Yoshlar tadbirkorligi, innovatsiya va zamonaviy loyihalar — e’tibor markazida
O‘zLiDeP tashabbusi bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti akademik liseyida “Yoshlar tadbirkorligi, kreativ iqtisodiyot va innovatsiya sohalaridagi yutuqlari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, innovasion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, kreativ iqtisodiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar “Innovasion qurilish va yashil arxitektura” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Loyiha doirasida zamonaviy qurilish yechimlarini joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ta’lim muassasalarida innovasion yondashuvlarni qo‘llash, yashil makonni kengaytirish va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu kabi tashabbuslar yoshlarda innovasion fikrlashni rivojlantirish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “Yosh fermerlar tajriba maktabi” loyihasi doirasidagi amaliy ishlar bilan ham tanishildi. Mazkur tashabbus yoshlarga qishloq xo‘jaligida amaliy bilim va ko‘nikmalar berish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish, zamonaviy agrotexnik usullarni o‘zlashtirish, marketing, mahsulotlarni sotish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha tajriba orttirishga xizmat qildi. Ishtirokchilar bu kabi uchrashuv va loyihalar bilan tanishuv yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda istiqbolli tashabbuslarini amalga oshirishga amaliy ko‘mak berishini alohida qayd etishdi.