Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xalqimiz islohotlar davomiyligi uchun ovoz berdi

07.11.2024
270

Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazilgan saylov nihoyasiga yetganiga ham bir hafta bo‘ldi. Tabiiyki, shu kunlarda xorijiy va mahalliy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari, blogerlar O‘zLiDePning mazkur saylovda qo‘lga kiritgan ulkan natijasi qanday omillar bilan bog‘liqligi xususida turli-tuman xulosalar, fikr, munosabatlarni ilgari surayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Ba’zi tahlilchilar ushbu yutuqni partiyaning saylov oldi targ‘ibotidagi faolligi bilan bog‘lasa, boshqalari ayrim partiyalar o‘z saylovoldi targ‘ibotida yo‘l qo‘ygan xatoliklar bilan izohlayotganligini kuzatish mumkin.

Albatta, bu bir qarashda ko‘zga tashlanishi mumkin bo‘lgan sabablar va ularda ham ma’lum ma’noda jon bor. Lekin masalaning asl mohiyatiga yetish uchun unga ancha chuqurroq yondashish zarurligi ko‘zga tashlanadi.  Chunki boshqa omillarsiz, faqatgina saylovoldi targ‘ibotining o‘zi bilan O‘zLiDeP bu saylovda bu qadar e’tiborga molik natijaga erishishi qiyin edi.

Xo‘sh, unda yana qaysi omillar, amaliy ishlar bunga xizmat qildi, asos yaratdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Biz bugun ana shunday hayotiy savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Birinchidan, ushbu saylovda ishtirok etishdan avval O‘zLiDeP o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadga to‘xtalaylik. Partiya O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi e’lon qilinganidan keyin o‘tkazilgan Siyosiy Kengash majlisidayoq o‘zining saylovlarda qatnashishi bilan bog‘liq maqsadni quyidagi mazmunda belgiladi: “Bizning maqsadimiz – mamlakatimizda 2017-yilda boshlangan, Yangi O’zbekistonni barpo etish, inson qad rini ulug‘lash bilan bog‘liq keng ko‘lamli islohotlarning bardavom bo‘lishini ta’minlashdir. Chunki biz Yangi O’zbekistonning kelajagi, xalqimizning, har bir insonning farovonligi aynan shu islohotlar taqdiriga bog‘liq deb hisoblaymiz va ularning izchilligini  ta’minlashni oldimizdagi asosiy maqsad deb bilamiz!”.

Ko‘rinib turibdiki, partiya saylovlarda ishtirok etish bilan bog‘liq  rejalarini aniq ifoda etgan edi va bu ezgu maqsadlar mamlakat aholisining aksariyat qismi orzu-istaklariga mos tushganligi bilan ajralib turardi. Buning isbotini “Ijtimoiy fikr” markazi o‘tkazgan o‘rganishlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Markaz aynan saylovlar o‘tayotgan davrda, shu yilning avgust oyi so‘nggida e’lon qilgan sotsiologik so‘rovlari natijalariga tayangan holda aholi kayfiyatini baholovchi quyidagi tezisni ilgari suradi: “Jamoatchilik fikrida mamlakatimiz keyingi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda katta yutuqlarga erishganligi to‘g‘risidagi qarash shakllangan.

So‘rov ishtirokchilari keyingi vaqtda aholining turmush darajasi o‘sganligi, daromadlari oshib borayotganligi, ko‘plab xonadonlar o‘z oilaviy sharoiti yaxshilanganligi to‘g‘risida fikr bildirdilar. Ushbu o‘zgarishlarni ular iqtisodiyotning barqaror o‘sib borayotganligi, kichik va xususiy tadbirkorlik, fermerlikni rivojlantirish borasida samarali tadbirlar amalga oshirilayotganligi, yangi ish o‘rinlari yaratilayotganligi bilan bog‘lashmoqda”. So‘rov ishtirokchilarining 74,7 foizi ushbu o‘zgarishlar tufayli o‘zlarining kasbiy va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, farovonligi va ehtiyojlarini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganligini ta’kidlagan bo‘lsa, 65,3 foizi mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni keyingi yillarning muhim omillari sifatida ko‘rsatgan. So‘rovnomada ishtirok etgan 71,7 foiz fuqarolar ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidlagan bo‘lsa, 60,5 foiz respondentlar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni ijobiy baholab, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining o‘sib borayotganini ta’kidlab o‘tgan.

