Yakshanba 22-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Poytaxtimizda O’zLiDePning ommaviy tadbiri bo‘lib o‘tdi

25.10.2024
319

Joriy yilning 24-oktabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdagi ommaviy tadbiri poytaxtimizda tashkil etildi.

“Erkin va farovon, qudratli yangi O’zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi ommaviy tadbirda partiya saylovoldi dasturidagi muhim masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, partiya yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazilishi uchun astoydil kurashadi. O‘zLiDeP O’zbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantirish, yurtimizdagi ishbilarmonlar sonini 3 million nafardan oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Umuman olganda partiyaning ushbu tashabbuslari milliy iqtisodiyotda davlatning ta’sirini kamaytirib, bozor munosabatlariga asoslangan sof raqobat muhitini yaratishga imkoniyat beradi.

Targ‘ibot tadbiri ishtirokchilariga partiyaning ilm ahli va ijodkor ziyolilarga doimiy e’tibor qaratish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini, shuningdek, madaniyat va sport muassasalari, kutubxonalar, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z zimmasiga olayotgan vazifalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, partiya kelgusi besh yillikda qo‘shimcha uy-joy qurilishi sohasiga 15 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirish orqali 1 million xonadonli uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor qaratadi. Yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladigan tizim joriy etish ustida ishlaydi.

Partiyamiz yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish, talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish zarur, deb hisoblaydi. Ëshlar uchun maxsus uy-joylar qurish va har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlarini berish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratadi.

Targ‘ibot tadbirida partiya saylovoldi dasturida barcha hududlarda, avvalo, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilishni, ekologik toza transportlar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish va elektr transport vositalarini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar beruvchi qonunni qabul qilish kabi shahar ahli uchun g‘oyatda muhim bo‘lgan tashabbus ham kiritilgani ta’kidlandi. Mulk shaklidan qat’i nazar, barcha mehnat jamoalarida ish vaqti me’yorlariga qat’iy amal qilish, hokimlarning Kengash oldida hisobdor bo‘lishi, mas’uliyati va javobgarligi oshishini ta’minlaydigan tizimni mustahkamlash, ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot qilish standartlarini joriy etish orqali ularni xalq ko‘z o‘ngida tom ma’noda himoyachiga aylantirish kabi vazifalar ham bor.

Shuningdek, yo‘l transport xodisalarini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish, yuqori tezlikda harakatlanadigan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, yo‘l harakati va boshqa sohalardagi jinoyatlar natijasida boquvchisidan mahrum bo‘lganlarga aybdorlardan 18 yoshga to‘lgunga qadar aliment olish huquqini berish kabi takliflar ham o‘rin olgan.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar bo‘lajak saylovlarda O’zLiDePni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga chaqirildi.

Targ‘ibot tadbiri mashhur san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi. Tadbirda yig‘ilgan saylovchilar partiyaning maqsad va g‘oyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib o‘tdilar.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?