BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi: tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari uchun
Joriy haftada dunyo mamlakatlarining e’tibori Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasiga qaratildi. Bunda ishtirok etgan BMT vakillari, davlat va hukumat rahbarlari dunyo va milliy darajadagi turli masalalar bo‘yicha chiqish qildilar. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham joriy yilning 23-sentabr kuni mazkur 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zladilar. Bu muhim siyosiy voqelik bo‘lib, davlatimizning xalqaro intilish va pozitsiyasini namoyon etdi.
Mazkur nutq mazmuniga to‘xtalishdan oldin O‘zbekiston — BMT munosabatlariga biroz to‘xtalib o‘tish joiz. Zero, so‘nggi sakkiz yildagi mamlakatimizda amalga oshirilgan tub demokratik islohotlar, yangilanishlar mamlakatimizning xalqaro imijini yanada yuksaltirdi. Ko‘plab xorijiy davlatlar tomonidan O‘zbekistonning taraqqiyot tajribasiga yuksak baho berilmoqda hamda ekspertlar bizga havas bilan qaramoqdalar.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosiy munosabatlarda, xususan, BMT faoliyatining barcha sohalarida faol ishtirok etmoqda hamda o‘zining yangi-yangi tashabbuslari bilan tashkilot faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72, 75, 76 va 78-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining Oliy darajadagi segmentida ma’ruza qildilar. Kuni kecha «Birgalikda yaxshiroq: tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari uchun 80 yil va undan ko‘proq» shiori ostida o‘tkazilgan 80-yubiley sessiyasidagi ma’ruza O‘zbekistonning mintaqa va global munosabatlardagi faol ishtirokining yorqin namunasi bo‘ldi.
E’tiborlisi, 2018–2025-yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiyalar milliy va global darajada tinchlikni mustahkamlash, inson huquqlarini ishonchli muhofaza etish, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston hukumati va BMT o‘rtasida 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan BMT Barqaror rivojlanish bo‘yicha dastur amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISЕF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.
Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nuqtayi nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
“Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i” xalqaro tashkiloti tomonidan 2025-yil uchun e’lon qilingan Barqaror rivojlanish hisoboti reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichini 19 pog‘onaga yaxshilab, 167 ta mamlakat orasida 62-o‘rinni egalladi. Hisobotda qayd etilganidek, O‘zbekiston 2015-yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha eng tez sur’atlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida e’tirof etilgan. Hisobotda mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholandi.
Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, gender tenglikka erishish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, raqamli va yashil iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, shuningdek, statistik ma’lumotlarning ochiqligini oshirish sohalarida erishilgan yutuqlar alohida qayd etildi.
Zero, O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi yutuqlari Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli institutsional va tarkibiy islohotlarning natijasidir.
Davlatimiz rahbari, avvalo, BMTning 80-yubiley sessiyasi dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashayotgan, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kechayotgan, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshayotgan, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotgan sharoitda bo‘layotganligiga e’tibor qaratdilar. Zero, shu kabi muammolarni samarali hal etish BMTning ustuvor maqsadlaridandir. Shu bois, so‘nggi yillarda ushbu tashkilot o‘zining nufuzini, muammolarni hal qila olish qobiliyatini saqlab qolish bo‘yicha faol harakat qilayotganligi qayd etildi.
Bunday tashabbuslardan biri “BMT – 80” tashabbuslari bo‘lib, bu orqali BMTning tuzilishi, vazifalari, tashkilotning faoliyat samaradorligini oshirish, mandatlarni qayta ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish imkoniyatlarini yaxshilash kabilar ilgari surilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, deb ta’kidladilar.
Ushbu ma’ruzada bir nechta yo‘nalishlardagi bildirilgan fikr va tashabbuslar mamlakatimizni yanada rivojlantirish, mintaqaviy va global muammolarni hamkorlikda hal etish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini rivojlantirishga qaratilgandir. Shu bois, uni quyidagi yo‘nalishlarda ko‘rib chiqamiz:
Birinchidan, ma’ruzada mamlakatimizdagi islohotlar natijasida erishilgan muhim ko‘rsatkichlar qayd etildi. Bular qatorida kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilganligi, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish kabilar qayd etildi. Shu o‘rinda, 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritish bo‘yicha qilinayotgan islohotlar urg‘ulandi.
Bundan tashqari, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalar e’tirof etildi. Shunga muvofiq, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetganligi haqida ma’lum qilindi.
