O‘zbekiston – yangilanish va taraqqiyotning yangi bosqichida
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarda tub islohotlar amalga oshirildi. O‘zgarishlar va yangi loyihalar xalqimizni rozi qilish, aholining turmush darajasini yaxshilash, eng muhimi, inson qadrini yuksaltirish, uning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida olib borilayotgan tarixiy islohotlar, amaliy tashabbuslar va tub yangilanish jarayonlari mamlakatimiz taraqqiyotini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tardi. Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Bugun respublikamizning qay bir hududiga bormang, katta-katta o‘zgarishlarga, aholining hayotdan rozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Davlatimiz rahbarining poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi qator strategik ahamiyatga ega joylarga tashriflari — milliy iqtisodiyotni yuksaltirish, sanoatni modernizatsiya qilish va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning amaliy ifodasidir.
Mazkur tashrif davomida infratuzilmani rivojlantirish, agrar sohada innovatsiyani joriy etish hamda sanoat salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Aholi vakillari, fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari, tadbirkorlik subʼektlari vakillari bilan muloqot qilindi.
Taʼkidlash kerak, Toshkent viloyatida 1300 gektar maydonda qurilayotgan yangi xalqaro aeroport loyihasi — O‘zbekistonni mintaqaviy va global transport-logistika markaziga aylantirishga qaratilgan tarixiy qadamdir.
Qiymati $2,5 milliard bo‘lgan mazkur mega loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Koreyaning Incheon International Airport Corporation kabi nufuzli kompaniyalar hamkorligida barpo etilayotgan ushbu aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eng muhimi, ushbu obʼekt mamlakatimizdagi birinchi 100 foiz qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlovchi “yashil aeroport” bo‘ladi. Bu nafaqat ekologiya, balki iqtisodiy samaradorlik jihatidan ham ulkan ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha mamlakatimiz aviatsiya sohasini yangi darajaga ko‘tarib, kelgusi besh yilda aviaparkni 180 taga, reyslar sonini esa yiliga 200 mingtaga yetkazish imkonini yaratadi.
Quvonarlisi, mazkur megaloyiha iqtisodiyotga 27 mlrd dollardan ortiq daromad keltirishi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalariga kuchli turtki berishi, minglab ish o‘rinlari yaratishi kutilmoqda.
Prezidentimiz tashrif davomida Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Rice” sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishar ekan, qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiyaning ahamiyatini yana bir bor taʼkidladi. Bu yerda sholi yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq sanoat zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Natijada hosildorlik sezilarli darajada oshgan — 985 gektar maydonda gektariga 70 sentnerdan ortiq hosil, ayrim maydonlarda 85 sentnergacha yetishi — bu eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Joriy yilda Toshkent viloyatida 8,7 ming gektar maydonda sholi ekilib, 60 million kub metr suv tejaldi, urug‘lik sarfi 522 tonnaga kamaytirildi. Bu raqamlar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan innovatsion agrotexnologiyalar, bozor tamoyillari va suv tejovchi tizimlarning samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zLiDeP agrar sohadagi ushbu ilg‘or yondashuvni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Partiyamizning saylovoldi dasturida ham suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, fermerlarni innovatsion g‘oyalar va ilmiy yangiliklarga tayangan holda rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu borada “TST Rice” klasterining tajribasi kelgusida butun mamlakat bo‘ylab amaliyotga joriy etilishi, agrar sohani yuqori rentabel tarmoqqa aylantirishi, shubhasiz.
Poytaxtimizning Yangihayot tumanida tashkil etilgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi – O‘zbekiston sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi muhim strategik loyihadir. Bu hududda 1,2 milliard dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, ular ichida “East Can Solutions” kompaniyasining alyumin qadoq va ichimliklar ishlab chiqarish majmuasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Qiymati 90 million dollar bo‘lgan bu majmua zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan, ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, sanoat zonasida 7,6 ming yangi ish o‘rni yaratilishi, mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishi orqali iqtisodiyotning qo‘shimcha qiymat zanjiri kengayishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu loyihani partiyaning “kuchli tadbirkor – kuchli iqtisodiyot” tamoyilining amaldagi ifodasi sifatida ko‘radi. Innovatsion sanoat zonalari faqat ishlab chiqarishni emas, balki mahalliy ishchi kuchini, yosh mutaxassislarni va xususiy biznesni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar — O‘zbekiston iqtisodiyotining yangi qiyofasini belgilayotgan, mamlakatni global raqobatga tayyorlayotgan ulkan qadamlardir. Bu tashabbuslar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki yangi ish o‘rinlari, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiya madaniyatini joriy etishda ham beqiyos ahamiyatga ega.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari