda delegatlarning uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qonuniy hisoblanadi.

15.2. Partiya tugatilganda, uning mol-mulki va mablag‘laridan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

15.3. Partiya tugatilgan taqdirda Partiyaning barcha quyi tashkilotlari Ijroiya apparati xodimlarining huquqlari va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

15.4. Partiya hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat arxiv idoralariga topshiriladi.

 

Saytni yangi dizayni yoqdimi?