Bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishning oldi olinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida avvalida shu yil 20-dekabr kuni mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan videoselektor shaklida o‘tgan muloqotda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, partiya oldida turgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan, oxirgi sakkiz yilda sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan ko‘plab qonun, farmon va qarorlar natijasida 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Tadbirkorlarga erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha qulayliklar, imkoniyatlar yaratib berildi.
Fraksiya a’zolari O‘zLiDeP saylovoldi dasturida tadbirkorlik va ishbilarmonlikni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar o‘rin olgani, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar partiya g‘oya va maqsadlariga hamohang ekanligini qayd etdilar. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Ushbu loyihada O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga shaxsning sodir etgan aynan bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, soliq qonunchiligiga kiritilayotgan bu kabi o‘zgartirishlar tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari oldidagi majburiyatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 111-moddasiga aktivlarni repatriatsiya qilish talablarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilingani va hujjat matnida o‘z ifodasini topganligini ta’kidladilar.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratishga va aktivlarning qonunda belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda fraksiyaga kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan ma’qullandi.