Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 23-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Bishkek sammiti SHHT ko‘lami va O‘zbekistonning strategik rolini yaqqol namoyon etdi

10.09.2026
564

Joriy yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, xususan, qabul qilingan bishkek deklaratsiyasi, shht xartiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar, xavfsizlik sohasidagi yangi doimiy tuzilmalar va davlat rahbarlari ilgari surgan tashabbuslar tashkilot o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga kirayotganini ko‘rsatdi.

SHHTning dastlabki vazifalari, avva­lo, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashish, chegaralar atro­fida ishonch va barqarorlikni taʼminlash­dan iborat edi. Bu zarurat yo‘qolgani yo‘q, aksincha, yangi xatarlar xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab qil­moqda. Iqtisodiy taraqqiyot, transport, sa­noat kooperatsiyasi, moliyaviy mexanizmlar, energetika, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, sunʼiy intellekt hamda inson kapitali bi­lan bir butun tizimda ko‘rilmoqda.

Bu oddiy kun tartibi kengayishi emas, SHHT xavf-xatarlarga javob qaytaradigan mintaqaviy mexanizmdan uzoq muddatli ta­raqqiyot yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qi­lishga intilayotgan keng qamrovli Yevroosiyo platformasiga aylanmoqda. Unda dunyoning siyosiy tizimi, iqtisodiy manfaatlari va tashqi siyosiy yondashuvlari turlicha bo‘lgan o‘nta davlat teng huquqli muloqot olib bora­di. Bunday tarkibda umumiy qarorga kelish­ning o‘zi ham tashkilotning geosiyosiy ahami­yatini ko‘rsatadi.

Deklaratsiyaning siyosiy mohiyati

Bishkek deklaratsiyasining siyosiy mohi­yatini unda tilga olingan mavzular soni bi­lan emas, ular o‘rtasidagi bog‘liqlik bilan baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Hujjat bir tomondan ko‘p qutbli dunyo tartibi, BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli, davlatlar suve­reniteti, hududiy yaxlitligi va ichki ishlar­ga aralashmaslik tamoyillarini yana bir bor mustahkamlaydi. Ikkinchi tomondan, ana shu siyosiy prinsiplarni savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamli texnologiya va iqlim masalalari bo‘yicha amaliy hamkor­lik bilan to‘ldiradi.

Deklaratsiyada SHHT harbiy-siyosiy blok emasligi va boshqa davlatlar hamda xalqa­ro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani ochiq belgilangan. Bu muhim bayonot. Tashkilotning kengayishi yoki uning xalqaro taʼsiri ortib borishini “kimgadir qarshi tuzilma” sifa­tida talqin qilish hujjat mohiyatiga ham, O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. SHHT taklif etayotgan modelning asosi turli manfaatlar mavjud sharoitda konsensus va amaliy hamkorlikni saqlab qolishdir.

Ko‘p qutblilik masalasida ham shu yonda­shuv saqlanadi. Ayni paytda BMT ustavi va xalqaro huquqning universal tamoyillari asosiy tayanch sifatida qoladi. Prezidenti­miz Shavkat Mirziyoevning “SHHT plyus” maj­lisida bildirgan fikri bu pozitsiyaga aniq mazmun berdi: O‘zbekiston yangi chegaralar yaratadigan emas, imkoniyatlar makonini ken­gaytiradigan ko‘p qutblilik tarafdori. Bu fikr O‘zbekiston uchun geosiyosiy raqobatdan ko‘ra iqtisodiy bog‘liqlik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaat ustuvor ekanini anglatadi.

Deklaratsiyada xavfsizlikning anʼa­naviy yo‘nalishlari ham saqlab qolindi. Terrorizm, separatizm va ekstremizmga, shuningdek, chegaralarni kesib o‘tuvchi terror­chilarga, narkotiklar savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurash SHHTning asosiy vazifalari bo‘lib qolaveradi. Biroq Bishkek sammiti­da bu yo‘nalishdagi hamkorlik mexanizmlari yangilandi. Xavfsizlikka tahdid va xatar­larga qarshi kurashish bo‘yicha SHHT Univer­sal markazi hamda SHHT Antinarkotik mar­kazi ijroiya qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Universal markaz tarkibiga Axborot xavfsizligi va Transmilliy uyush­gan jinoyatchilikka qarshi kurashish markaz­larining kiritilishi tashkilotda xavfsiz­lik tushunchasi endilikda faqat harbiy yoki terroristik tahdidlar bilan cheklanmay, raqamli va jinoiy xatarlarni ham qamrab olayotganini ko‘rsatadi.