Albatta, hali e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ham mavjudligini ko‘rsatib o‘tar ekan, “Ijtimoiy fikr” mutaxassislari o‘z tadqiqotlarini “Umuman olganda fuqarolar mamlakatda “O’zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab quvvatlamoqdalar”, degan xulosa bilan yakunlaydi.

E’tiborli jihati, markaz tomonidan keltirilgan bu raqamlar bugun jamiyatning aksariyat qismi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani va ularning izchil davom etishidan manfaatdor ekanligini yaqqol ko‘rsatadi.

O‘zLiDeP tomonidan partiyaning saylovlarda ishtirok etishidan ko‘zlangan maqsad islohotlar davomiyligini ta’minlash ekanligi xususida jamiyatga yuborilgan signalning o‘ziyoq bunday o‘zgarishlardan manfaatdor va hayotida ularni teran his qilayotgan hamda islohotlarning tizimli davom etishini istayotgan yurtdoshlarimizning xolisona qaror qabul qilishlariga turtki berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Demak, xalqimiz O‘zLiDePni qo‘llab-quvvatlar ekan, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va jamiyatning barcha sohalarini keng qamrab olayotgan izchil islohotlar, yangilanishlar davom etishi uchun ham ovoz berdi. Aynan ana shu omilning o‘ziyoq aksariyat yurtdoshlarimizning saylovlardagi tanloviga ijobiy ta’sir qilgan muhim jihatlardan biri bo‘ldi.

Ikkinchidan, 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovda erishilgan muvaffaqiyatga O‘zLiDePning o‘tgan besh yildagi faoliyati ham asos yaratdi, deyish mumkin. Eng avvalo, siyosiy kuch 2019-yilda xalqimizga bergan va’dalarini amalda bajarishga astoydil kirishdi. Bu borada ko‘zga ko‘rinarli natijalarni qo‘lga kirita oldi. Qolaversa, mamlakat hayotidagi muhim siyosiy voqealar bo‘lmish 2021 va 2023-yilgi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ham o‘zining faol pozitsiyasini ko‘rsatib, aholining katta ishonchini qozondi. Aslida bu saylovlarda ham partiya xalqning intilishlari, orzu-umidlariga mos keladigan hayotiy qarorlari bilan ko‘pchilikning ishonchini  oqlagan edi. Asosiysi, ushbu saylovlar bir narsani ko‘rsatdi, ya’ni yurtdoshlarimiz hal qiluvchi pallada O‘zLiDeP ularning niyat-istaklari, kelajakka bo‘lgan ishonchiga mos takliflar bilan o‘rtaga chiqa olishini amalda ko‘rdi.

Xususan, 2023-yilda qabul qilingan va aholini ko‘p yillardan beri o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab masalalarni o‘zida aks ettirgan, asosiysi mamlakatning keyingi taraqqiyot istiqbollarini belgilab bera olgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi tashabbuskorlaridan biri ham aynan O‘zLiDeP bo‘lganligi uning xalq orasida zarur pallada mamlakat taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan siyosiy kuch sifatida shakllanganligini yana bir bor namoyon etdi.

Ushbu siyosiy kuch o‘z partiyaviy tuzilmalari, fraksiya si va mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlarining kundalik faoliyatini ham mamlakat Prezidentining xalqchil va aholi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgan siyosatini amalga oshirish, uni hayotga tatbiq qilishda to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga qaratdi. 

Natijada o‘tgan yillar davomida partiya fraksiyasi tomonidan, ayniqsa, 2020-2024-yillarda parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan 404 ta qonunning har biri fraksiyamiz deputatlari tomonidan atroflicha muhokama etilib, ularni takomiliga yetkazish bo‘yicha berilgan takliflar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. 41 ta qonun loyihasi bevosita fraksiyamiz deputatlari tomonidan, shundan 24 tasi boshqa fraksiyalar deputatlari bilan birga tashabbus huquqidan foydalangan holda ishlab chiqildi.

O’tgan besh yilda birgina tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bir qator aniq ishlar amalga oshirildi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Bugungi kunda mulk solig‘i stavkasi 5 %dan 1.5 %ga kamaytirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i  stavkasi 20 %dan 12 %ga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki 2 baravar kamaytirildi. Tadbirkorlik sohasidagi 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 16 ta nazorat funksiyalari ham bekor bo‘ldi. Bundan tashqari, davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan 70 dan ziyod hujjat hamda ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.

Quvonarlisi, oxirgi 5 yilda 7 millionga yaqin yaratilgan yangi ish o‘rinlarining 55 foizi tadbirkorlar hisobiga to‘g‘ri kelganidir.

Tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli besh yil ichida O’zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,5 baravarga oshganligini ko‘rishimiz mumkin. Mana shu ko‘rsatkichning o‘ziyoq partiyani doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan elektoratimiz vakillari – ishbilarmonlar qatlamining qanchalik darajada kengayib, tobora mustahkamlanayotganligini isbotlaydi.

Albatta, saylovlarda partiyaga ovoz beruvchilar sonining oshish dinamikasi tahlil qilinganda tadbirkorlar tarkibidagi mana shu sifat o‘zgarishlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.

O‘zLiDePning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bu kabi sa’y-harakatlari ushbu raqamlar bilan chegaralanmaydi, albatta. Bu borada aholini, birinchi navbatda tadbirkor va fermerlarni  qiynayotgan turli muammolarni bartaraf etish uchun tezkor munosabat bildirish amaliyotining yo‘lga qo‘yilganligiga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bir qator masalalarda partiyaning o‘z vaqtida munosabat bildirib, zarur hollarda tegishli organlarga o‘z deputatlarining so‘rovlarini yuborib borganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Masalan, 2023 yilning oktyabrida jizzaxlik tadbirkor Qashqadaryodan 60 tonna chigitni olib chiqish vaqtida ta’qiqqa uchraganligi masalasida partiyaning aralashuvi va viloyat hokimligiga yuborilgan deputat so‘rovi, 2023 yilning dekabrida Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi qirqdan ortiq fermer xo‘jaliklarini yer maydonlarini olib qo‘yish bilan bog‘liq holatga bevosita partiyaning aralashuvi, shu yilning yanvar oyida Koson tumanidagi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari zaxiraga qaytarilishining qonuniyligini o‘rganish borasida yoki joriy yilning mart oyidagi xususiy oliy ta’lim muassasasining litsenziyasini olib qo‘yish masalasi bo‘yicha bildirilgan tezkor munosabat va boshqa amaliy ishlar partiyaning har bir muammoli holatda chetda turmasdan, o‘z vaqtida qat’iy pozitsiyasini bildirib borganligi, zarur hollarda tegishli partiyaviy va deputatlik vositalarining ishga solganligi orqali yuzaga kelayotgan vaziyatni adolatli hal qilinishiga erishib kelganligini ko‘rsatadi. Albatta, sanab o‘tilgan bu kabi omillarning ham tadbirkorlar va ularning ortida turgan ming-minglab yurtdoshlarimizning saylovlardagi qat’iy qarorlariga ta’sir etgani aniq.

Uchinchidan, partiyaning ushbu saylovda yirik natijaga erishishida muhim rol o‘ynagan sabablardan yana biri O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan saylovoldi dasturi bo‘lgani shubhasiz. Asosiysi, juda sodda,  aholining barcha qatlamlari uchun tushunarli tilda tayyorlangan ushbu dastur tizimli, o‘zbek jamiyatining ertangi kunini partiya qanday ko‘rayotgani borasida aniq tasavvur hosil qilish imkoniyatini beradigan, aholining barcha segmentlari manfaatlariga mos takliflarni o‘z ichiga olgan muhim hujjat sifatida taqdim etilganidir.

Albatta, dasturda birinchi navbatda partiyaning asosiy elektorati hisoblangan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar uchun g‘oyat muhim takliflar o‘rin olgan edi. Qolaversa, bu bilan cheklanib qolinmasdan, partiya ayollar, yoshlar, aholining keksa yoshli vakillari uchun ham bir qator muhim takliflarni ilgari surdi va bunda aynan ularni o‘ylantirib turgan muammolarni dadil ko‘tarib, mazkur masalalarni hal qilish borasida o‘z yondashuvlarini  taqdim eta olganligini ko‘rish mumkin. Fan, ta’lim sohasi vakillari, sog‘liqni saqlash tizimi va bosh qa sohalarni ham rivojlantirish borasida partiyaning saylovoldi dasturida aniq takliflar ilgari surilgan edi.

