Xorazmliklar ham O’zLiDeP va uning nomzodlarini qo‘llab-quvvatlamoqdalar!
Xorazm viloyati Xiva shahridagi Xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi binosi majlislar zalida 60-Xorazm saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod Ruslan Sabirovning saylovchilar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda deputatlikka nomzod partiyaning saylovoldi dasturida xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari bundan buyon ham asosiy vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Shuningdek, jamiyatda ayollar tadbirkorligini faollashtirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirgan holda ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratish, shu orqali ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 2 marta kamaytirish taklifini ilgari surdi.
Partiya saylovoldi dasturida 2030 yilgacha bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lami 50 foizga yetkazilishi uchun barcha choralarni ko‘rishini ta’kidlab o‘tdi. Jahondagi “Top-500”dagi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish kabi vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
-Partiyaning saylovoldi dasturida kelgusi yillarda oliygohlar uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari va 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish borasidagi vazifalar biz saylovchilarni juda ma’qul kelmoqda. Biz bo‘lajak saylovlarda munosib nomzodlarga ovoz beramiz, - deydi uchrashuv ishtirokchisi Nodira Ko‘palboyeva.
Uchrashuvda saylovchilar, xususan, yoshlar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari o‘z fikr hamda takliflarini bildirdilar.