Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 23-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Investorlar uchun ochiq maydon: Toshkentdagi xalqaro forum natijalari

11.06.2025
1152

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim voqea sifatida tarixda qoladigan tadbir bo‘ldi. Jahonning 100ga yaqin mamlakati vakillari, xalqaro tashkilotlar, biznes olami etakchilari bu forumda ishtirok etishi — mamlakatimizga bo‘lgan ishonch va qiziqishning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Forum avvalida, Prezident jahondagi keskin geosiyosiy vaziyatni ochiq va real baholadi. Qurollanish poygasi, xalqaro huquq normalarining inkor etilishi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim muammolarining yetarlicha e'tiborsiz qolishi — insoniyatning umumiy muammosiga aylanganini qayd etdi. Bu vaziyatda tinchlikni saqlash va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda investitsiya, muloqot va adolatli yondashuvlar asosiy omil bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Afg‘onistondagi vaziyatga ham alohida to‘xtalib, uni xalqaro maydondan chetlatmaslik, aksincha, iqtisodiy rivojlanish yo‘liga olib chiqish zarurligini bildirdi.

Mamlakat ichidagi islohotlar va iqtisodiy barqarorlik yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ham nutqda keng yoritildi. Yalpi ichki mahsulotning ikki baravarga o‘sishi, investitsiya va eksport hajmlarining ortishi — olib borilayotgan islohotlarning samarasi ekani alohida ta'kidlandi. Xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga berilgan ijobiy baholar bu jarayonning xalqaro miqyosda ham e'tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning yangi drayverlarini joriy etish bo‘yicha to‘rtta asosiy yo‘nalish belgilandi. Birinchisi – “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘lib, bu borada 6 milliard dollarlik investitsiya jalb qilingan. Elektr energiyasini qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yil sayin oshmoqda. Ikkinchi yo‘nalish – raqamli iqtisodiyot va sun'iy intellekt. IT eksporti o‘smoqda, “data markaz”lar, milliy AI modeli, “Bir million sun'iy intellekt etakchilari” loyihasi – barchasi raqamlashgan dunyoda O‘zbekistonning etakchi o‘rin egallashga intilayotganini ko‘rsatadi.

Uchinchi yo‘nalish moliyaviy sektorni modernizatsiya qilishga qaratilgan. Venchur sarmoyalar, qayta sug‘urta tizimi, kiberxavfsizlik platformalari — bularning barchasi moliyaviy mustahkamlikni ta'minlashga xizmat qiladi. To‘rtinchi yo‘nalish esa texnologik minerallarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirishdan iborat. 3 trillion dollarlik er osti boyliklarini uzoq muddatli istiqbolli sarmoyaviy sohalarga aylantirish rejalashtirilgan.

Investorlar uchun kafolatlar va qulay muhit yaratish ham nutqning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘ldi. “Milliy rejim”, “yagona darcha” tamoyili, ortiqcha tekshiruvlardan himoya qilish tizimi, xususiylashtirish jarayonlari — barchasi investorning manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan. “Milliy investitsiya jamg‘armasi” tashkil qilinishi, Franklin Templeton kabi nufuzli kompaniyalarning jalb qilinishi buning yorqin misoli.

Transport va logistika sohasidagi islohotlar ham investitsiya muhitini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Samarqand, Buxoro, Urganch kabi shaharlardagi aeroportlarni xususiy sheriklarga berish, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida mega shahar barpo etish, multimodal xab qurilishi — bularning barchasi mamlakatning iqtisodiy qon tomirini yangilashga qaratilgan.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy hamkorlik masalalari ham asosiy o‘rinni egalladi. Qo‘shni davlatlar bilan tovar aylanmasining 3,5 barobar oshishi, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi, energetika va infratuzilma loyihalari – barchasi mintaqadagi hamjihatlik va o‘zaro ishonchning yuksalayotganidan dalolat beradi. Prezident “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud” konsepsiyasini ilgari surdi va xalqaro tashkilotlarni yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotgani, islohotlar chuqur va tizimli yo‘lga qo‘yilgani, mamlakat investorlar uchun ochiq va kafolatli makonga aylanayotganini ko‘rsatdi. Prezident nutqida ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan barqaror rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Endilikda mazkur vazifalarni amalga oshirish, aniq tashabbuslar orqali xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash – davlatimiz oldida turgan strategik maqsadlardan biri bo‘lib qoladi.

Abdullo Aslonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?