
“Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi” ramzi uning asosiy ramzi hisoblanib, rangli va oq-qora tasvirda ifodalanadi.
Ramz sakkiz qirrali yulduz shaklida yaxlit kompozisiya ko‘rinishida shakllantirilgan. Bunda bitta aylana, 3 xil turli geometrik shakllar hamda romb shaklida 4 qirrali geometrik shakl uyg‘unlashgan holda yaxlit yaratuvchanlik ramzi bo‘lgan 8 qirrali yulduz kompozisiyasini aks ettirgan. Bunda 4 maqsad va partiya nomi qisqartmasidan olingan 4 harf – OLDP sinergiya hosil qilib, geometrik shakllarga aylangan. Hosil bo‘lgan belgi an’anaviy va me’moriy bezakka o‘xshaydi hamda o‘zbek xalqining boy an’analari va mamlakatning qadimiy tarixiga hurmatni bildiradi.
Partiyaning asosini tadbirkorlar va ishbilarmonlar tashkil etadi. Logotip partiya a’zolarini faol va tadbirkor shaxslar sifatida tavsiflaydi.
Yangi talqindagi belgi ancha mukammal bo‘lib, har qanday formatda ko‘ngildagidek tasvirni bera oladi.
Logotip uchun ko‘k asosiy rang sifatida tanlangan. Shuningdek, ko‘k rangning ikki xil turidan foydanilgan. Ya’ni tim ko‘k (yoki to‘q ko‘k) va yashil ranglar aralashmasi.
Partiya ramzi tasvirida foydalanilgan ranglar quyidagilarni anglatadi:
Ko‘k – oliyjanoblik, fidoyilik, qat’iyat, barqarorlik va erkinlikni anglatadi.
Tim ko‘k – g‘ayrat va tadbirkorlik ramzi bo‘lib, tadbirkorlik va ishbilarmonlar xarakatini anglatadi.
Moviy – tinch osmon va barqarorlikni anglatadi.
Yashil – ijodkorlik, an’analar va tarix rangi.
Yuqoridagi ranglar uyg‘unlikda O‘zLiDePning barcha asosiy tamoyillari va qadriyatlarini ifodalaydi.
“Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal - demokratik partiyasi” ramzining tasviri:
a) O‘zLiDePning S’yezd, Konferensiya, Siyosiy Kengash, Ijroiya qo‘mita yig‘ilishlari o‘tkazilayotgan majlislar zallarida o‘rnatiladi;
b) O‘zLiDeP a’zolik guvohnomasi, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar, tuman kengashlarining muhrlari, blankalari va xizmat guvohnomalarida;
v) O‘zLiDePning rasmiy nashrlarida aks ettirilishi mumkin.
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qarorlarida partiya ramzining tasvirini aks ettirish majburiy bo‘lgan boshqa hollar ham nazarda tutilishi mumkin.
O‘zLiDePning takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’iy nazar, tasdiqlangan rangli tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.