Shuningdek, avval o‘zini boshqa partiya elektorati hisoblagan ijtimoiy sohalar, qolaversa madaniyat, fan, ta’lim sohalari vakillarining ham ma’lum bir qismi o‘zini o‘ylantirgan masalalarga jo‘yaliroq javoblarni aynan O‘zLiDeP dasturidan topganligi va shuning uchun ham saylovda ushbu partiyaga hech ikkilanmay ovoz berganligi ayon bo‘ldi. Buning isbotini avvalgi saylovlarda aholining ushbu qatlamlari vakillari hisobiga o‘z ovozini to‘plab kelgan ayrim partiyalarning bu safar ushbu ovozlarning bir qismini yo‘qotganligida ko‘rish mumkin. O’z navbatida aynan shu holat O‘zLiDeP uchun juda muhim bir vaziyat – partiyaning jamiyatdagi ijtimoiy tayanchi endilikda faqatgina tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar doirasidan ancha kengayib, aholining boshqa qatlamlarini ham qamrab ola boshlaganligini ko‘rsatadi. Demak, jamiyat taraqqiyotida aynan O‘zLiDeP keyingi o‘n yilliklar davomida xalqqa targ‘ib qilib kelayotgan qarashlar endilikda aholining  deyarli barcha qatlamlari uchun ham jozibador, bir so‘z bilan aytganda, ertangi kunga ishonch uyg‘otadigan g‘oyalarga aylanib ulgurganligidan dalolat beradi.

Masalaning bunday qo‘yilishi, endilikda O‘zLiDeP nafaqat tadbirkorlarni o‘ylantiradigan muammolarga, balki partiya uchun o‘z ovozlarini  bergan ijtimoiy soha vakillari oldida ham mas’uliyatni jiddiy his qilishi, mazkur saylovdan so‘ng ushbu yo‘nalishdagi ishlarga ham ustuvor ahamiyat qaratishi lozimligini tasdiqlaydi.

To‘rtinchidan, O‘zLiDePning ushbu g‘alabasi sabablarini tahlil etganda, albatta, joriy yildagi saylovning birinchi marta aralash saylov prinsipi asosida  bo‘lib o‘tganligini ham e’tiborga olmoq lozim deb hisoblaymiz.

Bu yildan boshlab proporsional saylov tizimiga xos qoidalarning joriy etilganligi, aholiga bevosita siyosiy partiyalarga ovoz berish imkoniyatini yaratdi. Dunyo amaliyoti jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, yirik partiyalar uchun proporsional saylov tizimi ayni muddao ekanligini, chunki aholi bunday holatlarda o‘zi yaxshi taniydigan, ishonadigan partiyaga ovoz berishini ko‘rsatadi. O’zbekis ton ham bundan mustasno emas. Shu asosda o‘tgan birinchi saylovdayoq O‘zLiDeP parlamentdagi 75 ta o‘rindan  26 tasini, ya’ni, partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha olinishi mumkin bo‘lgan barcha o‘rinlarning uchdan biridan ko‘prog‘ini qo‘lga kiritdi!

Albatta, ushbu ko‘rsatkich partiyaning mazkur yo‘nalishda yanada yirikroq natijalarni qo‘lga kiritish imkoniyatlari mavjudligi, bu borada keyingi saylovlargacha jahon amaliyotidagi boy tajribalarni yanada chuqurroq o‘rgangan holda tizimli ravishda amalga oshirishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar borligini ko‘rsatadi. Bu kabi maqsadli vazifalar amalga oshirilsa, o‘ylaymizki, partiyaning O’zbekiston saylov tizimiga endigina kirib kelayotgan aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgan saylovlarda yanada ko‘proq ovoz olish imkoniyati kengayadi.

Beshinchidan, proporsional saylov tizimida tashkil qilingan yagona saylov okrugida O‘zLiDeP yuqorida tilga olinganidek, quvonarli natijaga erishgan bo‘lsa-da, lekin, tan olish kerakki, bir mandatli okruglarda bo‘lgan saylovlarda ko‘proq ovoz to‘plandi. Ushbu tartibdagi saylovlarda ishtirok etish borasida partiyaning tajribasi katta bo‘lganiga qaramasdan, ya’ni aynan shunday tamoyillar asosida bo‘lib o‘tgan saylovlarda hamisha g‘oliblik qo‘lgan kiritilgan bo‘lsa ham 2024 yilgi saylovda qo‘lga kiritilgan yuksak natija hali bu siyosiy kuch tarixida kuzatilmagan edi, deya bemalol aytish mumkin.

Masalan, o‘tgan saylovlarda 120 ta o‘rindan 41 ta, 150 ta o‘rindan 52 va ikki marta 53 ta o‘rin olishga erishgan. O‘zLiDeP ko‘pi bilan barcha o‘rinlarning o‘rtacha  35 %ga teng qismini egallab kelgan. Bu galgi saylovda saylov okruglari bo‘yicha ilgari surilgan 75 ta nomzodning 38 tasi, yoki qariyb 51 %i g‘alabaga erishdi.

