Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 16-avgust 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbekiston — Gruziya: parlament va partiyalararo hamkorlik yangi bosqichda

15.08.2026
91

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Gruziya Parlamenti deputatlari Levan Machavaria va Irakliy Mezurnishvililar bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stona va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati hamda ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar faollashib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil iyul oyida Gruziyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlab, o‘zaro hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochdi.

A.Xaitov mehmon tomoniga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
O‘z navbatida, Gruziya Parlamenti deputatlari iliq va do‘stona munosabat uchun minnatdorlik bildirib, oxirgi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, mamlakatdagi yangilanish va taraqqiyot jarayonlari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini tobora yuksaltirayotganini alohida ta’kidladi.

—Biz davlat rahbaringiz boshchiligida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish tarafdorimiz. “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiya O‘zbekiston va Gruziya parlamentlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi Gruziya Parlamenti deputati Levan Machavaria.

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, mavjud transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ilgari surish uchun keng imkoniyatlar borligi alohida ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni izchil rivojlantirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitishda parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutishi aytildi.

Qonun ijodkorligi, iqtisodiy islohotlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, raqamlashtirish hamda investisiya muhitini yaxshilash sohalarida tajriba almashish ikki mamlakat parlamentlari hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani urg‘ulandi.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash barobarida, partiyalararo hamkorlikni ham yangi g‘oya va amaliy tashabbuslar bilan boyitish muhim ekani alohida qayd etildi. O‘zLiDeP va “Gruzin orzusi” partiyasi o‘rtasida muntazam muloqot o‘rnatish, hamkorlik memorandumini tayyorlash, qo‘shma davra suhbatlari va biznes-forumlar o‘tkazish taklif etildi.

Uchrashuv ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?