Buxorolik deputatlar investitsiyalarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha tashabbus bildirdi
Buxoro davlat universitetida O‘zLiDeP viloyat Kengashi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda partiya aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkorlar ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes muhitini yaxshilash va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdilar.
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bildirilgan tashabbuslar, jumladan, ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirish, litsenziyalash tartibini soddalashtirish, imtiyozli kreditlar ajratish va soliq stavkalarini pasaytirish kabi choralar tadbirkorlar faoliyatini yanada rag‘batlantirayotgani taʼkidlandi. Bu imkoniyatlar tufayli ko‘plab mikrokorxonalar faoliyatini kengaytirib, o‘rta va yirik biznes subʼekti sifatida shakllanmoqda.
Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatda joriy yilning dastlabki 8 oyida 191 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, 107 foiz o‘sishga erishildi. Shu bilan birga, xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha 1 milliard dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi. Qiymati 34,4 trln so‘mlik 522 ta yangi loyihani amalga oshirish hisobiga 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani ham iqtisodiy salohiyatning ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yig‘ilish yakunida eksportni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Tadbirda bildirilgan taklif va tavsiyalar Buxoro viloyatida tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.