“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab “Mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan o‘z nuqtayi nazarlarini bildirib, hozirgi kunda u keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotganini qayd etdi. Mazkur hujjatda inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, yaqin kelajakda amalga oshirilajak islohotlarning tub maqsadlarini qamragan ustuvor yo‘nalishlar o‘rin egallagani ta’kidlandi.
Partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi a’zolari Strategiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflari, tavsiyalarini berish bilan birga, bu jarayonga faol ishtirok etishi, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, aniq takliflar berishi lozimligi urg‘ulandi.
Shundan so‘ng, fraksiya a’zolari “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Ushbu qonun loyihasi qo‘riqlash faoliyati doirasini kengaytirishni, xususan jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, ko‘ngilochar va qurilish obyektlarini qo‘riqlashni amalga oshirish bo‘yicha huquqiy asoslarni belgilashni, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining ushbu sohadagi vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mansabdor shaxslariga tegishli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash vakolatlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti mansabdor shaxslariga o‘tkazilmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zosi Diyor Xusanov qonun loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shu bilan birga, loyihadagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar berdi.
Qonun tashabbuskorlari mazkur masala yuzasidan tushuntirishlar berar ekan, loyihada nazarda tutilayotgan normalar qo‘riqlash faoliyati sohasidagi qonunchilik bazasini yanada mustahkamlash, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda jamoat xavfsizligi va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.