Juma 11-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yomg‘irli ob-havo bo‘lishiga qaramay, O’zLiDeP targ‘ibot tadbirida minglab yurtdoshimiz ishtirok etdi

04.10.2024
192

Farg‘ona shahridagi I.Karimov nomidagi teatr-konsert saroyi maydonida “Erkin va farovon, qudratli yangi O’zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida O’zLiDeP saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Yomg‘irli ob-havo bo‘lishiga qaramay, tadbirda mingdan ziyod tadbirkorlar, fermerlar, ta’lim va tibbiyot sohasi xodimlari, madaniyat va san’at sohasi vakillari, partiya faollari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Targ‘ibot tadbirida partiyaning kelgusi besh yillikda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish yo‘nalishidagi ishlarni sifat jihatda yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalari muhokama qilindi.  

Tadbirda ta’kidlanganidek, O’zLiDeP barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashning samarali yechimlarini taklif etmoqda. Jumladan, partiya yalpi ichki mahsulot hajmi 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish, tadbirkorlar sonini 3 million nafardan oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘qitish ko‘lamini har yili ikki baravar oshirib, besh yilda kamida 1 million fuqaroga kasb o‘rgatish, barcha tuman va shaharlarda monomarkazlarni tashkil qilish, maktab bitiruvchilariga davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizim joriy etish kabi masalalar ham partiyaning diqqat markazida bo‘ladi.

Partiya sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham qator taklif-tashabbuslarni ilgari suryapti. Jumladan, aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish va budjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish O’zLiDePning ustuvor vazifasidir. Shuningdek, kelgusi yillarda onalar va bolalar o‘limini kamida 2 barobarga, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga qisqartirish, kafolatlangan bepul tibbiy yordam, “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish kabi maqsadlar ijrosi O’zLiDePning kelgusi 5 yillikdagi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, targ‘ibot tadbirida yuragida nuqsoni bor 5 ming bolani, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni har yili bepul davolash choralarini ko‘rish, onkologik bemorlarning davolanishi, sog‘ayib ketishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha partiyaning aniq rejalari to‘g‘risida fikr yuritildi.

Targ‘ibot tadbirida O’zLiDeP maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirishni, davlat-xususiy sheriklik va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z zimmasiga olayotgan maqsad-vazifalarning ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, O’zLiDePning kelgusi yillarda maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 2 barobarga oshirib, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish borasidagi tashabbuslari mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar bo‘lajak saylovlarda O’zLiDePni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga chaqirildi.

Targ‘ibot tadbiri mashhur san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi. Tadbirda yig‘ilgan fuqarolar partiyaning maqsad va g‘oyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib o‘tdilar.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?