Gender siyosatining izchil davom ettirilishi bayon etildi. Shu ma’noda, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlash yo‘lida sobitqadam ekanligi ta’kidlandi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan sa’y-harakatlari natijasida Markaziy Osiyoda vujudga kelgan tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik muhiti alohida qayd etildi. Darhaqiqat, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik aloqalari ishonchli rivojlanmoqda. Mamlakatlarning o‘zaro manfaatli aloqalari yuqori darajada rivoj topmoqda.
Mintaqada o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil qilinmoqda, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Misol tariqasida aytish mumkinki, Markaziy Osiyo keyingi yillarda iqtisodiy o‘sish va faol investitsiya markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Jumladan, oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foiz o‘sib, 450 milliard dollarga yaqinlashdi. Tashqi savdo aylanmasi ikki barobar ko‘payib, qariyb 225 milliard dollarni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylangani ham umumiy yutug‘imiz sifatida e’tirof etildi. Mintaqa o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallayotganligi qayd etildi.
Mazkur uchrashuvlarda davlatimiz nomidan bildirilgan, mintaqaning barcha xalqlari manfaatiga xizmat qiluvchi qator amaliy takliflar samarasi o‘laroq, tovarlarni yetkazib berishning yagona va soddalashtirilgan tartib-qoidasiga ega chegara savdo zonalari tizimi yaratilmoqda. Bundan tashqari madaniyat, san’at va kino festivallarini navbatma-navbat o‘tkazish an’anasi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Uchinchidan, ma’ruzada global va mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlikni ta’minlash, ekologik muammolarning yechimiga erishish bo‘yicha ham so‘z yuritildi. Darhaqiqat, O‘zbekiston dunyoning bir qismi, bizning taqdirimiz jahon hamjamiyati bilan bevosita bog‘langan. Shu bois, dunyoda ro‘y berayotgan muammolarni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari nutqlarida Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan huquqini himoya qilish masalasiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish masalasi alohida o‘rg‘ulandi. Zero, rivojlangan transport tizimi mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘ringa ega.
Bundan tashqari, G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz hamda Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha mamlakatimizning pozitsiyasi bildirildi.
Ma’ruzada terrorizmga qarshi kurash, “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish, Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash, suv resurslarining taqchilligi kabi masalalariga to‘xtab o‘tildi.
To‘rtinchidan, ma’ruzadagi muhim jihatlardan milliy va mintaqaviy ahamiyatga ega muhim tashabbuslar bildirilganligi bo‘ldi. Ya’ni, ma’ruzada quyidagi dolzarb takliflarni ilgari surildi:
pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish;
Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish;
Afg‘oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha Tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish;
BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha tuzilgan Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish;
Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish;
“Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish;
iqlim migratsiyasi masalasida keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish;
sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratish;
“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish.
E’tiborga molik jihatlardan yana biri, davlatimiz rahbarining bu galgi ma’ruzasi ham o‘zbek tilida aytilgani har bir vatandoshimizning qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldirdi. Zero, eng baland jahon minbarida o‘zbek tilidagi chiqishni eshitish har bir fuqaromizga quvonch baxsh etadi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettiramiz, deb ta’kidlandi. Shu borada, yaqin oylarda mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi aytib o‘tildi.
Binobarin, Islom sivilizatsiyasi markazi timsolida yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda mujassam bo‘lmoqda. O‘ylaymizki, ushbu Markaz bilan tanishgan har bir inson ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini chuqur anglash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat, buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bildirildi. Ushbu tashabbus ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, ushbu ulug‘ bobokalonlarimizning boy ma’naviy merosi orqali bugun biz birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lidan boramiz.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan turib aytgan so‘zlari milliy va umuminsoniy g‘oyalar targ‘ibotiga bag‘ishlandi. Shuningdek, unda xalqimizning orzu va intilishlari, azaliy qadriyatlari aks ettirildi. Yana bir muhim jihati, ma’ruza dunyoda ro‘y berayotgan nizo va qarama-qarshiliklarni hamjihatlik va o‘zaro hurmat asosida hal etishga oid dadil chaqiriq bo‘ldi.
Qayd etish zarurki, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanmoqda. Shu bilan birga, kelajakda ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi. Mazkur bildirilgan g‘oyalar milliy va global darajada tinchlik va do‘stona muloqot muhitini rivojlantirishga, insoniyat oldida turgan global va minaqaviy muammolarga oqilona yechim topishga muhim hissa bo‘lib qo‘shilajak.
Xushvaqt HAYITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari
qo‘mitasi a’zosi