Qonun ijrosi — parlament nazoratida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar agentligi, Energetika vazirligi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini Andijon viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun yillar davomida turli sabablarga ko‘ra, to‘la-to‘kis qonuniy hujjatlarga ega bo‘lmagan holda qurilgan uy-joylar va yer uchastkalariga nisbatan huquqiy e’tirof etilishiga imkon berdi.
Ushbu hujjatda yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmaydigan hajmda belgilangan.
Qonunga muvofiq, hududlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich inventarizatsiya qilish har yilgi reja-jadval asosida amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda mazkur qonunning ijro etilishi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning axborotlari tinglandi. Ushbu qonun tom ma’noda, unikal hujjat bo‘lgani, u bilan yer uchastkasi va mulkka bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari aniq belgilab qo‘yilgani qayd etildi.
Axborotda keltirilishicha, 2025-yil 16-sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 680 mingdan ortiq obyekt xatlovdan o‘tkazilgan. Shundan 280 mingga yaqin obyektlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. 9089 ta obyektga nisbatan huquqlar e’tirof etilgan bo‘lsa, 5050 tasi rad etilgan. 1700 dan obyekt esa Xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilmoqda.
Eshituvda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar natijalari, jumladan, Andijon viloyati misolida amalga oshirilgan nazorat-tahlil ishlari qonun ijrosini ta’minlashda qator tizimli muammolar borligini ko‘rsatgani aytib o‘tildi. Xususan, “E'tirof” axborot tizimida ma’lumotlarni kelishish jarayoni uzoq vaqtni talab qilishi, himoya zonasiga tushgan yerlarning umumiy maydoni rad etilayotgani, kosmik suratlarning yetarli emasligi, aholi uchun ortiqcha tashkiliy qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Shuningdek, qonun ijrosi bo‘yicha ayrim hududlarda xatlov ishlari reja asosida bajarilmayotgani, soliq miqdorining yuqoriligi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani, shundan kelib chiqib, respublika miqyosida ham o‘rganishlar o‘tkazish va aholi fikrini chuqur tahlil qilish lozimligi ta’kidlandi.
Fraksiya a’zolari qonun ijrosidagi kamchiliklarni bartaraf etish, aholi manfaatlarini inobatga olish, qonun normalarini amaliyotga to‘liq joriy etish bo‘yicha qator takliflar berdi. Masalan, huquqlarni e’tirof etish jarayonida qo‘shimcha to‘lovlar va soliq qarzdorligi masalasi aholi uchun og‘irlik qilayotgani aytilib, soliq yukini qayta ko‘rib chiqish hamda aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Andijon viloyatida amalga oshirilgan o‘rganish natijalarida ko‘tarilgan muammolar respublikamizning boshqa hududlariga ham xos ekanligi ma’lum qilindi. Himoya zonasiga tushgan yer uchastkalari va bino-inshootlarga huquqlarni e’tirof etish masalalarida yagona me’yoriy yondashuv mavjud emasligi, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda turli xil holatlar kuzatilayotgani urg‘ulandi.
Muhokamalar davomida deputatlar mutasaddi vazirlik va idoralarga qonun ijrosini ta’minlashda shaffoflik va tizimlilikni kuchaytirish, huquqlarni e’tirof etish jarayonida byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, “E'tirof” axborot tizimini takomillashtirish, hududlardagi muammolarni markaziy organlar darajasida hal etish lozimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, ushbu qonun o‘ziga xos xususiyatga egaligi, undagi imtiyozlar 2028-yilning 1-yanvarida yakunlanishini inobatga olgan holda, uning ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va tashkilotlar bilan fikr almashilib, bir qator takliflar berildi.
Yakunda kun tartibidagi mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.