Afg‘oniston masalasida deklara­tsiya prinsip va pragmatizmni birlashtir­gan. Hujjatda Afg‘onistonning terrorizm, urush va giyohvandlik moddalaridan xoli mustaqil, neytral, tinch davlat bo‘lishi qo‘l­lab-quvvatlanadi, mamlakatda barqaror tinchlikka erishish uchun keng ijtimoiy-siyo­siy vakillik zarurligi qayd etiladi. Pre­zidentimiz Shavkat Mirziyoev esa xavfsiz­lik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini taʼkidladi. Bu taklif Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlardan chetda ushlab turish xavfni kamaytirmasli­gi, muntazam muloqot va iqtisodiy bog‘liq­lik uning barqarorligidan manfaatdorlik­ni kuchaytirishini anglatmoqda.

Deklaratsiya Yaqin Sharq va Eron atro­fidagi vaziyat bo‘yicha ham davlatlar suve­reniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, mojarolarni siyosiy-diplomatik vositalar bilan hal etish hamda keskinlik­ni yumshatish pozitsiyasini ilgari suradi. Bu O‘zbekistonning nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va muloqotni tiklashga asoslan­gan tashqi siyosiy yondashuviga mos keladi. Hujjatning eng katta qismi iqtisodiy va texnologik hamkorlikka ajratilgani SHHT transformatsiyasining eng ishonchli dalili­dir. Ochiq va kamsitishlardan xoli savdo ti­zimi, ishlab chiqarish va yetkazib berish zan­jirlari barqarorligi, elektron tijorat, “aqlli bojxona”, yangi avtomobil va temir yo‘l marshrutlari, multimodal koridorlar, energetika, sanoat, standartlashtirish, qishloq xo‘jaligi, startaplar ekotizimi va in­novatsiyalar yagona iqtisodiy kun tartibiga jamlangan.

Moliyaviy hamkorlik masalalari ham alohida o‘rin oldi. O‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish va SHHT Taraqqiyot bankini tuzish ustidagi ishlarni davom ettirish qayd etil­di. Muhim jihati, bank Bishkekda ishga tu­shirilgani yo‘q: deklaratsiya bu boradagi sil­jishni qayd etdi, Prezidentimiz esa umumiy tamoyillarni kelishishdan uni amalda ishga tushirish bosqichiga o‘tishni taklif qildi. Suv, energetika, oziq-ovqat va iqlim xavf­sizligining bir-biriga bog‘liq masalalar sifatida qo‘yilishi ham yangi yondashuvdir.

O‘zbekiston – kun tartibini shakllantirayotgan davlat

Bishkek sammiti O‘zbekistonning SHHT­dagi roli to‘g‘risida muhim xulosa chiqarish imkonini beradi: mamlakatimiz endi faqat muhokamalarda ishtirok etayotgan davlat emas, tashkilotning uzoq muddatli rejala­rini shakllantirayotgan aʼzolardan biriga aylanmoqda.

Bu fikrga birinchi asos – O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan tashabbuslar­ning ko‘lami. Ular iqtisodiyot, moliya, sanoat, transport, sunʼiy intellekt, maʼlumot, suv va energetika samaradorligi, Afg‘oniston, xavfsizlik institutlari hamda madaniy-gu­manitar hamkorlikni qamrab oldi. Eʼtibor­lisi, bu takliflar alohida, bir-biridan uzilgan emas, ularning barchasi SHHTni ama­liy natija beradigan taraqqiyot makoniga ay­lantirishdek yagona maqsadga xizmat qiladi.

Ikkinchi asos – Markaziy Osiyoga beril­gan baho. Prezidentimiz Markaziy Osiyoni SHHTning geografik va strategik o‘zagi deb taʼrifladi. Bu faqat geografik maʼnodagi eʼtirof emas, siyosiy yondashuvdir. SHHTning barqarorligi, transport loyihalarining samarasi, Afg‘onistonga doir siyosat, suv va energetika masalalari, sharq va g‘arb, shimol va janub o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘p jihatdan Markaziy Osiyodagi hamkorlik darajasiga bog‘liq.

O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi min­taqaviy siyosati qo‘shnilar bilan ochiq mu­loqot, chegara va transport masalalarini hal qilish, savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish SHHT doirasidagi takliflarni asoslantirmoqda. Yaʼni, mamlakatimiz bar­cha aʼzolar uchun manfaatli bo‘lgan loyiha­lar orqali ishonchni mustahkamlashni taklif qilmoqda. Bu O‘zbekiston diplomatiyasining kuchli tomoni: siyosiy kelishuvni iqtisodiy manfaatlar bilan mustahkamlashdir.

