“Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi chekka hududlardagi tadbirkor xotin-qizlarni kashf etmoqda
O‘zLiDeP tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida mahalla bosqichlari izchillik bilan tashkil etmoqda. Loyiha xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda mahallalarda barqaror bandlikni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan Qarshi shahridagi “Tabassum” va “Amir Temur” mahallalari xotin-qizlari ishtirokida tanlovning mahalla bosqichi o‘tkazildi. “DilARX” atelyesida bo‘lib o‘tgan tadbirda tadbirkor va hunarmand ayollarning ish tajribasi, kasbiy mahorati, tashabbuskorligi hamda ijtimoiy faolligi asosiy mezonlar asosida baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Tabassum” mahallasidan tikuvchilik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkor Dildora Mo‘minova hamda “Amir Temur” mahallasidan milliy hunarmandchilikni rivojlantirib kelayotgan Ruxsora Aslanova mahalla bosqichi g‘oliblari sifatida e’tirof etildi. Bunday tashabbuslar xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.