O‘zLiDePda ICAPP vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O'zLiDeP)da Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP) delegatsiyasi va Koreya parlamenti a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda, shuningdek, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, iqtisodiyotni yuksaltirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lidagi ishlar yuqori baholandi.
Suhbat chog‘ida O'zLiDePning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalar va investisiyalarni jalb etish, samarali ijtimoiy siyosat yuritish borasidagi ustuvor vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, ICAPP faoliyati tenglik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan bo‘lib, u siyosiy partiyalar o‘rtasida tajriba almashish va global chaqiriqlarga birgalikda yechim topish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida O'zLiDeP kelgusida ham ICAPP tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini va tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.