Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 23-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yuksak iqtisodiy o‘sish — strategik tanlov

14.02.2026
612

Prezidentimiz raisligida kecha bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim yo‘nalishlar, erishilgan natijalar va ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, eʼtibordan chetda qolgan ayrim masalalarga ahamiyat qaratilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

O‘tgan yil yakunlari bilan mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshgani taʼkidlandi. Aytish mumkinki, bu raqamlar ortida minglab korxonalardagi modernizatsiya jarayonlari, yangi investitsiya loyihalari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan tizimli islohotlar turibdi.

Ayniqsa, iqtisodiyotga energiya tejamkor va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish natijasida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaygan. Bu — iqtisodiy o‘sish faqat hajm jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham taʼminlanayotganini anglatadi. Zero, bugungi dunyoda arzon va samarali ishlab chiqarishga erishmagan mamlakat global bozorda mustahkam o‘rin egallay olmaydi.

Erishilgan natijalar zamirida iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar sohasi hisobiga taʼminlangani ham iqtisodiyot tarkibidagi ijobiy o‘zgarishlar sifatida namoyon bo‘lgan. Bu sohada raqamlashtirish, logistika, moliya, axborot texnologiyalari va turizm kabi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlarning ochib berilishi, xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotning diversifikatsiyasi kuchayayotganini, ichki bozor talabiga moslashuvchanlik oshganini bildiradi.

Yig‘ilishda avtomobilsozlik sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘rtta yirik korxona mavjudligi, bu salohiyatdan to‘liq foydalanish, kooperatsiyani chuqurlashtirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Joriy yilda bu boradagi ko‘rsatkichlarni oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu minglab ish o‘rinlari, soliq tushumlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirib, aholi farovonligiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ichki bozor talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Moliyaviy instrumentlarni takomillashtirish orqali aholi uchun zamonaviy avtomobil xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilayotgani diqqatga sazovor.

Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish sohasida ham katta imkoniyatlar mavjudligi, ularning to‘liq ishga solinishi natijasida esa fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnika sotib olishga tayyor ekani bildirildi. Bu ichki sanoat uchun barqaror talab va yangi o‘sish nuqtasi bo‘lishidan dalolatdir.

Eng muhim masalalardan biri — boshqaruv sifatini oshirishdir. Shu bois davlat rahbari har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari yangicha fikrlashga o‘tishi, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish imkoniyatlaridan keng foydalanishi, innovatsion yondashuvlarni joriy etishi shartligini qayd etdi. Zamonaviy iqtisodiyot raqamli texnologiyalarsiz rivojlanishi mumkin emasligini esa hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda. Uning barqarorligini yanada taʼminlashda barcha birdek masʼul bo‘lishi zarur. Qo‘yilgan vazifalar ijrosi natijadorligini kafolatlash, bu boradagi saʼy-harakatlarni joylarda, aholi o‘rtasida keng tushuntirishda deputatlar ham faol bo‘lishlari ayni muddaodir. Islohotlarning izchilligi, boshqaruvning samaradorligi va jamiyatning faol ishtiroki esa bu yo‘ldagi eng katta muhim mezondir.

 

Baxtiyor ARTIQOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?