Xalq salomatligi — eng ustuvor vazifa
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2026-yilgi Davlat dasturi mamlakat taraqqiyotining barcha sohalarini qamrab olgan, eng avvalo, inson salomatligi va farovonligini ustuvor maqsad sifatida belgilagan strategik hujjatdir. Unda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil nafaqat shior, balki amaliy harakat dasturi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, tibbiyot sohasida ko‘zda tutilgan keng qamrovli islohotlar xalqimiz hayoti sifatidagi real o‘zgarishlarni taʼminlashga xizmat qiladi.
Sog‘lom avlodni tarbiyalash — har qanday davlatning eng muhim strategik vazifasidir. Davlat dasturida onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 10 million nafar bolani onkogematologik kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha ommaviy skriningdan o‘tkazish rejasi — bu shunchaki tibbiy tadbir emas, balki millat genofondini asrashga qaratilgan ulkan qadamdir.
Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun audioskrining qamrovining kengaytirilishi, homilador va emizuvchi ayollarni yod preparatlari bilan taʼminlash, reproduktiv yoshdagi xotin-qizlarga temir va foliy kislotasi tarqatilishi — bularning barchasi sog‘lom avlod zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi. Erta profilaktika kelajakda og‘ir kasalliklarning oldini olish, nogironlikni kamaytirish va aholi umr davomiyligini oshirishga zamin yaratadi.
Onkologik kasalliklar bugun dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois Davlat dasturida mazkur yo‘nalish ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. Yiliga yuz minglab ayollarni qamrab oladigan bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skrininglari — bu minglab hayotlarni saqlab qolish imkonini beradigan tizimli choralardir.
Ayniqsa, “tezkor yo‘lak” (fast-track) mexanizmining joriy etilishi tibbiyotda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bermoqda. Endi saraton tashxisi qo‘yilgan bemorlar ortiqcha qog‘ozbozlik va navbatlar tufayli vaqt yo‘qotmaydi. Tashxis qo‘yilgan zahotiyoq davolash jarayoni boshlanadi. Bu esa eng qimmat neʼmat — inson hayotini asrashga xizmat qiladi.
2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani tibbiyot tizimiga ham yangi yondashuvlarni olib kirmoqda. Endi tibbiy xizmatlar faqat shifoxona devorlari ichida emas, balki aholi yashaydigan muhitning o‘zida — mahallalarda ko‘rsatiladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati kuchaytirilib, patronaj tizimi takomillashtirilmoqda. Shifokorlar va hamshiralar aholining salomatlik holatini uyma-uy o‘rganib, kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga qaratilgan profilaktik ishlar olib boradi. Mikronutrient kukunlari, profilaktik dori vositalarining bepul tarqatilishi esa kam taʼminlangan oilalar uchun muhim ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Bu orqali aholining dorilarga sarflaydigan xarajatlari kamayib, turmush darajasi oshadi. Eng muhimi, tibbiyot aholiga yanada yaqinlashadi.
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish davlat dasturining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Elektron tibbiy kartalar, onlayn navbat tizimi, masofaviy konsultatsiyalar joriy etilishi fuqarolar uchun vaqt va mablag‘ni tejaydi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish imkonini beradi.
Raqamli texnologiyalar korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish va tibbiy muassasalar faoliyatining ochiqligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz, deputatlar Davlat dasturida belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosini taʼminlashni o‘z oldimizga ustuvor maqsad qilib qo‘yganmiz. Har bir hududda amalga oshirilayotgan ishlar, ajratilayotgan mablag‘larning manzilli sarflanishi, aholi roziligi — doimiy parlament nazoratida bo‘ladi. Zero, Davlat dasturining haqiqiy samarasi hisobotlarda emas, balki odamlar hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Agar har bir oila tibbiy xizmatlardan rozi bo‘lsa, har bir ona farzandi sog‘lom o‘sib-ulg‘ayganini ko‘rsa — demak, maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.
2026-yilgi Davlat dasturi sog‘liqni saqlash tizimida tub burilish yasaydigan, inson salomatligini davlat siyosati darajasiga ko‘targan tarixiy hujjatdir. Uning markazida — inson, uning hayoti va baxtli kelajagi turadi.
Sevara UBAYDULLAEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati