Fuqarolik jamiyati institutlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda o‘tgan qisqa davrda korrupsiyaga qarshi kurashda salmoqli natijalarga erishildi. Ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi. Jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi.
Deputatlar ushbu tarixiy yig‘ilishda sohada amalga oshirilgan islohotlar, ularning natijalari tahlil qilingan holda, davlat va jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari bo‘yicha ko‘rsatmalar berilganini qayd etdilar.
So‘nggi yillarda mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, jumladan, aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingani natijasida 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib kelganligini alohida ta’kidladilar.
Partiya saylovoldi dasturida korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish ustuvor vazifa sifatida o‘rin olganligi aytib o‘tildi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar partiya maqsad va vazifalariga uyg‘un va hamohang ekanligini qayd etildi.
O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi ilgari surilgan vazifalardan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
U bilan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimida institutsional yaxlitlik ta’minlanishini, davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalariga ajratilgan budjet mablag‘larini boshqarishning, shu jumladan adolatli taqsimlash, maqsadli foydalanilishini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari va boshqa masalalar belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimida institutsional yaxlitlik ta’minlanishiga, shaffoflik va samaradorlik oshishiga, ijtimoiy sheriklik munosabatlari rivojlanishiga, shuningdek jamoat fondlari faoliyatida ortiqcha byurokratik talablar qisqarishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.