Ishbilarmonlar xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishga oid taklif-tashabbuslar muhokama qilindi
19 noyabr "Xalqaro tadbirkor ayollar kuni" munosabati bilan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Ishbilarmon ayollar” Forumi o‘tkazildi. Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tadbirkor xotin-qizlar hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ayollar nafaqat oila va jamiyat hayotida, balki iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, xususiy sektor va kichik biznesda ham tobora faol ishtirok etib kelmoqda. So‘nggi sakkiz yilda xotin-qizlarning biznes salohiyatini oshirishga qaratilgan qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilib, imtiyozli kreditlar, grantlar, ta’lim va maslahat dasturlari orqali ayollar tadbirkorligi keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bugungi kunda shaharlarda xususiy firmalarning 15 foizi, qishloq hududlarida esa 7 foizi ayollar rahbarligida faoliyat yuritmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida xotin-qizlar ulushi 40 foizga yaqinlashgani fikrimiz tasdig‘idir.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan tashkil qilingan “Ishbilarmon ayollar” Respublika forumi xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish, biznes yuritishdagi muammo va takliflarini muhokama qilish, ularni siyosiy jarayonlarga yanada faol jalb etishga xizmat qiladigan ochiq muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Forumda partiya tashabbusi bilan 2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovining amaliy natijalari sarhisob qilindi. 10 yildan buyon tashkil qilib kelinayotgan mazkur loyiha doirasida 60 mingdan ortiq xotin-qizlar qamrab olindi, 20 mingga yaqin tadbirkor va fermer ayollar o‘z mahsulotlari bilan ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Ularning katta qismi partiya bilan doimiy hamkorlikka o‘tdi, partiya a’zoligiga qabul qilindi, boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuzdi, ayrimlari mahalliy kengashlar va parlamentga deputat etib saylandi.
2024 yildan loyihaning yangi — mahalla bosqichlarining joriy etilishi esa ayollarning har bir hududdagi faolligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu jarayon orqali partiya har bir mahallaga kirib borish, ayollarning o‘z biznesini rivojlantirishga ishonchini mustahkamlash, ularni hamkorlik va tajriba almashish jarayoniga jalb etish imkoniyati yanada kengaydi. Loyiha ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va qo‘shma tashabbuslar paydo bo‘lib, tadbirkor ayollar bir-birlarining tajribasidan samarali foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Forumda so‘z olganlar partiyaning ushbu amaliy loyihalari xususida to‘xtalib o‘tar ekan, ushbu loyihani tizimli tashkil qilib borish muhimligini ta’kidlab o‘tishdi. Forum doirasida iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi tadbirkor ayollar o‘z tajribalari, muvaffaqiyatlari va innovasion yondashuvlari bilan ishtirokchilarga mahorat darslari o‘tkazishdi. Shuningdek, forum ishtirokchilari ayollar tadbirkorligining turli yo‘nalishlari, agrar sektordagi imkoniyatlar, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy iqtisodiyot drayverlarini shakllantirish borasida amaliy taklif va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
“Ishbilarmon ayollar” forumi xotin-qizlarning iqtisodiyot va jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning muammo va tashabbuslarini eshitish, yangi hamkorlik platformalarini yaratish hamda partiyaning bu boradagi tizimli loyihalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbir doirasidagi ochiq muloqotlar va amaliy muhokamalar esa mamlakatda ayollar tadbirkorligiga ko‘mak berishning yangi yo‘nalish va yechimlarini ishlab chiqishda muhim omil bo‘ladi.