30 nafar xotin-qizlar O‘zLiDeP safiga qo‘shildi
Zamonaviy bunyodkor ayollar – mamlakat taraqqiyotining mustahkam tayanchidir. Surxondaryo viloyatida xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilayotgan “Zamonaviy bunyodkor ayol – O‘zLiDePni tanlaydi” loyihasi ayollarni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Termiz davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan davra suhbati mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi. Unda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish va yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Samimiy va ochiq muloqot ishtirokchilarning siyosiy ongi va faolligini yanada oshirishga xizmat qildi. Tadbir doirasida 30 nafar yangi a’zoning partiya safiga qo‘shilishi esa yoshlar, ayniqsa xotin-qizlar orasida siyosiy jarayonlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday tashabbuslar kelgusida malakali, faol va tashabbuskor kadrlarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.