Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldi olinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlarini taʼminlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.
Taʼkidlanganidek, investitsiya loyihalari bilan ishlashda yangi yondashuv joriy etilishi bugungi zamonning o‘tkir talabidir. Endilikda loyihalar nafaqat ishga tushirilishi, balki yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishi, tashqi bozorga chiqishi va barqaror ish o‘rinlarini taʼminlashi asosiy mezon bo‘ladi. Bu jarayon “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi orqali uch yil davomida monitoring qilib boriladi.
Deputatlar eksport masalasiga strategik nuqtai nazardan yondashish zarurligini taʼkidlashdi. Ichki bozor hisobidan yuqori o‘sishga erishib bo‘lmasligi, shu bois yangi mahsulotlar bilan Yevropa va AQSh kabi qimmat bozorlarga chiqish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbuslarini mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam sifatida qo‘llab-quvvatladilar. Yangi mahsulotlar, yangi bozorlar va xorijiy elchilar bilan yaqin hamkorlik “Made in Uzbekistan” brendini xalqaro miqyosda yanada ommalashtirishga xizmat qilishi urg‘ulandi.
Fraksiya yig‘ilishida raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasida belgilanayotgan normalar masofaviy soliq tekshiruvi jarayonlarini tezkor tashkil etish, soliq to‘lovchi huzuriga bormasdan nazoratni amalga oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan.
Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari mazkur qonun loyihasi raqamli markirovkalash qoidalarini chetlab o‘tish orqali noqonuniy mahsulot aylanmasiga qarshi kurashish, sifatsiz yoki qalbaki tovarlarning bozorga kirib kelishini barvaqt aniqlash va cheklashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
—Fraksiyamiz yig‘ilishida qonun loyihasini qizg‘in muhokama qilib, partiyamiz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berdik, — dedi fraksiya aʼzosi Otabek Musurmonov. —Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi soliq nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga, raqamli instrumentlar orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va iqtisodiyotda ochiqlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Qizg‘in munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.