Bunday fenomenal  ko‘rsatkichning asosiy sabablaridan biri, albatta, yuqorida biz imkon qadar keltirib o‘tgan amaliy asoslar bo‘lsa-da, yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, aynan qo‘shimcha ravishda bir mandatli okruglar bo‘yicha partiya tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning nihoyatda to‘g‘ri tanlanganligi ham bo‘ldi, deyish mumkin. Nomzodlar faoliyati tahlil qilinar ekan, ayonki, ular orasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boy tajriba orttirib, birinchi navbatda saylovchilar ishonchini qozongan faol deputatlar bilan bir qatorda ular orasida yosh bo‘lsa-da, lekin allaqachon jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, egallagan sohasining haqiqiy bilimdonlari bo‘lgan nomzodlar ham borligini ta’kidlash lozim.

Oltinchidan, saylovoldi kampaniyasiga yangicha yondashuv: imkon qadar har bir xonadonga, har bir saylovchiga yetib borishga harakat qilish, o‘tgan saylovlarda o‘zini oqlagan uslublar bilan bir qatorda ilgari milliy saylov jarayonlarida qo‘llanilmagan mutlaqo yangicha vositalarning ishga solinishi kabi omillar ham O‘zLiDePning o‘ziga xos targ‘ibot strategiyasini belgilab berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ilgari surilgan qariyb 6 mingga yaqin nomzodlar, ularning 19 mingdan ortiq ishonchli vakillari, partiya xududiy kengashlari qoshida tuzilgan targ‘ibot guruhlari, bularning barchasi saylovoldi tashviqotlari davrida qariyb 700 mingga yaqin uchrashuvlarni tashkil eta oldi. Qolaversa, targ‘ibot guruhlari mamlakatdagi 11 mingga yaqin mahallalarning aksariyatiga kirib borib, xonadonma-xonadon yurib, partiya va undan ko‘rsatilgan nomzodlarning targ‘ibot materiallarini tarqatish ishlarini amalga oshirdi. O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilgan “Targ‘ibot avtobus”lari deyarli barcha yirik shaharlarni aylanib chiqib,  o‘n minglab saylovchilar orasida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirishga ulgurdi. Targ‘ibotchi-velosipedchilar faoliyati ham ilgari amaliyotda uchramagan va aholi orasida partiya nomzodlariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytira olgan yangi targ‘ibot usullaridan biri bo‘ldi deyish mumkin. Partiyaning hududlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan, har birida o‘rtacha 3 mingdan 10 minggacha saylovchilar qatnashgan ommaviy tadbirlarida “Yoshlar klublari” (avvalgi “Yoshlar qanoti”) jalb etgan ko‘ngillilar (volontyor)larning umumiy soni 100 minggacha yetganligi yoshlarimizning O‘zLiDeP saylovoldi tadbirlarini qanchalik qo‘llab-quvvatlaganligini ko‘rsatadi. Natija esa ko‘ngildagidek: ya’ni partiya saylovchilarning qariyb uchdan ikki qismiga yaqinrog‘ini o‘z targ‘ibot doirasida qamrab olishga erishdi, deya bemalol aytish mumkin.

Yana bir e’tiborga molik jihati shuki, bu bevosita saylovoldi tashviqot tadbirlari doirasida amalga oshirilgan partiyalararo debatlardir. Xuddi ana shu jonli va yuzma-yuz muloqotlar ham O‘zLiDeP dasturining ustun, xalqchil jihatlarini keng aholiga yetkazishda muhim rol o‘ynadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biz keltirib o‘tgan hayotiy asoslar va misollar O‘zLiDePning ushbu saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish va bu muhim siyosiy jarayonni muvaffaqiyatli o‘tkazishda o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tadi deya olamiz.

Albatta, 2024-yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazilgan saylov mavzusi hali siyosatshunoslar, sotsiologlar, boshqa ijtimoiy sohalar vakillari tomonidan ham batafsil o‘rganiladi, bu borada xolisona munosabat bildirish, fikr-mulohazalarni e’lon qilish lozim. Chunki har qanday vaziyatda ham xalqimiz va mamlakat taqdiriga daxldor bunday siyosiy jarayonlarni tahlil qilish nihoyatda muhimdir. Bu, albatta, Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ko‘ppartiyaviylik, qolaversa, yangicha saylov tizimini yanada takomillashtirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Baxtiyor YAKUBOV

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?