Seshanba 29-Aprel 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xususiy sektor sohasida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlari takomillashtirilmoqda

29.04.2025
57

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirish, mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Dastlab Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga tashrifi va uning doirasida erishilgan kelushuvlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Fraksiya rahbari Aktam Xaitov mazkur tashrifning ahamiyati haqida to‘xtalib, do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston — Turkmaniston munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etgani, yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya rivojlanayotgani urg‘ulandi.

Deputatlar ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etib, tashrif yakunlaridan kelib chiqib O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz hayotiga daxldor bo‘lgan bir qator muhim qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi xususiy sektorda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirish orqali tadbirkorlik va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va iqtisodiyotda norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga, O‘zLiDeP saylovoldi dasturiy vazifalarining ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Loyiha bilan mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali xodimning mas’uliyatini oshirish belgilanmoqda.

Shuningdek, mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra, bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish nazarda tutilyapti.

Xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari takomillashtirilishi hamda tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yozma shaklda ogohlantirish va kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashni bekor qilish taklif qilinmoqda.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Dilmurod Artiqov, To‘ychi Yoqubov, Durbek Axmedovlar qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, hujjat yuzasidan o‘z fikr-mulohalari, takliflarini bildirdi.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi xususiy sektor sohasida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini takomillashtirishga, norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga va tomonlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?