O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiya fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Shu yilning 27-noyabr kuni O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislaridagi nutqi va undan kelib chiqib fraksiya oldida turgan vazifalar hamda kelgusi besh yillikda Parlament nazoratini kuchaytirish, budjet ko‘rsatkichlarini oshirish va hukumat bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida partiyamizning xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, biznes yuritishni yanada soddalashtirish maqsadida mingga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish, litsenziya, ruxsatnoma va boshqa cheklovchi hujjatlar sonini 2 karra kamaytirish, davlat xaridlarida kichik biznes ishtirokini yanada kengaytirish to‘g‘risidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlashlarini e’tirof etdi.
Prezidentimizning mazkur e’tirofi partiyamiz zimmasidagi mas’uliyatni ikki karra oshiradi. Shu bois kelgusi 5 yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay investitsion muhitni yaratish faoliyatimizning ustuvor vazifasiga aylanishi lozim, Zotan, jadal iqtisodiy yuksalishimiz, kelajagimiz tadbirkorlik rivojiga bog‘liq. Shu bois, partiyamiz tadbirkorlikka yanada keng yo‘l ochib berish bo‘yicha olib borayotgan islohotlarimizda faol bo‘lib, yangi yangi tashabbuslarni ishlab chiqishga e’tibor qaratadi.
Bundan tashqari, qabul qilingan qonunlar ishlashi, odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish qilishi kerakligi ta’kidlab o‘tilgan edi. Shuningdek, qo‘shma majlisda qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitasi va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda o‘rganib borilishi, vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlarini quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib biriktirish, Parlament va deputat so‘rovlari kimga yo‘llangan bo‘lsa, shaxsan shu rahbar tomonidan javob berilishi shartligi haqida bildirilgan qat’iy fikrlar boshqaruvda Parlament rolini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Fraksiya a’zolari davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif-tashabbuslar O’zLiDePning boshqaruvda parlament va mahalliy kengashlar rolini oshirish hamda xalqning chinakam ovoziga aylantirish yo‘nalishidagi maqsad-vazifalari ijrosiga xizmat qilishini qayd etishdi.
Yig‘ilishda O’zLiDeP fraksiyasi davlatimiz rahbarining Qonunchilik palatasining majlislarida belgilab bergan vazifalar asosida Hukumat idoralari bilan yaqindan hamkorlikda ishlashi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab olgani qayd etildi. Bu partiyamiz saylovoldi dasturidagi xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirish, tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, raqobatni rivojlantirish, yer va yer osti resurslaridan unumli foydalanish kabi muhim tashabbuslarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, Hukumatimiz bilan yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini amalga oshirish – fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining xususiy mulk huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishning muhim sharti ekani qayd etildi.
Shuningdek, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va eksport hajmini oshirish, agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash, mamlakatimizda “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlash borasidagi ishlarga ham partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqib alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish so‘ngida davlatimiz rahbari ma’ruzalari asosida ishlab chiqilgan partiya “yo‘l xaritasi”ni joylarda to‘liq ijrosini ta’minlash borasida vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.