Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish — deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishi
Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Ushbu maqsadlar O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi amaliy ishlar bilan hamohangdir.
Kuni kecha Qorako‘l tumani, “Regi Haydar” MFY o‘tkazilgan sayyor qabul ana shu maqsad ro‘yobiga xizmat qildi. “Ibn Sino” nomli jamoat salomatligi texnikumida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Komiljon Ro‘ziyev tashabbusi bilan saylovchilar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqotda “45-Sayyot” saylov okrugiga kiruvchi 11 ta MFYdan 100 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etib, imtiyozli kredit va suda olish, kasb-hunar o‘rganish, yoshlar bandligini ta’minlash hamda oilaviy daromad manbalarini kengaytirish masalalarini ko‘tarildi.
Muloqotda aholi daromadlarini oshirish va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan murojaatlarga amaliy yechimlar berildi. Xususan, “Ziyorat” MFYdan Nilufar Ergasheva va Sherzamon Badriddinov, “Kulolchi” MFYdan Shahnoza Huddiyeva imtiyozli kredit ajratish, fuqaro Sojida Pochchayeva esa suda olish bo‘yicha murojaat qildi. Mazkur masalalar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib, fuqarolarning murojaatlari muloqotning o‘zida ijobiy hal etildi. Shuningdek, “Eski qal’a” MFYda yashovchi, ijtimoiy reyestrga kiritilgan Sanobar Shamsiyevaning logoped va psixolog mutaxassisligi bo‘yicha 6 oylik o‘quv kurslarida tahsil olish istagi qo‘llab-quvvatlanib, kurs xarajatlari to‘lab berildi va oilasi otaliqqa olindi.
Kambag‘allikni qisqartirishda bir martalik yordamdan ko‘ra, insonga doimiy daromad manbasini yaratish imkonini berish muhim. Shu nuqtai nazardan, muloqotda tadbirkorlikni boshlash, kasb-hunar egallash va yoshlarni mehnat bozori talablariga mos ko‘nikmalarga o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga joylashtirish, ehtiyojmand oilalar farzandlarining kontrakt to‘lovlariga ko‘maklashish va ta’mirtalab ichki yo‘llarni tartibga keltirish kabi masalalar ham deputatlik nazoratiga olindi. Bu kabi ochiq muloqotlar muammolarni joyida o‘rganish va amaliy natijaga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.