Asosiy kontentga o‘tish
Juma 13-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

“Ishbilarmon ayol–2026” : mahallalardan respublika miqyosigacha minglab tadbirkor ayollar kashf etildi

13.11.2026
21

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida partiyaning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida o‘tkazib kelinayotgan «Ishbilarmon ayol - 2026» ko‘rik-tanlovining yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi moliyaviy institutlar mutasaddilari hamda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ishbilarmon xotin-qizlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, qariyb 11 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovi bugun mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan yirik loyihalardan biriga aylandi. Tanlov yillar davomida yuz minglab xotin-qizlarni qamrab olib, ular orasidan yangi ishbilarmon ayollarni kashf etish, muvaffaqiyatli tadbirkorlik tajribalarini ommalashtirish va ayollarning jamiyatdagi iqtisodiy o‘rnini mustahkamlashda muhim maydon bo‘lib kelmoqda.

Ayniqsa, 2026 yilgi tanlov «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida yanada keng qamrovda tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Dastlabki saralash bosqichlari mamlakat bo‘ylab 8 982 ta mahallada o‘tkazilib, unda 50 ming nafardan ortiq xotin-qiz ishtirok etdi. Natijada 45 ming nafardan ziyod tadbirkor va ishbilarmon ayollar aniqlandi. Keyingi bosqichlar 208 ta tuman va shaharda hamda 14 ta hududda tashkil etildi.

E’tiborlisi, tanlov faqat yirik shaharlar yoki markazlarda emas, balki eng chekka mahallalargacha kirib bordi. Bu orqali o‘z hududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, oilaviy biznesni yo‘lga qo‘ygan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan minglab xotin-qizlar kashf etildi. Ularning tajribasini ommalashtirish, muvaffaqiyatlarini e’tirof etish va yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Davra suhbatida 2026 yilgi tanlovning natijalari sarhisob qilinib, uning mahallalarda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlashdagi ahamiyati muhokama qilindi. Shuningdek, ayollar biznesini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, fermerlik va agrobiznesda xotin-qizlar faolligini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifa ekanini ta’kidlab, bu borada qonunchilikdagi imkoniyatlar, imtiyozli moliyaviy resurslar, mahalla tizimi va ijtimoiy hamkorlikning o‘rniga to‘xtaldilar. Hududlardan ishtirok etgan tadbirkor ayollar esa o‘z tajribalari, erishgan natijalari va kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, partiya tashkil etilganining 23 yilligi munosabati bilan «Xalq bilan birga» umummilliy dasturida faol ishtirok etib, tadbirkorlik va jamoatchilik ishlarida alohida namuna ko‘rsatgan 26 nafar xotin-qiz «Fidoyi tadbirkor» faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. «Ishbilarmon ayol–2026» ko‘rik-tanlovini yuqori saviyada tashkil etishda faollik ko‘rsatgan 14 nafar partiya faoliga ham tashakkurnomalar topshirildi.

Davra suhbati yakunida mahallalarda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish, ularning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy takliflar muhokama qilindi.

Zero, «Ishbilarmon ayol» — bu shunchaki ko‘rik-tanlov emas, balki har bir mahalladagi tadbirkor ayolni kashf etish, uning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari va oilalar farovonligiga hissa qo‘shishga xizmat qilayotgan muhim tashabbusdir.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?