Uchinchi asos – SHHT tuzilmalaridagi o‘rin. 2004 yildan buyon Toshkentda SHHT Min­taqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʼ­mitasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bishkekda qabul qilingan qarorga muvofiq, Xavfsiz­likka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz ham Toshkentda joy­lashadi. Shu tariqa O‘zbekiston SHHT xavfsiz­lik arxitekturasida faqat siyosiy tashabbus bildiruvchi emas, doimiy institutlarga mez­bonlik qiluvchi markaziy davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

Istiqbolli tashabbuslar

Prezidentimiz taklif etgan “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” kontseptual g‘oyasi boshqa tashabbuslarni birlashtiruv­chi bosh g‘oyadir. Uning maqsadi investitsiya, texnologiya va bilim erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa­lar kengayadigan makonni shakllantirishdan iborat. Bu tashkilotni faqat davlatlararo muzokaralar klubi emas, balki iqtisodiy subʼektlar va hududlarni bog‘laydigan ti­zim sifatida eʼtirof etishdir.

SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi mazkur g‘oyaning amaliy davomi bo‘lib, maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayon­lari, sotuv bozorlari va logistikani bir­lashtirishga qaratilgan. Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun universal raqamli darcha paydo bo‘ladi. SHHT Taraqqiyot banki esa transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratu­zilma sohalaridagi tayyor loyihalarni mo­liyalashtirishga xizmat qilishi lozim.

Temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash tuzish taklifi ham loyiha­larni bir-biriga bog‘lash zaruratidan ke­lib chiqadi. Yangi yo‘l qurishning o‘zi yetarli emas: chegara tartiblari, tariflar, texnik standartlar, yuk hujjatlari, logistika mar­kazlari va raqamli kuzatuv tizimlari muvo­fiqlashmasa, infratuzilmaning iqtisodiy samarasi cheklanib qoladi. Kengashning va­zifasi milliy transport tizimlarini “chok­siz” bog‘lash bo‘lishi ana shu to‘siqlarni ti­zimli hal etishni anglatadi.

Sunʼiy intellekt bo‘yicha tashabbuslar esa kun tartibini kelajak iqtisodiyoti­ga olib chiqadi. Bu masala O‘zbekiston uchun ayniqsa ahamiyatli: o‘zbek tilidagi raqamli maʼlumotlar hajmi va sifati oshib borishi mahalliy texnologik kompaniyalar, taʼlim, davlat xizmatlari va biznes yechimlarining raqobatbardoshligiga bevosita taʼsir qila­di. Kelgusi yili Toshkentda SHHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazish taklifi davlatimizni mintaqaviy texnologik muloqot markazla­ridan biriga aylantirish imkonini beradi. Oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha ixtisoslashgan mexanizm hamda 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi esa Markaziy Osiyoning eng murakkab masalalarini umumiy manfaat asosida hal qilishga qaratilgan.

“SHHT plyus” formatida ilgari suril­gan Mintaqaviy tashkilotlarning hamkorlik tarmog‘ini yaratish, loyihalar va texnologiyalar ochiq bankini shakllantirish, “SHHT in­vest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berish, shuningdek, “SHHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doi­miy forumini taʼsis etib, uni ko‘hna Xiva shahrida o‘tkazish tashabbuslari tashkilot­ning tashqi hamkorlik doirasini kengayti­radi. Bunda BMTning markaziy roli saqla­nadi, mintaqaviy tashkilotlar esa umumiy qarorlarni joylarda amalga oshirish hamda bir mintaqada sinovdan o‘tgan samarali yechimlarni boshqa mintaqalarga yetkazishning amaliy vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Manfaatli jihatlar

Bishkekda ilgari surilgan tashabbuslarning O‘zbekiston uchun ahamiyatini faqat diplomatik nufuz bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ular­ning qiymati milliy iqtisodiyot, hududlar va tadbirkorlar uchun qanday natija berishi bilan belgilanadi.

