Sayxunobodlik saylovchilar O’zLiDeP uchun ovoz berishadi
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Sirdaryo viloyat Sayxunobod tumanidagi “Politex Sirdaryo”da saylovchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda partiya raisi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ommalashtirilayotgan Sayxunobod tajribasi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirda mazkur tajribani yanada ommalashtirish va shu orqali tadbirkorlar safini kengaytirish O’zLiDePning ustuvor vazifasi ekani qayd etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, biznes yuritishni yanada soddalashtirish, 1000 ga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish, litsenziyalar sonini ikki baravarga kamaytirish Jahon savdo tashkilotiga kirishni jadallashtirish uchun tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar adolat va tenglik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishga erishi O’zLiDePning ustuvor vazifasidir.
Bundan tashqari, partiya kelgusi besh yillikda “Tadbirkorlik kodeksi” qabul qilish, yo‘l qurilishi, gaz va elektr yetkazib berish sohalariga xususiy biznesni keng jalb etish, soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoit yaratishga harakat qiladi. O’zbekistonni mintaqaviy “to‘qimachilik xabi”ga aylantirish uchun sohadagi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Uchrashuv ishtirokchilari partiyaning sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish va 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratish, kredit resurslari tannarxini pasaytirish orqali kredit foizlarini 3-4 bandga kamaytirish kabi O’zLiDePning taklif-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida saylovchilar partiya ko‘tarib chiqayotgan g‘oyalarni e’tirof etishib, yaqinlashib kelayotgan saylovda O’zLiDeP uchun ovoz berishlarini ta’kidlashdi.