Chorshanba 05-Fevral 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldi olinadi

04.02.2025
30

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga dahldor, jumladan, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish, soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, soliq siyosatini takomillashtirish, soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar aks ettirilmoqda.

Shuningdek, sudga qadar va sud muhokamaci davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishni, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari O‘zLiDeP maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Xususan, deputat Atham Nazirkulov hujjatning zaruratiga e’tibor qaratib, unda aks etayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bildirdi.

Ayrim normalar yuzasidan Qonun tashabbuskorlardan asoslantirilgan tushuntirishlar so‘radi. Ular berilgan takliflar o‘rinli ekanligini qayd etib, mazkur takliflar asosida qonun loyihasi yanada takomiliga yetkazilishini ma’lum qilishdi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, soliq tushumlarining barqarorligini ta’minlash, xususiy tadbirkorlik rivoji uchun teng raqobat sharoitini yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqildi.

U bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penya summasi yetkazib berilmagan tovarlar bahosidan ortiq bo‘lmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan sotuvchi tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanyapti.

Fraksiya a’zosi Emma Aslonova qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar tomonidan berilgan takliflar chuqur tahlil qilinib, asosli deb topilganlari hujjat matnida aks ettirilganini qayd etdi.

Deputatning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining qonuniy manfaatlarini iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalar va savol-javoblardan so‘ng, har ikkala qonun loyihasi ham fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?