Navoiylik ishbilarmon ayollarning mehnati munosib e’tirof etildi
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Ishbilarmon ayol — 2026” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda mahalla va tuman-shahar bosqichlarida saralangan 11 nafar faol tadbirkor xotin-qiz o‘z biznes faoliyati, tayyorlagan mahsulotlari, yaratgan ish o‘rinlari va kelgusi rejalarini taqdim etdi.
Ishtirokchilarning tadbirkorlik sohasidagi tajribasi va yangi tashabbuslari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Yakunlarga ko‘ra, “Nurmonova Charos Berdiyorovna” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Charos Nurmonova “Ishbilarmon ayol — 2026” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati hududiy bosqichi g‘olibi deb topildi. U mazkur e’tirofni faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun rag‘bat sifatida qabul qilganini bildirdi.
Ta’kdlash kerak, “Ishbilarmon ayol — 2026” tanlovi xotin-qizlarning tadbirkorlik tajribasini namoyish etish, ilg‘or g‘oyalarni ommalashtirish va yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muloqot maydoni sifatida davom etmoqda. Tanlov jarayonida turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar o‘zaro tajriba almashib, o‘z mahsulot va loyihalarini keng jamoatchilikka taqdim etmoqda.