“Bir kunda — 1000 kitob” aksiyasi Urganchda
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi doirasida Urganch shahridagi «Bilim-xazina» axborot-resurs markazida “Bir kunda — 1000 kitob” aksiyasi tashkil etildi.
Tadbirda shoir va ijodkorlar, partiya faollari, deputatlar hamda yoshlar ishtirok etib, mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, kutubxona fondi badiiy, ilmiy va siyosiy-huquqiy adabiyotlar bilan boyitildi.
Uchrashuvda kitob mutolaasini ommalashtirish, milliy qadriyatlarga hurmat, mediasavodxonlikni oshirish va yoshlarda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishning ahamiyati ta’kidlandi. Bu kabi aksiyalar kitobxonlik muhitini mustahkamlash va bilimli, faol yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.