Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 23-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash dolzarb masala

13.03.2026
1439

Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish va biznesni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Biroq, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan davlat tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz ravishda aralashuv va xususiy mulk daxlsizligini buzish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri va qator hududlarda tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan tashqi reklama vositalari, elektromobillarni quvvatlantirish qurilmalari va boshqa engil konstruksiyali ob'ektlarni majburiy demontaj qilish holatlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga asosan, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va tegishli ob'ektlarni o‘rnatish jarayonida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomalar olib, ammo, keyinchalik ularni “noqonuniy” yoki “dizayn-kodga mos kelmaydigan”, deb topib, sud qarorisiz buzib tashlashga asos bo‘la olmaydi.

Qonun hujjatlariga asosan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga asossiz aralashish va xususiy mulk huquqini buzish uchun qat'iy javobgarlik belgilangan. Har qanday nizoli vaziyat, shu jumladan “noqonuniy qurilmalar”, deb topilgan ob'ektlar masalasi ham faqat huquqiy maydonda – sud tartibida ko‘rib chiqilishi shart.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash zarur va quyidagi choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:

– tadbirkorlik sub'ektlarining mulkini sud qarorisiz majburiy demontaj qilish amaliyotiga chek qo‘yilishi;

– davlat organlarining qarorlari va harakatlari tadbirkorlarga zarar etkazmasligi, aksincha, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi lozim.

Mazkur holat yuzasidan elektorat manfaatini ifoda etgan holda tegishli davlat tashkilotlariga o‘z harakatlarini qonuniyligi yuzasidan nuqtai nazarlarini bayon etish bo‘yicha Qonunchilik palatasidagi fraksiya a'zolari tomonidan deputatlik so‘rovlari yuboriladi.

Biznes faoliyati erkinligi kafolatlari va mulk huquqining himoyasini ta'minlash masalasi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining doimiy nazoratida ekanligini ma'lum qilamiz.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 
Axborot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?