O‘zLiDeP delegatsiyasi Xitoydagi xalqaro forumda ishtirok etdi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan «Intellektual o‘zaro bog‘liqlik: global taraqqiyot va hamkorlikka yangicha nigoh» mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turli mamlakatlardan siyosiy partiyalar vakillari, siyosatchilar, ekspertlar va tadqiqotchilar qatnashgan anjumanda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov nutq so‘zladi.
Nutqda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar alohida ta’kidlandi. Ikki davlat rahbarlari — Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning doimiy va ishonchli muloqoti tufayli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiya, energetika, sanoat, raqamli texnologiyalar, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shuningdek, nutqda Xitoyning ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi tajribasi, mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda siyosiy partiyalar hamkorligining ahamiyatiga e’tibor qaratildi. O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.