Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 15-iyul 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar

14.07.2026
48

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining joriy yilning 8-9-iyul kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari yuzasidan fikr almashildi. Fraksiya a’zolari muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi, o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishiga alohida urg‘u berdilar.

Ta’kidlanganidek, siyosiy muloqotni faollashtirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish hamda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha belgilangan vazifalar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtalarini yaratadi.

Fraksiya a’zolari tomonidan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, xalqaro maydonda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va Minsk shahrida O‘zbekiston — Belarus do‘stligi xiyobonini tashkil etish tashabbusi xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va ishonch munosabatlarining yorqin ramzi sifatida e’tirof etildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolarining fikricha, mazkur qonun loyihasi inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish, qurilish sohasida qonuniylikni ta’minlash hamda mas’uliyatni yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.

Qonun loyihasi bilan qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarga aholini noqonuniy joylashtirganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bu qurilish jarayonida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda qurilish sohasida ochiqlik, qonuniylik va javobgarlikni ta’minlash, fuqarolarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish bugungi kunda dolzarb masalalardan ekani ta’kidlanib, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?