Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O’zbekistonning global muammolarni tartibga solishga doir tashabbuslari

13.11.2024
52

Hozirgi vaqtda butun dunyo inqiroz davriga qadam qo‘ydi, bu esa davlatlarni turli xil tarqoq choralarni ko‘rishga majbur qilmoqda. Biroq ular dunyo xalqlari duch kelayotgan muammolarning sabablarini tizimli ravishda bartaraf eta olmayapti. Shu bilan birga, bu noaniqliklar to‘planib, o‘zaro bog‘lanib, ijtimoiy-iqtisodiy siljishlar va sayyora miqyosidagi xavfli o‘zgarishlarni keltirib chiqarmoqda.

Afsuski, yetakchi davlatlar o‘rtasida raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchayib, yangi qarama-qarshilik va urush o‘choqlari vujudga kelayapti, turli tahdid va xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Bu Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki tomonlama standartlarga ham taalluqli. Shu tariqa, G’azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar va ularning o‘limini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

O’zbekiston global kun tartibidagi eng dolzarb va murakkab masala – Falastin muammosini hal etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda. Shu tariqa, joriy yilning 11-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev arab-islom davlatlarining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi. Unda G’azo sektori va Livandagi vaziyatni yumshatish va mojaroni tezroq siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O’zbekiston Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz Prezidenti Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va eng asosiysi – tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari BMT va Xavfsizlik kengashining doimiy e’tibor markazida turishi kerakligini ta’kidladi.

Biz qadimiy va boy tarixga ega Falastin xalqi 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekanligi bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga egamiz.

O’zbekiston urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O’zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanligi qayd etildi. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga katta e’tibor qaratdi.

O’zbekiston tashqi siyosatining diqqat markazida bo‘lgan navbatdagi global muammo iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va ularga moslashishdan iborat. Iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq- ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda.

Markaziy Osiyoning issiqxona gazlarining global emissiyasiga qo‘shgan hissasi global ulushning arang 2 foizini tashkil etayotganiga qaramay, ushbu hudud iqlim o‘zgarishiga nisbatan eng zaif mintaqalardan biri hisoblanishi e’tiborga molik. Masalan, XVF ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda haroratning o‘sish sur’ati global ko‘rsatkichlardan 2 barobar yuqori. 2050-yilga kelib Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv resurslarining qisqarishi mintaqaviy YaIMning 11 foizga qisqarishiga olib kelishi mumkin. Natijada, o‘sha paytda Markaziy Osiyo mintaqasida taxminan 2,5 million kishi iqlim o‘zgarishi asoratlaridan nisbatan kamroq aziyat chekayotgan hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lishdek real tahdidi ostida qoladi.

Mamlakatimiz iqlim o‘zgarishiga eng ta’sirchan davlat sifatida xalqaro va mintaqa miqyosidagi tadbirlar davomida Orol dengizining qurishi, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasi, havo haroratining o‘zgarishi, tabiiy ofatlar ko‘payishi bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

O’z navbatida O’zbekiston uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlar qat’iy amalga oshirmoqda. 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish maqsad qilingan. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablari yaratilmoqda. “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘kalamzor hududlar ko‘paytirilmoqda.

O’zbekistonning Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi (COR29) tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasidagi faol ishtirokini shu va boshqa omillar ifodalaydi. Mazkur tadbirning dolzarbligi yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishiga qarshi kurash samaradorligini oshirish yo‘llarini birgalikda muhokama qilish, ekologik ta’limni rivojlantirish va iqlim sohasidagi kun tartibini targ‘ib qilishda yoshlarning rolini oshirishdan iborat.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ta’kidlaganidek, O’zbekiston global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda o‘zining amaliy hissasini kengaytirish niyatida. Shu maqsadda rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish muhimdir. Transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilma-xilligini saqlashda yagona yondashuvlar zarur.

Iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etishni va uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi. Shu bilan birga, barcha davlatlar vakillari kelgusi yili 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

O’zbekiston Respublikasining maxsus tashkil etilgan Milliy pavilonida Orolbo‘yining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, biologik xilma-xillikni saqlash va boshqa mavzularda qator tadbirlar o‘tkazilganini alohida ta’kidlamoqchimiz.

Umuman olganda, O’zbekistonning Ozarbayjondagi COR29dagi ishtiroki yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, biz to‘liq ishonch bilan mamlakatimiz iqlim bo‘yicha global kun tartibining ulkan ahamiyati va uning naqadar muhimligini yana bir bor tasdiqlaganini ishonch bilan aytishimiz mumkin. Shu bilan birga, COR29da Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak minbardan turib nafaqat iqlimning salbiy tendensiyalarini ta’kidlab o‘tdi, balki global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan qator amaliy tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Aktam XAITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?