Birinchi yo‘nalish – bozor va sanoat koo­peratsiyasi. Prezidentimiz nutqida O‘zbekistonda SHHT mamlakatlari bilan bir yarim mingdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshi­rilayotganini qayd etdi. Bu aloqalarni ik­ki tomonlama kelishuvlar yig‘indisidan ko‘p tomonlama ishlab chiqarish zanjirlariga o‘tkazish eksportni diversifikatsiya qilish, mahalliy korxonalarni yirik bozorlarga olib chiqish va investitsiyalarni tayyor mah­sulot ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkoni­ni kengaytiradi.

Ikkinchi yo‘nalish – transport va logisti­ka. O‘zbekiston dunyodagi ikki karra quruqlik bilan o‘ralgan ikki davlatdan biri. Shuning uchun tashqi bozorga chiqish xarajati va yo‘l­larni diversifikatsiya qilish mamlakat uchun oddiy transport masalasi emas, iqtisodiy mustaqillik masalasidir. Amalga oshiri­layotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li” mamlakatimizni Sharqiy Osiyo yo‘nalishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydi­gan strategik loyihadir. Uni boshqa Sharq- G‘arb va Shimol-Janub yo‘laklari bilan uyg‘unlashtirish O‘zbekistonning tranzit sa­lohiyatini oshiradi, eksport muddati va xa­rajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. SHHT doirasida temir yo‘l tizimlarini mu­vofiqlashtirish esa yangi magistrallarning iqtisodiy samarasini ko‘paytirishi mumkin.

Uchinchi yo‘nalish – texnologiyalar. Sunʼ­iy intellekt bo‘yicha maʼlumotlar korpusi, Toshkent forumi, startaplar ekotizimi va raqamli infratuzilmaga investitsiyalar O‘z­bekistonda yuqori texnologiyali xizmatlar va sanoatni rivojlantirish uchun yangi ham­korlik kanallarini ochadi. Shu nuqtai nazar­dan, SHHT maydoni yoshlar uchun yangi kasblar va ilmiy almashinuv imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

To‘rtinchi yo‘nalish – xavfsizlik. Tosh­kentda yangi universal markazning joyla­shishi O‘zbekistonning SHHT doirasidagi o‘r­ni va nufuzini oshirish bilan birga, katta masʼuliyat ham yuklaydi. Markaz kibertah­didlar, transmilliy jinoyatchilik va boshqa yangi xatarlar bo‘yicha tezkor axborot alma­shish, tahlil va muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirishi kutilmoqda. Mintaqaviy aksil­terror tuzilmasi bilan bir shaharda faoli­yat yuritishi esa Toshkentni SHHT xavfsizlik mexanizmlarining muhim tayanch nuqtasiga aylantiradi.

Beshinchi yo‘nalish – siyosiy nufuz. O‘z­bekiston ilgari surayotgan takliflar faqat milliy manfaatlarni ifoda etibgina qol­masdan, boshqa aʼzo davlatlar uchun ham maqbul bo‘lgan yechimlari bilan ahamiyatli­dir. Tashabbus ko‘rsatish va turli manfaat­larni uyg‘unlashtira oladigan yechimlarni ilgari surish davlatning xalqaro nufuzi va taʼsirini oshiradigan muhim omillar­dandir. Toshkentning xavfsizlik, sunʼiy intellekt, investitsiya va madaniyatlararo muloqot bo‘yicha xalqaro maydonlarga mez­bonlik qilishga tayyorligi esa poytaxtimiz­ning mintaqaviy va xalqaro muloqot marka­zi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

O‘zLiDePning yangi vazifalari

SHHT faoliyatida iqtisodiyot, tadbir­korlik, investitsiya va texnologiyaning ulushi oshishi O‘zLiDePdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Chunki tashkilot doirasida qabul qi­linayotgan qarorlarning katta qismi partiya­ning asosiy elektorati – tadbirkor va fer­merlarning manfaatiga bevosita daxldor.

Partiya uchun muhim vazifalardan biri Prezidentning SHHT doirasidagi iqtisodiy tashabbuslarini mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda partiyaning aniq dastu­riy vazifa va takliflariga aylantirish­dir. Bu deklaratsiyadagi umumiy g‘oyalarni takrorlashni emas, ularning O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhiti, sanoat siyosati, eks­port, raqamli iqtisodiyot, bandlik va hu­dudiy rivojlanishga taʼsirini baholashni anglatadi. Yetakchi kuch o‘z dasturiy hujjat­larida SHHT sanoat kooperatsiyasi xaritasi, Taraqqiyot banki, elektron tijorat, “aqlli bojxona” va transport integratsiyasi bo‘yicha milliy manfaatlarni ifodalaydigan takliflar paketini shakllantirishi lozim.

