500 ta ish o‘rni yaratgan Hilola Yuldasheva poytaxtning ishbilarmon ayol sohibasi bo‘ldi
Toshkent shahrida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining Respublika–hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlovda tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 35 nafardan ortiq ishbilarmon ayol o‘z faoliyat yo‘nalishlarini namoyish etdi. Ularda milliy kiyim dizayni bilan shug‘ullanuvchi brend egalari, xususiy bog‘cha va maktab muassislari, ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari hamda xizmat ko‘rsatish sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar o‘zining innovasion yondashuvi, yaratgan mahsuloti sifati va jamiyatga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turdi.
Faxrli 1-o‘rinni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Montaserro” xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ta’sischisi Hilola Yuldasheva qo‘lga kiritdi.
— Bu men uchun juda katta sharaf va mas’uliyat, — deydi Hilola Yuldasheva. — Men 500 nafardan ortiq ishchi o‘rin yaratganman. Jamiyatda oz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman. Xususiy ta’lim muassasamizda mehnat qilayotgan yuzlab xotin-qizlar nafaqat o‘z oilasi daromadini ta’minlamoqda, balki jamiyatimizda ayollar bandligini oshirishga ham hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, kelajak avlodimizning bilim olish sifati uchun xorijiy tajribani milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘unlashtirgan holda dars jarayonlarida qo‘llayapmiz.
2-o‘rinni Shayxontohur tumanidan “Azukar Morena” brendi asoschisi Kamola Rustamova, 3-o‘rinni esa “Asia Kandi” MCHJ ta’sischisi Dilnoza Xasanova qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan xotin-qizlar turli nominatsiyalar hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.