Ikkinchi vazifa – tadbirkorlar uchun SHHT imkoniyatlarini tushunarli va foyda­lanish mumkin bo‘lgan axborotga aylantirish. “SHHT bozori katta” degan umumiy fikrning o‘zi biznes uchun yetarli emas. Ishbilarmonga muayyan mamlakatda qaysi mahsulotga talab borligi, qanday sertifikat va standart­lar amal qilishi, logistika marshruti va xa­rajati, bojxona tartibi, moliyalashtirish manbai, ishonchli hamkor va huquqiy xatar­lar haqida amaliy maʼlumot kerak. Partiya tuzilmalari, deputatlik birlashmalari va ekspertlar ishtirokida “SHHT biznes navi­gatori” kabi doimiy maslahat va axborot mexanizmini shakllantirish imkoniyatini o‘rganish mumkin.

Uchinchi yo‘nalish hududlar bilan bog‘liq. Yangi transport koridori yoki sanoat zanji­rining foydasi respublika bo‘yicha bir xil taqsimlanmaydi. Masalan, “Xitoy – Qirg‘i­ziston – O‘zbekiston” temir yo‘li Andijon va Farg‘ona vodiysi uchun yangi logistika, om­bor, qayta ishlash, servis va eksport loyihalarini yuzaga chiqarishi mumkin. Boshqa yo‘laklar Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo yoki Toshkent viloyati uchun alohi­da imkoniyatlar ochadi. Partiya transport yo‘laklari hamda yangi bozorlarning har bir hudud kesimidagi taʼsirini o‘rganib, imko­niyatlar xaritalarini tayyorlasa, xalqaro tashabbus mahalliy rivojlanish dasturi bi­lan bog‘lanadi.

To‘rtinchi vazifa – sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha partiyaning eks­pert platformasini kuchaytirish. Bu sohada faqat texnologiyani qo‘llab-quvvatlash po­zitsiyasi yetarli emas. Sunʼiy intellektning mehnat bozori, yangi kasblar, kichik biznes unumdorligi, maʼlumotlar xavfsizligi, mu­alliflik huquqi, raqobat va yoshlar siyosati­ga taʼsiri bo‘yicha oqilona takliflar kerak.

Beshinchi yo‘nalish – SHHTga aʼzo dav­latlarning yetakchi siyosiy partiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va uning mazmu­nini yangilash. Partiya uchun tashkilotga aʼzo mamlakatlardagi yetakchi siyosiy kuchlar bi­lan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mavjud hamkorlikni esa yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bunday munosabatlar faqat protokol uchra­shuvlari va umumiy bayonotlar bilan chekla­nib qolmasdan, iqtisodiy hamkorlik, eks­pert muloqoti va qo‘shma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi darkor. Shu maqsad­da partiyalar huzuridagi tahlil markazlari, tadbirkorlar tuzilmalari, yoshlar va boshqa jamoat platformalari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni shakllantirish maqsadga muvofiq.

Oltinchi vazifa – tadbirkorlarning muammo va takliflarini SHHT doirasida­gi milliy pozitsiyaga yetkazish mexanizmini kuchaytirish. Eksportchi korxona chegarada, sertifikatlashda, to‘lovda yoki transport tarifida duch kelayotgan to‘siq ko‘pincha yuqo­ri darajadagi hujjatlarda aks etmay­di. O‘zLiDeP o‘z elektorati bilan bevosi­ta ishlaydigan siyosiy kuch sifatida ana shu muammolarni tizimlashtirib, parlament, hukumat va masʼul idoralarga asoslangan taklif sifatida kiritishi mumkin.

Partiyaning “Aql markazi”ni SHHT kun tartibidagi iqtisodiy, texnologik, trans­port va xavfsizlik masalalarini munta­zam tahlil qilishga jalb etish ham maqsadga muvofiq. Bunda qarorlarning ijrosi, Ta­raqqiyot banki bo‘yicha muzokaralar, Sanoat kooperatsiyasi xaritasining shakllanishi, sunʼiy intellekt forumiga tayyorgarlik va yangi markazlar faoliyatini kuzatib boradi­gan doimiy tahlil kerak. Siyosiy partiyaning strategik salohiyati aynan xalqaro tenden­tsiyani milliy vazifaga, milliy vazifani esa aniq dasturiy taklifga aylantira oli­shida ko‘rinadi.

 

Sardor MARIPOV,

O‘zLiDeP Strategik va dasturiy hujjatlar

bilan ishlash departamenti rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?